15 iyundan boshlab O‘zbekiston xalqaro aviaqatnovlarni tiklaydi (reyslar “yashil”, “sariq” va “qizil” ga bo‘linadi). Chet elga ish, o‘qish, davolanish va boshqa maqsadlarda chiqish mumkin.
O‘zbekistonda kun davomida 128 kishida koronavirus aniqlanib, jami holatlar 4869 taga yetdi. Yangi holatlar karantin muassasalari, Toshkent shahri, Buxoro, Toshkent va Samarqand viloyatlarida qayd etildi.
Toshkentning Olmazor tumaniga yaqin hududda 150 ming aholiga mo‘ljallangan yo‘ldosh shaharcha va sanoat zonasi quriladi. “Chorsu bozori”, Zarqaynar, Sag‘bon, Sebzor, Qorasaroy, Go‘zalbog‘ va boshqa ko‘cha-mahallalarda, jami 482 gektar maydonda zamonaviy turistik, savdo va dam olish maskani — “ochiq osmon ostidagi muzey” barpo etiladi.
Prezident Talabalar shaharchasida barpo etilgan Innovatsion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi. «Mamlakatimiz yuqori texnologik sohalar bo‘yicha dunyodan ortda qolib ketgan», — dedi va vazirlik yil yakuniga qadar aniq amaliy natijalar ko‘rsatishi kerakligini ta’kidladi.
Toshkentdagi Talabalar shaharchasidagi Matematika institutining yangi binosiga tashrifida ushbu fanni eski uslubini tanqid qilib, matematikada raqobat muhitini yaratish maqsadini qo‘ydi. Endilikda Matematika instituti bolalar bog‘chalari, maktablar va OTMlarda matematikani o‘qitishni muvofiqlashtiradi.
O‘zbekistonda pandemiya sharoitida futbol uchrashuvlarini o‘tkazish uchun bir qator vaqtinchalik talablar qo‘yildi. Jumladan, maydonga tupurish, qo‘l berib ko‘rishish, jamoa bo‘lib golni nishonlash kabilar taqiqlandi.
Future of Gaming onlayn-taqdimotida Sony kompaniyasi yangi Playstation 5 o‘yin konsolini taqdim etdi. Yangi konsol Dualsense o‘yin qurilmasi (geympad), pult, quloqchin, kamera va geympadlar uchun dok-stansiyaga ega. Shu bilan birga, kompaniya yangi o‘yinlar treylerini ham namoyish etdi.
Toshkent viloyatining Chirchiq shahri «qizil» hududga kiritildi. Barcha blok-postlarda nazorat kuchaytirilgan.
Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobir Islamovga yangi tashkil etilgan Geologiya fanlari universiteti rektori vazifasini bajarish yuklatildi. U rektorlik faoliyatini qo‘mita raisligi bilan bir vaqtda bajaradi.
O‘zbekistonda yana 18 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlanib, jami holatlar 4837 taga yetdi. Yangi holatlarning 16 tasi Toshkentda, 2 tasi esa Litvadan Chinozdagi chegara posti orqali kirib kelgan yuk tashuvchilarida qayd etildi.
“Aeroflot”, “Sibir”, Turkish Airlines, Fly Dubai, Korean Air, Asiana i Air Astana va boshqa aviakompaniyalar cheklovlar olib tashlanishi bilan O‘zbekistonga aviaqatnovlarni qayta yo‘lga ko‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlar soni 63 nafarga ortib, jami 3700 kishiga teng bo‘ldi. Hozirda Respublika bo‘ylab shifoxonalarda 1100 bemor davolanmoqda, ularning 12 nafarini ahvoli og‘ir, 2 nafariniki esa o‘ta og‘ir ahvolda, deb baholanmoqda.
O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Turkmanistonga tutash hududlarida «Qo‘ng‘irot» va «Do‘stlik» erkin savdo zonalari tashkil etilishi mumkin. ESZlarning faoliyat muddati 30 yilga mo‘ljallanib, uning ishtirokchilariga soliq imtiyozlarini taqdim etish ko‘zda tutilgan.
Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universiteti tomonidan qiymati 11,9 million dollarlik uchta loyiha amalga oshiriladi. Mazkur universitetda talabalar amaliyotga maksimal tarzda yo‘naltiriladi va Koreyada o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
2020 yilgi maktab bitiruvchilari OTMlarga hujjat topshirayotganda attestatni taqdim etishlari shart bo‘lmaydi. Baholar elektron bazaga to‘liq kiritilib, attestatlarga QR-kod qo‘yiladi.
Poytaxtning Yakkasaroy tumanida “Suvsoz” kompaniyasining ikki ishchisi kommunikatsiya qudug‘ida zaharli gazdan vafot etdi
Dam olish kunlari respublika hududida issiq va quruq ob-havo hukmron bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzi harorat 35−37 darajagacha ko‘tarilib, tunda 18−20 daraja atrofida bo‘ladi.
Xorazmda bir guruh ayollar tomonidan “samosud” amalga oshirildi. Jabrdiyda ulardan birining oilasi bo‘lgan o‘g‘li bilan birga yashab kelayotgani va o‘rtada bir farzandi borligi ma’lum bo‘ldi.
Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdorligini bildirdi va ikki mamlakt o‘rtasidagi munosabatlarni «uzoqdagi qarindoshdan, yaqindagi qo‘shni yaxshi», deya ta’rifladi.
3,4 magnitudalik zilzila Qirg‘izistonda sodir bo‘lib, uning ta’siri (2 ball) Andijon shahrida sezildi. O‘zbekistonning boshqa hududlarida yer silkinishi qayd etilmadi. Talofatlar va jabrlanganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting