Qozog‘istonning Aqmola viloyatida sovuq havoda nosoz avtobusda qolib ketgan 27 nafar o‘zbekistonlik, jumladan, 12 nafar bola evakuatsiya qilindi. Avvalroq Kazinform agentligi ularning soni 64 nafar ekani haqida ma’lumot bergandi.
Yaponiya iqtisodiyoti kutilmaganda inqirozga yuz tutdi. Bu esa Germaniya dunyoning yirik iqtisodiyoti bo‘yicha 3-o‘ringa ko‘tarilib olishiga sabab bo‘ldi. Kunchiqar mamlakatdagi iqtisodiy pasayish oziq-ovqat, yoqilg‘i va boshqa tovarlar narxining oshishi tufayli ichki iste’molning zaiflashuviga olib keldi.
Raqamli markirovka tizimi ofisida Asl Belgisi tomonidan o‘tkazilgan super aksiya natijalari e’lon qilindi.
O‘zbekiston Xalqaro futbol federatsiyasining (FIFA) yangilangan reytingidagi o‘rnini ikki pog‘onaga yaxshiladi va 66-o‘ringa ko‘tarildi.
Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi maktab-internatga bordi. U o‘qituvchilar bilan suhbatda yuqori sinf o‘quvchilarini oliygoh dasturlariga tayyorlash, darslarda yoshlar vaqtini ketkazmay, ko‘proq amaliyotga yo‘naltirish kerakligini aytdi.
Prezident Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Asakadagi to‘qimachilik korxonasida bo‘ldi. U yerda viloyat misolida paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha axborot berildi. Tannarxni 15 foizga qisqartirish, 65 foiz qo‘shilgan qiymat yaratish rejalari ta’kidlandi.
O‘zbekiston EIU`ning global demokratiya reytingida 167 mamlakat ichida 148-o‘rinni egalladi (Xitoy bilan bir xil). Mamlakatda bir necha yildan beri demokratiya bilan bog‘liq vaziyat 10 dan 2,12 ball sifatida baholanmoqda. MOdagi boshqa davlatlar kabi O‘zbekiston ham avtoritar tuzumlar guruhida qolmoqda.
Prezident energetik xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlari bilan tanishdi. Jumladan, 1-apreldan gaz va elektr energiyasi tariflarini isloh qilish va ijtimoiy normalarni joriy etish, 49 mlrd dollarlik elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarni qayta rasmiylashtirish va boshqalar rejalashtirilgan.
16−22-fevral kunlari O‘zbekistonning tog‘li hududlari, xususan, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlarida qor ko‘chkisi bo‘lishi xavfi e’lon qilindi.
Rossiyaning Belgorod shahriga uyushtirilgan raketa hujumi oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi, 18 kishi jarohatlandi. Rossiya Mudofaa vazirligi hududda Ukraina tomonidan otilgan 14 ta raketa tutib qolinganini ma’lum qildi.
Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, deputat Odiljon Tojiyev pora bilan qo‘lga tushgan sud raisi va prokurorlarning ko‘rib chiqqan barcha materiallari ko‘tarilib, qayta ko‘rib chiqilishi shart ekanini ta’kidladi. So‘nggi vaqtlarda bunday shaxslar pora bilan qo‘lga olinayotgani xabar qilinmoqda.
Davlat mulkini xususiylashtirish tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, davlat mulkini auksion, tanlov savdolari, muzokaraga ommaviy taklif qilish, birja va boshqa yo‘l bilan xususiylashtirish mumkin. Xususiylashtirilishi mumkin bo‘lgan mulklar: ko‘chmas mulk obyektlari, davlat ulushlari, DUK va davlat muassasalaridir.
1-aprelgacha provayderlarga xalqaro internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish imkoniyatini taqdim etish reja qilinmoqda. 2020-yilda bunday monopoliyani bekor qilish maqsad qilingandi, ammo bu haligacha amalga oshmagan. Telekommunikatsiya sektori bo‘yicha mustaqil regulyator 1-sentabrgacha paydo bo‘lishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatga kirib keladigan sovuq havo oqimi piyoz narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etdi.
Farg‘ona shahrida yer maydonidagi teraklarni kestirmoqchi bo‘lgan ayol va yerning sobiq egasi o‘rtasida janjal kelib chiqdi. Oqibatda erkak tosh bilan urishi oqibatida ayol jarohat olib, shifoxonada vafot etdi. Erkak qamoqqa olindi.
Valijan Niyazimbetov Ellikqal’a tumaniga hokim etib tayinlandi. Shu paytga qadar u To‘rtko‘l tumani hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgandi.
To‘rtko‘l tumanidagi 5-sonli maktab-internatda tarbiyachi 10 yoshli qizning yuziga tarsaki tushirgani aks etgan video tarqaldi. Holat o‘tgan yilning oktabr oyida sodir bo‘lgan. Bolalar ombudsmani tarbiyachi qonun doirasida javobgarlikka tortilishi shartligini bildirdi. Tergovga qadar surishtiruv ishlari ketmoqda.
O‘zbekistonda 16−18-fevral kunlari havo haroratining keskin pasayishi sabab AGTKSHlar ish grafigiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. “Hududgazta’minot” haydovchilardan avtomobillarni yonilg‘i bilan to‘ldirib olishni so‘radi.
Yangihayot tumanidagi sanoat zonasida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan 110 ming quti tamaki mahsuloti yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilindi. Ma’lum qilinishicha, 2023-yilda ushlab qolingan noqonuniy tamakilar miqdori 2022-yilga nisbatan 3,5 barobarga oshgan.
Toshkentda velosiped va mototransport vositalarini ommalashtirish maqsadida xavfsiz va qulay yo‘l hamda yo‘laklar qurish, ular uchun alohida svetoforlar, belgilar va yoritish moslamalarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Mototransportlarni xarid qilish uchun narxining 25 foizigacha subsidiyalar berilishi ham mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting