Farg‘ona viloyati Quva tumanida boshqaruvni yo‘qotgan Lacetti qarshisidan kelayotgan VAZ-2101 bilan to‘qnashdi. Oqibatda “Jiguli” haydovchisi voqea joyida halok bo‘ldi. Yana bir haydovchi va yo‘lovchi shifoxonaga yotqizildi.
24-avgust kuni Buxoroda Bukhara Night Race xalqaro tungi poygasi bo‘lib o‘tadi. O‘tgan yili unda dunyoning 20 davlatidan 1600 dan ortiq sportchi qatnashgandi. Bu yil ikki barobar ko‘proq ishtirokchi kutilmoqda.
Senatning 54-yalpi majlisi 10-iyul kuni chaqiriladi. Senatorlar Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish, Turkmaniston va Turkiya bilan tuzilgan bitimlarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni ko‘rib chiqadi. Shuningdek, ekologiya sohasiga oid parlament so‘rovi natijalari tinglanadi.
Andijon shahrida Cobalt haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan voyaga yetmagan qizni urib yubordi. Jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizildi.
Shavkat Mirziyoyev va Xitoy parlamenti rahbari Chjao Letszi Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda XXR O‘zbekistonning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashi, mamlakatlarning ta’lim sohasidagi hamkorligi kabi masalalarni muhokama qildi.
Tojikistonda soat 18:04 da sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryo viloyati tumanlarida ham sezildi (2−3 ball).
Open Budget tarkibidagi “Mening bog‘im” loyihasining 1-mavsumida 215 ta tashabbus g‘olib bo‘ldi. Ularni moliyalashtirishga 48,6 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Rossiyaning Ukraina shaharlariga uyushtirilgan keng ko‘lamli raketa hujumi oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, 65 dan ortiq kishi jarohatlandi. Kiyevda mamlakatdagi eng yirik bolalar shifoxonasiga jiddiy zarar yetdi.
O‘zbekistonda olti oyda 550 mlrd 290 mln so‘mlik gaz va elektrdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi. O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 4537 ta iste’molchi qoidabuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ygan.
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov ishchi guruh bilan birga Yunusobod tumanidagi Sobirobod mahallasiga bordi va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Hokim do‘konlardan biriga kirib, sifati buzilgan mahsulotlar va yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilinmayotganidan noroziligini bildirdi.
Xatirchida 8 yoshli qizning vafotiga sabab bo‘lgan YTH ortidan 2 haydovchi qamoqqa olindi. Ikkisi ham yo‘lda bir-birini quvib o‘tishga uringan. Ulardan biri olti oyda 12 marotaba tezlikni oshirib haydagan. Piyodalar o‘tish joyiga esa pul ajratilmagani sababli tugmali svetofor qurilmasi o‘rnatilmagan bo‘lgan.
So‘l partiyalarning “Yangi xalq fronti” koalitsiyasi Fransiyadagi parlament saylovlarining ikkinchi bosqichida g‘alaba qozonib, 182 o‘rinni qo‘lga kiritdi. Birinchi turda g‘alaba qozongan o‘ta o‘nglar uchinchi bo‘ldi.
Shohruxmirzo Mamajonov Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u SSV Fan-ta’lim va innovatsiyalar boshqarmasi Malaka oshirish va qayta tayyorlash bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Hukumat avtomobillar uchun ekostikerlar joriy qilish vaqtini o‘zgartirdi. Ularni chiqarish 1-iyundan boshlanishi rejalashtirilgandi, biroq 2025-yilning 1-martiga qoldirildi.
O‘zbekistonda seshanbadan havo harorati ko‘tarilib, ish haftasi oxirigacha +35…+39 daraja atrofida bo‘ladi. Tog‘li hududlarda 12-iyulgacha qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Raqobat qo‘mitasi Maxam-Chirchiq mahsulotlari narxini belgilashda me’yoriy hujjatlarga rioya etilmagani uchun mineral o‘g‘itlar narxi 10−15 foizga oshganini ma’lum qildi. Korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Samarqand shahridagi qurilish maydonida 4 tup qimmatbaho va 1 tup kam qimmatli daraxtlar ildiz qismi bilan qazib tashlab, yo‘q qilindi. Holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Yandex Uzbekistan kuzda mamlakatdagi biznesini rivojlantirish va xizmatlarni kengaytirish maqsadida Toshkentda ofis ochishni reja qilmoqda. Kompaniya o‘zbekistonlik dasturchilar uchun IT-amaliyot dasturini ham ishga tushiradi.
Angren shahrida 157 km/soat tezlikda harakatlangan haydovchi 3,4 mln so‘m jarimaga tortildi. U “bunday tezlikda haydash mumkin emasligini bilmaganini” aytdi. U Instagram`da bolalar yo‘lda nobud bo‘layotgani haqidagi izohlarga javoban ularning taqdiri tug‘ilgunga qadar belgilab bo‘linganini ta’kidlagandi.
1-sentabrdan boshlab haydovchilar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarima yuzasidan shikoyat qilishlari mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting