AQSh prezidenti Jo Bayden aholiga telemurojaatida HAMAS hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin “demokratiyani butunlay yo‘q qilmoqchi”ligini va Amerika terrorchilar va zolimlarning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. U amerikaliklarni Ukraina va Isroilni qo‘llab-quvvatlashda davom etishga chaqirdi.
Faollar fermerlar va klasterlar o‘zaro teng munosabatga kirisholmasligi, fermerlarda narx bo‘yicha tortishish imkoni yo‘qligini ta’kidlashgandi. Bunga javoban, qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov paxta narxini bozor iqtisodiyoti qonunlari bo‘yicha xaridorlar va sotuvchilar belgilashini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev “mintaqaviy xavfsizlikka qarshi tahdidlar kuchayib, yangi xatarlar vujudga kelayotgan” davrda Toshkentda o‘tkazilayotgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining 2-yig‘ilishi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.
Ilk bor Toshkentda AQShda o‘qishga qiziquvchi yoshlar uchun EducationUSA mintaqaviy forumi va Amerikaning 50 dan ortiq universitetlari ishtirokida yarmarka bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 1200 ga yaqin yoshlar qatnashdi.
Samarqand viloyatida Isroilda ishlab kelayotgan turmush o‘rtog‘i bilan telefon orqali janjallashgandan so‘ng 3 nafar voyaga yetmagan farzandini o‘ldirgan 36 yoshli erkak umrbod ozodlikdan mahrum qilindi.
Shanba, yakshanba kunlari O‘zbekistonda havo bulutli bo‘ladi. Ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin, harorat kechalari +12, kunduzi +23 daraja atrofida bo‘ladi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tanishlari yordamida 16 va 10 ming dollar evaziga AQShga ishlash uchun yuborishni va’da qilganlar qo‘lga olindi.
Farg‘ona viloyatida Cobalt avtomobilidan Iphone 15 Pro, Iphone 15 Pro Max, Samsung Galaxy S23 Ultra kabi 550 ga yaqin smartfon topildi. Ularning taxminiy qiymati salkam 5,8 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Sentabr oxirida Toshkent shahri Sergeli tumanidagi omborxonada yuz bergan portlash oqibatida 1370 ta xonadon (ilgari 600 ga yaqin ekani aytilgandi) va 246 ta uy (25) zarar ko‘rgan. Hukumat komissiyasi yetkazilgan zarar 14,5 mlrd so‘mni tashkil etganini bildirdi. Maktab va bolalar bog‘chasi ham zarar ko‘rgan.
Asaka tumani hokimi Begzod Ummatov vazifasidan ozod etilib, uning o‘rniga hokim vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Nasibillo Mo‘minov tayinlandi.
Sergelidagi portlash yuz bergan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar saqlangani aniqlandi, deya ma’lum qildi hukumat komissiyasi. Portlash oqibatida jami 14,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 4 kishiga “qamoqqa olish”, yana bir nafariga “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
20−25-oktabr kunlari Toshkentdagi Bobur ko‘chasining yarmi aeroportdan Nukus ko‘chasigacha yopiladi. Shuningdek, 20−22-oktabr kunlari Botir Zokirov ko‘chasining Alisher Navoiy va Islom Karimov shoh ko‘chalari oralig‘idagi yarmi ham yopiladi.
Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,8 foizga o‘sdi. Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda yil yakunlari bo‘yicha YAIM o‘sishi kamida 5,6 foiz bo‘lishi kutilayotgani aytildi. Shavkat Mirziyoyev 2024-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturni puxta ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.
Eronning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Muhammad Ali Iskandariy O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Qashqadaryo viloyatida fermer 13 yil davomida noqonuniy ravishda dalasini ichimlik suvi bilan sug‘orib kelgani aniqlandi. Yetkazilgan zarar miqdori 282,7 mln so‘mni tashkil etdi. U 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, davlatga yetkazilgan zararni ham qoplaydi.
Qozog‘istonda g‘isht zavodlarida mehnat qulligida saqlangan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq holat Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan nazoratga olindi. Ushbu fuqarolar vatanga qaytarilishi, zarur yordamlar ko‘rsatilib, O‘zbekistonda ish bilan ta’minlanishi bildirildi.
“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarda 1-noyabrdan O‘zbekistonda Ai-80 benzini narxi oshishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Ai-80 benzinini aksiz solig‘idan ozod qilish muddati 2023-yil 31-dekabrda yakuniga yetadi.
Qozog‘iston 106 turdagi tovarning Rossiyaga eksportiga taqiq qo‘ydi. Ular urushda ishlatilishi ehtimoli bo‘lgan tovarlar guruhi hisoblanadi. Ro‘yxatda dronlar, mikroelektronika va boshqalar bor. Ukraina prezidenti ofisi mamlakatning bu qaroriga munosabat bildirdi.
Toshkent-Andijon yo‘lovchi poyezdida turk sayyohi joyini almashtirish uchun vagon kuzatuvchisiga 100 ming so‘m bergani haqida video tarqaldi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” holatni o‘rgandi, biroq aybdor xodimni aniqlay olmaganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov Buxoroda Ozarbayjon mudofaa vaziri Zokir Gasanovni qabul qildi. Tomonlar 2024-yilga mo‘ljallangan harbiy hamkorlik memorandumini imzoladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting