Deputatlar qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi bo‘yicha qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat bilan pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinishi belgilanmoqda.
O‘zbekistonda ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Senat raisi yoki Qonunchilik palatasining spikeri bo‘lishi taqiqlandi. Shuningdek, deputatga va senatorga 36 ish kunidan iborat haq to‘lanadigan har yilgi mehnat ta’tili berilishi belgilandi.
Eronda o‘tgan yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlardagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Aprel oyidan Nukusdan Istanbulga parvozlar yo‘lga qo‘yilishi reja qilinmoqda. Shuningdek, bitta L-410 samolyoti Qoraqalpog‘istonga ichki reyslar uchun ajratiladi.
Surxondaryo viloyati hokimiga Sherali Jo‘rayev, Navoiy viloyati hokimiga esa Elbek G‘afforov o‘rinbosar etib tayinlandi.
O‘zbekistonda o‘quvchilarning 14 mingdan ziyodi maktabga muntazam bormayotgani aniqlandi, deya ma’lum qildi Maktab vazirligi boshqarma boshlig‘i. Ularning 9 mingdan ortig‘i ta’limga qaytarildi. 2023-yilda farzandining ta’lim-tarbiyasida mas’uliyatsizlik qilgan 12 mingdan ortiq ota-ona javobgarlikka tortildi.
G‘anijon Soliyev Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumaniga, Qodirjon Erkaboyev esa Uchko‘prik tumaniga hokim bo‘ldi. Shuningdek, Aziz Ergashev Jizzax viloyatining Baxmal tumaniga hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Bu yil O‘zbekistonda turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi nishonlanadi. “Maxtumquli Firog‘iy nafaqat turkiy xalqlar, ayni paytda jahon adabiyoti va madaniyati tarixida alohida o‘rin egallagan atoqli shoir va mutafakkirdir”, — deyiladi prezident qarorida.
O‘zbekistonda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, uy-joylarni jismoniy shaxslarga sotishda quruvchilar va boshqalar uchun naqd puldan foydalanishni qisqartirish va naqdsiz to‘lovlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Yog‘och, shinalar va shakar ulgurji savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish ham rejada bor.
Andijon viloyatida Buyuk ipak yo‘lida joylashgan davlatlar, jumladan, Xitoy bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida 218 gektar maydonda “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilmoqda. Avvalroq Andijon viloyati va Xitoy investorlari o‘rtasida 3 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan edi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ota-onalar bilan yig‘ilishda ko‘pchilik “hamma yaxshi narsalar mehmonga” tamoyili bo‘yicha yashab, “yerda uxlab yotgan” farzandlarini unutib qo‘yishini aytdi. Ota-onalarning dunyoqarashini o‘zgartirib, bola tarbiyasiga e’tibor qaratish lozim, dedi u.
Baxtiyorjon Salimjonov Chust tumani hokimi etib tayinlandi. Tumanning avvalgi hokimi Bekzod Hamdamov yo‘l qo‘ygan “xato va kamchiliklari” uchun ishdan olindi.
Yevropa Komissiyasi raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlik bo‘yicha TikTok`ga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Regulyator, xususan, platforma voyaga yetmaganlarni zararli kontentdan himoya qilish uchun yetarlicha harakat qilayotgani yoki yo‘qligini tekshiradi.
“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev so‘nggi nutq so‘zladi. U suddan oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.
Sergeli tumanida ichida yo‘lovchilari bo‘lgan elektrobus yo‘l chetidagi panjaraga borib urildi. Voqeaga haydovchining qon bosimi oshib, boshqaruvni yo‘qotgani sabab bo‘lgan. Elektrobus texnik shikastlandi, haydovchi shifoxonaga olib ketildi, jarohat olganlar bo‘lmadi, deya ma’lum qildi “Toshshahartransxizmat”.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev rahbarligida idoralar hamda ekofaol yoshlar tomonidan Orol dengizi tubida saksovul ekish ishlari boshlandi. 2024-yilda jami 150−200 ming gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo qilish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda bu yilgi mart nisbatan salqin bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Oy davomida harorat kechalari −5…+10, kunduzi +5…+22, janubda +25 daraja atrofida bo‘ladi. Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik miqdori me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
TBC Bank Group PLC 16-fevral kuni 2023-yil yakunlari bilan o‘rtoqlashdi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi muvafaqiyatli faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonda bog‘cha, maktab, kollej hamda oliy o‘quv yurtlarida shirin, gazlangan va energetik ichimliklar hamda tuzi yuqori bo‘lgan qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishni va sotishni taqiqlash rejalashtirilmoqda.
Bir necha kun oldin vafot etgan rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya jamoatchilikka murojaat qilib, erining ishini davom ettirishini bildirdi. U, shuningdek, tez orada erining o‘limiga kimlar aloqador ekanini aniqlab, ularning ismlarini ochiqlashga va’da berdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting