Andijon shahrida qiymati 8 mlrd 215 mln so‘m bo‘lgan yerosti o‘tish yo‘li qurilishi reja qilinmoqda. Ayni paytda Xo‘jaobod tumanida ham 4,9 mlrd so‘mlik yerosti o‘tish yo‘li qurilyapti.
Migratsiya agentligi Moskvadagi terakt fonida Rossiyaga borayotgan va u yerda yashayotgan o‘zbekistonliklardan kuchaytirilgan xavfsizlik choralariga amal qilishni so‘radi. Agentlik, shuningdek, “Gazeta.uz”ga “O‘zbekistonliklarga patent bermayapti, chiqarib yuboryapti, degan gaplarning ko‘pi rost emas”ligini bildirdi.
IIBB Uchtepa tumanida 26 nafar tilanchilik bilan shug‘ullanib yurgan ayolni aniqlandi. Ularning 13 nafar yosh farzandi ijtimoiy-huquqiy yordam markaziga joylashtirildi. Ayollarning ayrimlari pul topish uchun o‘zgalarning yosh farzandini ijaraga olgani aniqlandi. Fuqarolarga profilaktik tushuntirish berildi.
2020-yildan buyon Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi sifatida ishlab kelgan Manish Prabxat mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunladi.
Dunyo bo‘ylab yoshlar saratonga chalinish ehtimoli ko‘paymoqda va 2030-yilga kelib erta onkologiya holatlari yana 30 foizga oshishi kutilmoqda. Olimlar bu tendensiyani hali tushuntirib bera olmaydi va eng ehtimoliy omillar — semirish va saraton kasalligining erta skriningi to‘liq tasvirni ochib berolmaydi.
17−19-aprel kunlari Ostonada Automechanika Astana xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Unda 20 ta mamlakatdan avtomobil komponentlari va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish mahsulotlari namoyish etiladi.
Uchta hududda arxeologik yodgorliklarga qariyb 30 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi. Xususan, V-VII asrlarga oid Kattatepa yodgorligi molxona qurish uchun buzilgan, Badaxshontepa obyekti ekin maydoniga aylantirilgan va Tolmozortepa texnika yordamida tekislab yuborilgan.
Buxoro viloyati teatriga ketayotib YTHga uchragan maktab o‘quvchilari avtobus haydovchisidan tezlikni oshirmaslikni bir necha bor so‘ragan. YTH oqibatida bir o‘quvchi voqea joyida, bir qiz esa shifoxonada vafot etgan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, bolalar nima bo‘lganini eslarkan, kuchli stressni boshdan kechirgan.
Toshkentda fuqarolardan 6,1 mlrd so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan avtosalon egalari 8−9 yilgacha qamaldi. Ular xaridorlarni qabul qilishda GM Uzbekistan bilan shartnoma tuzgani va mashinalarni 3 oyda avtosalondan chiqarib berishini aytgan.
“20 000 00 00” mobil raqami auksionda rekord darajadagi 1,07 milliard so‘mga (85 ming dollar) sotildi. Auksionda 10 nafar talabgor ishtirok etib, 87 ta taklif kiritdi, shu bois raqamning boshlang‘ich bahosi 5 barobarga oshdi.
Hukumat qarori bilan Toshkent shahri va viloyatlar binolaridagi 160 ga yaqin mozaik pannolar Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritildi. Bungacha ko‘plab mozaikalar bo‘yab tashlangan, qolganlari reklama bannerlari bilan qoplangan edi.
Xitoy Pop tumanida joylashgan Pungan qishlog‘i va Namangan shahri o‘rtasidagi yo‘lni rekonstruksiya qiladi va kengaytiradi. Prezident loyihani ma’qullab, bu “Yangi O‘zbekistonga yangi yo‘l” bo‘lishini ta’kidladi. Uni amalga oshirish 2013-yildan beri rejalashtirilayotgan, biroq 2016-yilda to‘xtatib qo‘yilgan edi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari JCh-2026 ikkinchi saralash bosqichi javob uchrashuvida Gonkong terma jamoasini mag‘lub etdi. Shu tariqa O‘zbekiston turnirning uchinchi saralash bosqichiga yo‘l oldi (video, foto).
Prezident Namangan xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi. O‘tgan yili uchib kelish terminali rekonstruksiya qilingandi. Quvvatni yana 3 barobar oshirish rejalashtirilgan. Yuk terminali, umumiy ovqatlanish va yoqilg‘i quyish majmualari qurish ko‘zda tutilgan.
ANORBANK tez daromad olish istagida bo‘lganlar uchun xorijiy valyutadagi Premiere omonatini taklif etadi. Bank vakillari nega aynan Premiere omonatini tanlash kerakligi haqida so‘zlab berishdi.
Boeing rahbarlari kompaniyaning eng katta inqiroziga olib kelgan samolyotlar xavfsizligi bo‘yicha bir qator mojarolardan so‘ng iste’foga chiqadi. So‘nggi baxtsiz hodisa yanvar oyida bo‘lgan: Alaska Air aviakompaniyasining 737 MAX 9 samolyotidagi eshik paneli parvoz paytida chiqib ketgandi.
24 yoshli jizzaxlik yigit Suriyadagi terrorchilar safida jang qilib, jiddiy jarohatlangani ortidan O‘zbekistonga deport qilingandi. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
O‘zbekiston Yaponiyada o‘tadigan Expo Osaka 2025 Butunjahon ko‘rgazmasida ishtirok etadi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi milliy pavilon qurilishi boshlanganini ma’lum qildi. Shuningdek, 2024-yilda Tadao Ando loyihasi bo‘yicha Davlat san’at muzeyi uchun yangi bino qurilishi boshlanadi.
Xitoyning China Mining Energy Group kompaniyasi Namangan viloyati Chust tumanida mis rudalarini qazib olish va qayta ishlashni rejalashtirmoqda. Loyiha qiymati 200 million dollarga baholanmoqda.
Prezident Namangandagi yig‘ilishda viloyatning Qamchiq dovoniga yaqin hududida logistika markazini tashkil etish va Nanay qishlog‘idagi sobiq “Karvon” bojxona nazorat maskani faoliyatini tiklash topshirig‘ini berdi. Shuningdek, Namangan xalqaro aeroportidagi bo‘sh maydonda yuk terminali ishga tushiriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting