O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida tuzilgan bayonnomaga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, fuqarolar mamlakatga kirish/chiqish, tranzit o‘tish va 15 kun muddatga o‘zlari bo‘lib turgan davlatda ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod etildi. Mazkur qoida yanvar oyidan kuchga kirgan.
Qamchiq dovonida DAF va Isuzu yuk mashinalari to‘qnashdi. Oqibatda ikkala haydovchi va uch yo‘lovchi voqea joyida vafot etdi. DAF yuk transport vositasiga ortilgan bir qancha yengil avtomobillar pastlikka tushib ketdi.
Savdo-sanoat palatasi raisi 227−1 modda bo‘yicha tadbirkorlarga qo‘llangan jarimalar miqdorining 98 foizi hisobdan chiqarilishini ma’lum qildi. Avvalroq palata bu modda bo‘yicha 400 mlrd so‘mlik jarimani hisobdan chiqarishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini ishlab chiqqani xabar qilingandi.
Qonunchilik palatasi deputatlari — Shahnoza Xolmaxmatova va Gulruh Agzamova “soxta psixologlar” ko‘payib qolgani, ularga qarshi kurashish zarurligini ta’kidlab, bunday trenerlar faoliyatini tartibga solishga qaratilgan hujjatlarni ishlab chiqish kerakligini bildirdi.
Maktab darslariga sababsiz qatnashmayotgan bolalarning ota-onalariga ogohlantirish xatlari yuborilmoqda, unda ota-onalar farzandlarining ta’lim olishida javobgar ekani eslatilgan. Ta’lim vazirligi bunday choralarning mohiyatini tushuntirdi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan ayollarga avtobus va yuk avtomobillarini boshqarishga ruxsat etildi. Qayd etilishicha, zamonaviy avtotransport vositalarining texnik xususiyatlari ayollarga ushbu sohalarda qulay va sog‘liqlariga zararsiz mehnat faoliyatini olib borish imkonini beradi.
Ozarbayjon va Armaniston bir-birini chegara hududini o‘qqa tutishda aybladi. Bokuda bir kishi yaralangani xabar qilindi. Yerevan to‘rt arman askari halok bo‘lganini bildirdi. Bu Ozarbayjonning Qorabog‘dagi harbiy amaliyotidan buyon ikki davlat o‘rtasida yuz bergan eng jiddiy chegara to‘qnashuvi hisoblanadi.
Qoraqalpog‘istondagi Jiltirbas ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritildi. 15 yil davomida o‘rganilgan ko‘l Ramsar konvensiyasiga kiritilgan beshinchi tabiiy obyekt bo‘ldi.
DXX Sirdaryoda Milliy gvardiya bo‘limi bosh inspektori, Qashqadaryoda “Hududiy elektr tarmoqlari” bosh muhandisi, Jizzaxda “Toza hudud” bosh hisobchisi, Navoiyda esa Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi sudyasini fuqarolardan vakolatidan foydalanib, pul olgan vaqtida ushladi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Pedagoglar kasbiy sertifikat nazorat sinovida qatnashish uchun davlat xizmatlari markazlariga shaxsan borib yoki YAIDXP (my.gov.uz)da to‘ldirgan holda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ldi. Birinchi marta kasbiy sertifikat olish bo‘yicha nazorat sinovida ishtirok etish uchun talabgordan to‘lov undirilmaydi.
“O‘zbekneftgaz” rahbari Bahodirjon Sidiqov kompaniya bir hafta ichida hisob-kitoblar qilib, dizel yonilg‘isining birjaga qo‘yiladigan narxlarini 15 foizga kamaytirish choralarini ko‘rishini ma’lum qildi. Shuningdek, yonilg‘i o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlash uchun yangicha tartib o‘rnatiladi.
O‘zbekistonda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining ofisi ochildi. U yangi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida joylashgan. IUCN bosh direktori Gretel Agilar ofis va universitetning ochilish marosimida ishtirok etdi.
Bir hafta davomida O‘zbekistondagi axborot tizimlariga 32 156 ta kibertahdid uyushtirilgani aniqlandi. Ulardan eng ko‘pi hukumatga tegishli axborot tizimlariga nisbatan uyushtirilgan bo‘lib, jami ko‘rsatkichning 52,7 foizini tashkil etadi.
Uychi tumani orqali Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarini Namangan viloyati markazi bilan bog‘lovchi yangi yo‘l va Norin daryosi ustiga ko‘prik quriladi, mazkur loyihalarning umumiy uzunligi 17,5 kilometrni tashkil etadi. Ko‘prikning qiymati 53,6 mlrd so‘m bo‘lib, uning uzunligi 482 metr bo‘ladi.
Shanba kuni Yunusobod tumanidagi 259-maktabning futbol maydoni oldidan hushsiz holda topilgan 3-sinf o‘quvchisi shifoxonada vafot etdi. Holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
2023-yilda Toshkent shahrida YTHlar oqibatida 95 kishi halok bo‘ldi, ulardan 10 nafari — bolalar. 1248 kishi (235 bola) jarohat oldi, xususan, 10 nafari umrbod nogiron bo‘lib qoldi. Poytaxt prokurori fuqarolarga murojaatida shaharda yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ayanchli vaziyat haqida gapirdi.
TATUning Nukus filiali direktori sifatida ishlab kelgan Batirbek Kaipbergenov Qoraqalpog‘iston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri etib tayinlandi. U mashhur yozuvchi Tulepbergen Kaipbergenovning o‘g‘li hisoblanadi.
2024-yilda g‘allachilikda ham paxtachilikdagi kabi imtiyozli kreditlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerlarga ajratish tizimi joriy etiladi, dedi prezident. Shuningdek, u xorijdan paxta urug‘ini olib kelish, o‘g‘it tannarxini 15 foizga arzonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prokuror suddan “Dok-1 Maks” siropi ishi bo‘yicha Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi sobiq rahbarini 18 yilga, Quramax kompaniyasi sobiq direktorini esa 20 yilga ozodlikdan mahrum qilishni, shuningdek, sudlanuvchilardan halok bo‘lgan bolalar oilalariga 100 mln so‘mdan undirishni so‘radi.
Maktabdagi davomat muammosini hal qilishga Milliy gvardiya ham qo‘shildi. Internetda xodimlar o‘quvchi va o‘qituvchilarga mas’uliyat haqida gapirayotgani aks etgan videolar tarqalib, jamoatchilik savollariga sabab bo‘ldi. “Gazeta.uz” Ta’lim vazirligi va Milliy gvardiya vakillarining fikrlarini bir yerga to‘pladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting