“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslarning xaridlari uchun QQS qaytarib beriladigan tovarlar ro‘yxatiga un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlar ham kiritildi.
Poytaxtning Yangihayot tumanida mast erkak onasining enagasini kaltakladi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Innovatsion rivojlanish agentligi direktori sifatida ishlab kelgan Olimjon To‘ychiyev Turin politexnika universitetiga rektor etib tayinlandi.
Jizzax viloyatining Forish tumani hokimligi binosi tomi kuchli shamol sabab uchib ketdi. Tomning tunuka va taxtalari hokimiyat avtoturargohida turgan 6 ta avtomobil ustiga tushib, zararladi.
Shahrisabz va Parkent tumanlarida tog‘ turizmi uchun dam olish maskanlari qurilishi reja qilinmoqda. Shuningdek, Qashqadaryodagi Maydanak platosida yengil konstruksiyali hostellar qurish, mavjud binolarni savdo va xizmat ko‘rsatish uchun qayta foydalanishga topshirish, hududni obodonlashtirish rejalashtirilmoqda.
Ekvadorda telekanalga jonli efir vaqtida qurolli shaxslar bostirib kirib, xodimlarni garovga oldi va “mafiya bilan o‘ynashmaslikni” aytdi. Mamlakatda hujumlar sabab 10 kishi halok bo‘ldi. Prezident “ichki qurolli konflikt” rejimini e’lon qildi. Avvalroq yirik jinoiy guruh rahbarlari qamoqdan qochgandi.
O‘zbekiston prezidenti Toshkent davlat sirki binosini ta’mirlash, shuningdek, qiymati 15 milliard so‘mlik 300 o‘rinli o‘quv binosi qurilishi rejalari bilan tanishdi.
Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi vakili Niyetbay Urazbayev Olmaotada vafot etdi. U Nukus voqealari bo‘yicha O‘zbekistonda sirtdan qamalgandi.
Prezident tarixiy shaharlardagi bozorlarni sayyohlar uchun jozibador maskanlarga aylantirish hamda Toshkent va boshqa shaharlardagi yangi bozorlar loyihalari bilan tanishdi. 515 ta bozorni “tartibga keltirish” uchun alohida dastur ishlab chiqilmoqda.
Shayxontohur tumanida “VAZ-2107” elektr simlarida yuz bergan qisqa tutashuv oqibatida yonib ketdi. Hodisa sabab hech kim jarohatlanmadi.
10-yanvar kuni tongda Toshkent shahrida havo sifati RM 2,5 zarrachalari miqdori bo‘yicha “nosog‘lom” darajani ko‘rsatdi. AQSh elchixonasida joylashgan havo sifatini aniqlovchi datchik esa seshanbadan buyon texnik jihatdan nosoz holatda turibdi.
Rigada yetkazib berish xizmati kureri, asli musiqachi bo‘lgan o‘zbekistonlik Hasan Azlarov restoranlarda buyurtma kutish chog‘ida pianino chalardi. Kimdir uning ijrosi aks etgan videoni internetga joylagach, mijozlar Hasanni taniy boshladi, shuningdek, unga ish bo‘yicha yangi takliflar berilmoqda. Video.
Kolumbiya universiteti (AQSh) kimyogarlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, plastik idishlar (“baklajka”)dagi suv avval taxmin qilinganidan 100 barobar ko‘p nanoplastik zarralarni o‘z ichiga olishi mumkin, ularning inson salomatligi uchun xavfi “tarixiy jihatdan yetarlicha baholanmagan”.
Samarqandda pora olganlikda ayblangan ikki nafar soliq inspeksiyasi xodimiga sud hukmi o‘qildi. Ular tadbirkorning soliq va penya qarzdorligini kamaytirib bermoqchi bo‘lgan. Sud hukmiga ko‘ra, soliqchilar 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov Veyk-an-Zeye shahrida bo‘lib o‘tadigan Tata Steel Chess turnirida ikkinchi bor ishtirok etadi, unda amaldagi jahon chempioni Din Lijen va jahon reytingida kuchli 10 talikdan joy olgan yana uchta grossmeyster ham qatnashadi.
Qamchiq dovonida yuk mashinasi temir to‘siqqa urilib, ag‘darildi va yonib ketdi. Haydovchi va yo‘lovchi halok bo‘ldi.
Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi urushning “nisbatan yo‘naltirilgan bosqichiga” o‘tmoqda, deb yozadi New York Times. Bu anklavdagi qo‘shinlar va havo hujumlari sonini kamaytirish hamda HAMAS yetakchilarini yo‘q qilish, garovga olinganlarni qutqarish bo‘yicha maqsadli operatsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Jahon banki O‘zbekistonning 2023-yildagi iqtisodiy o‘sishini 5,5 foizga baholadi. Joriy va kelgusi yilda YIM o‘sishi bir xil darajada saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda. Umuman olganda, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida o‘sish tezlashdi, ammo Rossiyaning Ukrainaga bosqini hamon o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
“O‘zmetkombinat” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Dilshod Axmedov investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Shadmanov uzoq muddatli davolanish uchun mehnat ta’tiliga chiqdi. Uning vazifasini vaqtinchalik Prezident administratsiyasi vakili Davron Sultanov bajaradi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting