Senatorlar haydovchilarni tayyorlash, imtihonlar o‘tkazish va guvohnomani berish tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Avtoraqamlarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, berish, ulardan foydalanish yoki qalbakilashtirish ham jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Prezident Nukus va Namangan davlat texnika universitetlari tashkil etish to‘g‘risidagi qarorlarni imzoladi. Universitetlarda yuridik shaxs maqomisiz Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
“O‘zfarmsanoat” davlat-aksiyadorlik konserni “tugatish komissiyasi” raisi lavozimida ishlagan Mirzanozim Dusmuratov “Dori-Darmon” AK boshqaruv raisi etib saylandi.
Janubiy Koreya prokuraturasi prezident Yun Sok Yolga 3-dekabr kuni harbiy holat joriy etgani sababli isyonga rahbarlik qilishda ayblov qo‘ydi. Shuningdek, u asosiy siyosiy arboblarni qamoqqa olishni rejalashtirganlikda ham ayblanmoqda.
Sherxon Allamurotov Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumani hokimi bo‘ldi. U bunga qadar tuman IIB boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritgan.
Uchtepa tumanidagi tikuvchilik korxonasining omborida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa 4 soatda bartaraf etildi. FVBga ko‘ra, yong‘in sababi va keltirilgan moddiy zarar aniqlanmoqda.
Izzatulla Ziyavidenov Toshkent shahri hokimining yordamchisi etib tayinlandi. Mazkur lavozimda u Boburjon Abdurahimov o‘rnini egalladi.
O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Yoqubboyev nufuzli Tata Steel Chess turnirida hindistonlik shaxmatchi ayol Rameshbabu Vaishali bilan qo‘l berib ko‘rishishdan bosh tortgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘ldi. U diniy sabablarga ko‘ra boshqa ayollarga teginmasligini tushuntirdi.
Bogota deport qilingan kolumbiyaliklarni harbiy samolyotlarda qabul qilishdan bosh tortgach, AQSh va Kolumbiya savdo urushini boshlashiga bir baxya qoldi. Tramp javoban mamlakatga tariflar va sanksiyalar bilan tahdid qildi. Keyinroq Oq uy Kolumbiya migrantlarni “cheklovlarsiz” qabul qilishga rozi bo‘lganini aytdi.
2024-yilda O‘zbekistonda 4900 dan ortiq mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi, bu 2023-yilga nisbatan 37,2 foizga ko‘p. Ular davlat va jamiyat manfaatlariga 3,6 trln so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,3 barobar ko‘proq zarar yetkazdi.
O‘zbek-qozoq chegarasidagi “Navoiy” — “Qoplonbek” chegara bojxona posti qayta qurilishdan so‘ng ochildi. U 2022-yilning noyabrida modernizatsiya ishlari sabab yopilgandi. Post yonida avtoturargoh qurildi, xalqaro yo‘nalishdagi avtotransportlar uchun elektron navbat tizimini yo‘lga qo‘yish ham kutilmoqda.
Seshanba kuni ayrim hududlarda yog‘ingarchilik kuzatiladi. Chorshanbadan sovuq havo massalari butun respublikaga tarqala boshlaydi, qor va yomg‘ir yog‘adi. Harorat kechasi 0…-8, kunduzi 0…+5 darajagacha pasayadi.
Qoraqalpog‘iston va Qozog‘iston o‘rtasidagi “Tajen” — “Dovut ota” chegara o‘tkazish punktlarida harakatlanish 1-fevraldan vaqtincha to‘xtatiladi. Uch oy davomida ta’mirlash ishlari olib boriladi. Cheklov ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarga tatbiq etilmaydi.
Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etiladi. Universitetda ta’lim jarayoni Turkiya oliy ta’lim tashkilotlarining o‘quv dasturlari asosida olib boriladi.
Yunusabad Residence ajoyib aksiya e’lon qilmoqda. Endilikda turar joy majmuasidan xonadon xarid qilgan har bir mijozga Hofmann brendidan 10 ta maishiy texnika to‘plami sovg‘a qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni bo‘lib o‘tgan prezident saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi. O‘zbekiston prezidenti saylov natijalari Belarus xalqi amaldagi prezidentga yuksak ishonch bildirayotgani va islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotgani tasdig‘i ekanini ta’kidladi.
Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva JSTga a’zo bo‘lishdan yakuniy maqsad xalq farovonligini ta’minlash, munosib ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiyot boshqaruvini samaraliroq tizimga o‘tkazish ekanini ta’kidladi. U tashkilotga a’zo bo‘lish uchun harakat 2025-yilda ham katta sur’atda davom ettirilishini aytdi.
Belarus Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1994-yildan beri hokimiyat tepasida turgan Aleksandr Lukashenko prezidentlik saylovlarida 86,82% ovoz to‘plagan. Bu uning yettinchi muddati bo‘ladi. YeI rasmiylari saylovlarni soxta deb atadi va ular “erkin va adolatli” bo‘lmaganini aytdi.
Farg‘onaning Qo‘qon shahrida fuqaroni Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishini aytib, undan 12 ming dollar olgan shaxs ushlandi. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.
2024-yilda Toshkent metrosi 270,3 million yo‘lovchini tashidi, 2023-yilgiga qaraganda 98,3 million kishiga ko‘p.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting