Buxoro viloyatida tez tibbiy yordam avtomashinasi haydovchisining ehtiyotsizligi oqibatida yo‘l chetida to‘xtab turgan Isuzu yuk avtomobilining orqa qismiga borib urilgan. YTH natijasida tez tibbiy yordam avtomashinasining haydovchisi va yo‘lovchisi voqea joyida vafot etishgan.
Toshkent hokimligi yana bir bor G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i fuqarolar dam olish joyi sifatida yashil zona bo‘lib qolishini ta’kidladi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda uning o‘rnida turar-joy majmuasi yoki biznes-markaz quriladi, degan gap-so‘zlar tarqalgan edi.
Navoiyda “O‘zsanoatqurilishbank” filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari X. Sh. vafot etdi. Unda koronavirus aniqlangan edi.
“Mahalla” jamg‘armasining Sergeli bo‘limi mansabdor shaxslari umumxalq xayriya hashari hisobidan kelib tushgan 95,8 mln so‘mni talon-taroj qilgani aniqlandi. Ularga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Koronavirus holatlari 128 taga ko‘payib, jami 10587 nafarga yetdi. Yangi holatlarning 112 nafari Toshkent shahrida, 11 nafari Qoraqalpog‘istonda, 2 nafardan Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida hamda 1 nafari Toshkent viloyatida aniqlandi. Shundan 34 nafari aholi orasida qayd etildi.
Farg‘ona viloyati Qirg‘izistonning Botken viloyatiga koronavirus testlari va tibbiy asbob-uskunalarni o‘z ichiga olgan gumanitar yordam yubordi.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan 79 yoshli toshkentlik bemor (erkak kishi) o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Ta’kidlanishicha, u shifokorlarga murojaat qilmasdan bir hafta davomida uyida davolangan. COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 39 nafarga yetdi.
2019 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi savdo aylanmasi o‘tgan 5 yil davomida eng yuqori natija — 2,7 mlrd dollarni tashkil etdi. 6−7 iyul kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Seulga amaliy tashrifi davomida yangi kelishuvlarga erishildi.
Amerikancha futbol jamoasi “Kanzas-Siti Chifs” a’zosi Patrik Maxoums sport tarixidagi eng yirik shartnomani imzoladi. Shartnoma qiymati 503 mln dollar bo‘lib, 10 yil muddatga tuzildi.
Jizzax viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar soni ortib borayotgani sababli Jizzax shahrida karantin choralari kuchaytiriladi. Xususan, shaharga kirish va chiqishda ko‘shimcha postlar tashkil etiladi, avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishi cheklanadi.
Jizzax shahar hokimligi xodimida koronavirus aniqlangani sababli hokimlik binosi karantinga olingan. Ayni paytda hokimlik xodimlari o‘z ishlarini masofadan turib davom ettirishmoqda.
Moliya vazirligi kuzatuv kengashlaridagi mustaqil xorijiy direktorlar orqali davlat banklari ustidan nazoratni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Moliya vaziri Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, ba’zi banklar «tushunarsiz sharoitlarda» katta kreditlarni tasdiqlashgan.
Chilonzorda joylashgan «Tashkent Trade Center» (Abu Saxiy) savdo markazi ma’muriyati ishchilari va u yerda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Savdo markazi vaqtinchalik yopildi.
AQSH hukumati 2020 yil kuzgi semestrda to‘liq onlayn bo‘lgan o‘quv muassasalari va dasturlarga qabul qilingan F-1 va M-1 vizasiga nomzod talabalarga viza berishni vaqtinchalik to‘xtatdi. Hozirda AQSHda bunday dasturlarda ta’lim olayotgan talabalar mamlakatni tark etishlari yoki qonuniy maqomda qolish uchun yuzma-yuz o‘qitiladigan o‘quv muassasasiga o‘tish kabi boshqa choralarni ko‘rishlari kerak bo‘ladi.
Koreya Respublikasidan ta’tilga kelib, charter reys orqali Seulga qaytgan fuqarolardan birida koronavirus aniqlandi.
Namangan viloyat SEOM mansabdor shaxslarining dezinfeksiya vositalarini aslidan qimmat narxlarga sotib olib, 248,9 mln so‘mni talon-taroj qilgani aniqlandi. Avvalroq Navoiy va Buxoro viloyat SEOM mansabdorlari ham xuddi shu yo‘l bilan jinoyat sodir etgan edi.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan 61 yoshli samarqandlik bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 38 nafarga yetdi.
Koronavirus bemorlari soni 97 nafarga ortib, jami 10459 kishini tashkil etmoqda. Yangi holatlarining 35 nafari Karantin markazida, 59 nafari Toshkent shahrida va 3 nafari Qoraqalpog‘istonda aholi orasida aniqlangan.
O‘zbekistonda aniqlangan koronavirus holatlarining kunlik o‘sishi 342 tani tashkil etib, rekord yangilandi. Jami holatlar soni 10362 taga yetdi. 115 ta holat aholi orasida qayd etildi.
Toshkentda koronavirus aniqlangan 86 yoshli ayol hayotdan ko‘z yumdi. O‘zbekistonda COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 37 nafarga yetdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting