Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq”ni o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qildi. Unda restoran, xonadonlarda “Bitiruv oqshomi”ni o‘tkazish, sovg‘aga pul yig‘ish, bayramga qimmat kiyim sotib olish, yengil mashinalarda sayr, guruh bo‘lib bog‘ va suzish joylariga borish taqiqlanadi.
To‘raqo‘rg‘on tumanida KamAZ haydovchisi 6 yoshli bolani urib yubordi. Oqibatda bola shifoxonada vafot etdi. “Kenja farzandim edi, bog‘chada ham juda dono edi. Hech kimning boshiga bu tashvish tushmasin”, — deydi marhumning otasi.
Yakkasaroy tumanida Matiz (taksi), Lacetti, Spark va Isuzu to‘qnashdi. Oqibatda Matiz ag‘darilib ketdi, 2 kishi jarohat oldi.
Farg‘onaning Qo‘shtepa tumanida meva-sabzavotlarni saqlash muzlatgichidagi xatolik sabab korxonaning 716 mln so‘mlik elektr energiyasi iste’moli hisobga olinmagani ma’lum bo‘ldi. Qoidabuzarga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli organlarga taqdim etildi.
“Xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish natijasida qiz bolani o‘qitmaslik, uyda o‘tirishi kerak, degan stereotiplarga barham berilmoqda”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva Samarqanddagi Osiyo xotin-qizlari forumida. Uning ta’kidlashicha, qizlar ilg‘or sohalarga faol kirib kelmoqda.
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida bir nechta fuqarolar o‘zaro til biriktirib, 19 kishi nomiga avtokredit rasmiylashtirgani, ammo ularga mashina olib bermay, 6,3 mlrd so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
14-may kuni xristianlik dinining ota-onalarni xotirlash tadbirlari o‘tkazilishi sabab Toshkent shahridagi 3-sonli qabriston tomon 2 ta bir kunlik avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi. Bu uchun 8 ta MAN avtobuslari ajratiladi, ular 7:00 dan 18:00 gacha harakatlanadi, yo‘lkira haqi — 5 ming so‘m.
Qozog‘istonda turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ldirganlikda ayblangan sobiq iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev ishi bo‘yicha hukm chiqarildi. Sud uni aybdor deb topib, 24 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Jarayon ikki oy davom etdi hamda mamlakat ichida va xorijda keng rezonansga sabab bo‘ldi.
O‘zbekistonning 15 ta chekka hududida IT-shaharchalar tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda yoshlar IT, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga bepul o‘qitiladi. “Shiddat bilan o‘zgarayotgan davrda hamma sohaga axborot texnologiyalarini biladigan kadrlar kerak”, — dedi prezident.
Hozirda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga 37 ta yo‘nalish bo‘yicha 196 ta avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan va yil boshidan buyon 173 ming yo‘lovchi tashilgan. Transport vazirligi yil oxirigacha yana 10 ta yangi xalqaro avtobus yo‘nalishi ochilishini ma’lum qildi.
O‘tgan oyda Ukraina havo mudofaasi kuchlari Rossiya tomonidan uchirilgan raketalarning atigi 30 foizini urib tushirdi, deb yozdi The Wall Street Journal. Ko‘rsatkich so‘nggi yarim yilda 46 foiz, undan avvalgi mos davrda 73 foiz bo‘lgan. Nashr mamlakatda Patriot tizimi uchun o‘q-dorilar tugayotganini qayd etdi.
Aprel oyida Toshkentda ikkilamchi uy-joy narxlarining o‘sishi tezlashdi. Martda o‘rtacha narx atigi 0,2 foizga oshgan bo‘lsa, aprelda ko‘rsatkich mos ravishda 1,1 foizga oshdi. Yillik hisobda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi qariyb 13 foizga ko‘tarildi.
O‘zbekistonda ko‘mir qazib olish hajmini 2024-yilda 8 mln tonnaga, 2025-yilda esa 10 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Ko‘rsatkich 2016-yilda 4 mln tonnadan kam, 2023-yilda esa 6,5 mln tonna bo‘lgan. Avvalroq prezident ko‘mir qazib chiqarish hajmini 22 foizga oshirish bo‘yicha topshiriq bergandi.
O‘zbekiston Janubiy Koreya hukumati bilan uzoq muzokaralar o‘tkazib, o‘zbekistonliklarni mavsumiy ishlarga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 2021-yilda Koreya ko‘plab fuqarolar mehnat shartnomalarini buzgani va belgilangan muddatda mamlakatni tark etmagani uchun ishga qabul qilishni to‘xtatgandi.
Jurabek Laboratories “Dok-1 Maks”dan jabrlanganlarga 75 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni 3 yil ichida to‘lab berishga tayyorligini bildirdi. Buning evaziga Farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari Sardor Kariyevni ozodlikka chiqarishni so‘ramoqda.
1−2-iyun kunlari Zomin milliy tabiat bog‘ida Zaamin Ultra 2024 xalqaro ultramarafoni bo‘lib o‘tadi. Yugurish masofalari 2, 10, 21 va 50 kilometrni tashkil qiladi.
Yil boshidan buyon Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 13,3 mingdan ortiq mehnat qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlangan. Asosan maktab va bog‘chalarda huquqbuzarliklar soni ortgan. Qariyb 2700 nafar mansabdor shaxs jarimaga tortilgan, shundan 166 ta ish huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
O‘zbekiston va OTB o‘rtasida 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan dasturni amalga oshirish bo‘yicha hujjat imzolandi. Hamkorlik energetika, transport, suv ta’minoti, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi sektori va tabiiy resurslarni boshqarish, moliya, davlat boshqaruvi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini qamrab oladi.
Chilonzor tumanida BYD Han avtomashinasini guvohnomasiz boshqargan 22 yoshli haydovchi YPX inspektorini qasddan urib yubordi. Xodim ikkala son suyagi sinishi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizildi.
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg) Ostonada o‘tgan “Katta dubulg‘a” turnirida oltin medalga ega chiqdi. U o‘z vazni doirasidagi sportchilarning dunyo reytingida 18-o‘rinda bormoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting