Davlat bayrog‘i kuni bag‘ishlangan “Yangi nafas” xalqaro ommaviy yugurish musobaqalari o‘tkazilishi munosabati bilan Toshkentdagi ayrim ko‘chalar 17−19-noyabr kunlari yopiladi.
Fransiya sudi Suriya prezidenti Bashar Asadni hibsga olishga xalqaro order berdi. U 2013-yilda kimyoviy qurol qo‘llash bilan bog‘liq insoniyatga qarshi jinoyatda ayblanmoqda.
Tadbirkorlar elektr energiyasi tariflari oshirilganidan so‘ng o‘z obyektlariga quyosh panellarini tezroq o‘rnata boshladi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov. Shuningdek, u panellalarni o‘rnatishda to‘siqlar mavjudligi haqida Qonunchilik palatasida aytilgan gaplarni rad etdi.
O‘zbekiston uchun kuchayib borayotgan qum va chang bo‘ronlari muammosi har qachongidan ham dolzarbdir, dedi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov. Shuningdek, Markaziy Osiyo va Xitoy bugungi kunda atmosferaga chang chiqarish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda ekani ma’lum qilindi.
Deputat Oltinoy Ma’mirova O‘zbekistonda energetik ichimliklar uchun alohida aksiz solig‘ini joriy etishni taklif qildi. U 1-apreldan shirin gazlangan ichimliklar uchun taklif qilingan litri uchun 500 so‘m aksiz solig‘idan 10 baravar yuqori bo‘ladi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov uning taklifini ma’qulladi.
Toshkent viloyati hokimiyati egasiz itlar saqlanadigan “Hayot” boshpanasining yangi filiali uchun Chirchiq chetidan qariyb 2 gektar yer ajratdi. Qurilishga Milliy gvardiya yordam beradi. Avvalroq “Hayot” qarzlar tufayli hayvonlarni qabul qilishni to‘xtatmoqchi bo‘lgan edi.
Zoyir Mirzayev o‘zining ikki o‘rinbosari va Yuqori Chirchiq hokimiga BYD xizmat mashinalarini xarid qilish uchun 1 mlrd 336,5 mln so‘m ajratish to‘g‘risida farmoyish chiqardi. Hokimlik avtotransportlarni almashtirishga ehtiyoj ulardan 5 yildan ortiq foydalanilgani sababli tug‘ilganini bildirdi.
Avvalroq Qonunchilik palatasi XDP fraksiyasi drondan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid qonun loyihasini ko‘rib chiqqanini xabar qilgandi. “Gazeta.uz” e’tibor qaratgach, palata spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev jazo yengillashtirilayotgani va xabar tahrirlanganini ma’lum qildi.
Shayxontohur tumanidagi “Baland” masjidining tarixiy binosi yangi quriladigan masjid bilan o‘rab olinadi. Hokimlik bunday “konservatsiya” yondashuvini kelgusida tarixiy ahamiyatga ega boshqa diniy obyektlarda ham qo‘llash rejalashtirilganini qayd etdi.
Kompromatuzb ishi bo‘yicha 7 yilga qamalgan Xurshid Daliyev va Siyovush Hoshimovning apellyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan qoldirildi. Ushbu ajrimdan norozi taraflar Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat berishi mumkin.
Istanbulda Turkiya prezidentining rafiqasi Emine Erdog‘an raisligida “Falastin uchun yagona yurak” sammiti o‘tkaziladi. Unda qator davlatlar yetakchilarining rafiqalari, shu jumladan O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva ham ishtirok etishi va nutq so‘zlashi kutilmoqda.
BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosiga bag‘ishlangan sessiya ishtirokchilari Samarqand viloyatida 1000 tup ko‘chat ekdi. Bu hudud “CRIC-21 yashil bog‘i” deb nomlandi.
O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston “yashil” energiyani Yevropaga eksport qilish loyihasi istiqbollarini muhokama qildi. Buning uchun qo‘shma korxona tashkil etilishi mumkin. Loyiha uch mamlakat iqtisodiyoti va energetika tizimlari aloqalarini mustahkamlaydi, dedi investitsiyalar vaziri Laziz Kudratov.
Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilindi. Jazo choralari qat’iy belgilangan bo‘lsada, ushbu toifadagi jinoyatlar soni yildan yilga ko‘payib borayotgani aytilgan.
Isroil mudofaa kuchlari G‘azodagi eng yirik “Al-Shifo” tibbiyot majmuasida HAMASga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Isroil askarlari shifoxonaga kirgan va tutunli granata otgan bo‘lishi mumkin. Ular kasalxonadan yerosti boshqaruv posti uchun qalqon sifatida foydalanilayotganini aytmoqda. HAMAS buni rad etdi.
Universalbank kuzatuv kengashi rahbari Anvar Irchayev 7 kishi kartalaridagi pul o‘g‘irlangani bo‘yicha ariza bilan murojaat qilganini ta’kidladi. Gap 300 mln so‘m haqida ketmoqda. Hozirda huquq-tartibot idoralari pul o‘tkazilgan kartalar foydalanuvchilarini aniqlamoqda. Humo rahbari ham vaziyatga izoh berdi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov sentabrda bolalar yod tarkibli “Antistrumin” dorisidan ommaviy zaharlangani haqida gapirib, preparatni berishda doza oshirib yuborilganini tan oldi. Avvalroq uning o‘rinbosari Elmira Bositxonova holat sababi dori emas, O‘RVI bo‘lishi mumkinligini bildirgandi.
“Ko‘mir ta’minot” korxonasining Toshkent viloyati filiali boshlig‘i 50 ming dollar pora olishda gumonlanmoqda. U fuqaroga ishga kirishda yordam berish uchun pul olayotganda ushlandi. Shuningdek, korxonaning Samarqanddagi omborlari mudirlari 2 ming tonnadan ortiq ko‘mirni talon-toroj qilgani aniqlandi.
“Xovrenko” nomidagi Samarqand vino kombinatida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari ishlab chiqarilayotgani aniqlandi. Tadbir yakunida jami 631,7 mln so‘mlik tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.
“Mening birinchi uyim” dasturi bo‘yicha prezident qarori loyihasi e’lon qilindi. Imtiyozli uylar so‘nggi 5 yilda uy-joyga egalik qilmagan oilalarga 20 yil muddatga bo‘lib to‘lash shartida sotilishi, oylik to‘lovning bir qismini qoplash uchun 5 yil davomida har oy 1 mln so‘m subsidiya ajratilishi kutilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting