Yerevanda fuqarolik itoatsizligi aksiyalari boshlandi. Namoyishchilar Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilib, Ozarbayjonga hududiy yon berishlariga qarshi chiqmoqda.
Hukumat Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. U Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va gaz bozorini tartibga solish bo‘yicha funksiyalarga ega bo‘lmaydi.
Toyloq tumanida 15 yoshli qiz o‘zi bilan yaqin munosabatda bo‘lgan 18 yoshli yigitdan farzand ko‘rdi. Holat yuzasidan 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda Xitoyda bo‘lgani kabi kanakunjut qurtini parvarishlab, undan ipak olish usuli yo‘lga qo‘yiladi. Prezident O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga kanakunjut o‘simligi va qurti urug‘larini olib kelib, sinov ishlarini boshlashni topshirdi.
2024-yilning yanvar-mart oylarida 58 ming nafar, aprelda 57 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat migratsiyasidan qaytib keldi. Yil oxirigacha yana 250−300 ming nafar o‘zbekistonlik mamlakatga qaytishi prognoz qilinmoqda. Prezident qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish yuzasidan topshiriq berdi.
Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda “Sayxunobod tajribasi” doirasidagi ishlarda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun tuman darajasidagi 382 nafar mas’ul ishdan olingani ma’lum qilindi. Shuningdek, mazkur tajriba orqali aprel oyida 365 ming aholi bandligi ta’minlangani bildirildi.
“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi rahbari Bahodir Sidiqov O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi etib saylandi. Bungacha sport tashkilotiga Mehriddin Abdullayev rahbarlik qilgan, u ham 2023-yilning martigacha “O‘zbekneftgaz”ni boshqargan.
Xitoyning Universal Energy kompaniyasi Samarqand va Jizzax viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasini quradi.
O‘zbekiston hududlarida uy-joylarni sinov tariqasida renovatsiya qilish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Misol tariqasida Toshkentning Oqtepa massividagi loyiha keltirilgan. Renovatsiya to‘g‘risidagi qonunni iyun oxirigacha ishlab chiqish belgilandi.
Podpolkovnik Ikromjon Tursunov Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Ushbu lavozimda u 2023-yilning fevralida tayinlangan Mirjamol Miralimov o‘rnini egalladi.
Shanba kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘adi, harorat +19…+23 daraja atrofida bo‘ladi. Yakshanbada esa respublikaning katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, harorat +28 darajagacha ko‘tariladi. Joylarda chang-to‘zonli shamollar kuzatilishi mumkin.
Apple o‘zining navbatdagi taqdimotida yangi modeldagi planshetlar — iPad Air va iPad Pro`ni namoyish etdi. Ularning yangi modellari diagonali 11 va 13 dyuymli bo‘ladi. 13 dyuymli model kompaniya tarixidagi eng ingichka qurilmaga aylandi — 5,1 mm. Batafsil.
Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan reydda veterinariya hujjatlarisiz 1015 kilogramm mol go‘shti aniqlandi. Ular iste’molga yaroqsiz ekani ma’lum bo‘lgach, belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
O‘zbekistonda 2023-yil boshidan 2024-yil mayigacha samolyotlarga lazer nurlarining yo‘naltirilishi bilan bog‘liq 16 ta holat qayd etildi. Lazer nurlari odamni ko‘r qilishi, shuningdek, yo‘lovchilar va samolyot ekipaji a’zolarining hayoti hamda sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin.
O‘zbekiston prezidenti Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi boyovutlik otaxon bilan suhbatlashib, uning iltimosiga binoan otaxonga uy sovg‘a qilishni Sirdaryo viloyati hokimiga topshirgandi. Viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev otaxonga Guliston shahridan uy sovg‘a qilib, kalitini topshirdi.
O‘zbekiston elchixonasi Dehli aeroportida 5 kg oltin bilan qo‘lga olingan o‘zbekistonliklar tergovini nazoratga oldi. Diplomatik missiya vaqtincha hibsga olingan fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazish choralarini ko‘rmoqda.
Sergeli tumanidagi avtotyuning ustaxonasi qarshisida yuqori tezlikda harakatlangan Kia haydovchisi 27 yoshli piyodani urib yubordi. Fuqaro shifoxonada vafot etdi. Tarmoqlarda piyoda ikki mashina o‘rtasida uyushtirilgan poyga yo‘lagiga tushib qolganini ko‘rish mumkin.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Rossiya prezidenti bilan uchrashuvda “Krokus”dagi terakt tojik xalqi imijiga jiddiy zarba bo‘lganini bildirdi. Rahmon terrorizmning millati va dini yo‘qligini, bu global muammo ekanini ta’kidladi.
Xitoyda 2024 Chery International Business Conference bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniya vakillari yangi “Jamoatchilik farovonligi va ESG amaliyotlari” loyihasini taqdim etdi.
9-may kechqurun poytaxtdagi “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘ida mushakbozlik namoyishi bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting