Toshkentda haydovchi Matiz mashinasida 12 yoshli o‘quvchi qizni urib yuborgandi. Qiz og‘ir jarohat olib, vafot etgan. Sud erkakni 3 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etib, 5 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qildi.
Avgust oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida 28 mingta uy-joy oldi-sotdisi shartnomasi ro‘yxatga olingan. Bu 2021-yildan beri rekord ko‘rsatkichdir. Oy davomida bitimlar soni 12,8 foizga, Toshkent shahrida 10 foizga oshgan. Aksariyat hududlardagi ikkilamchi bozorda narxlar tushdi.
UzAuto Motors O‘zbekistonda Chevrolet Captiva 5 avtomobillari savdosini qayta boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Avtomobil savdosi 2021-yil noyabr oyida to‘xtatilgandi.
Shavkat Mirziyoyev Dushanbeda tojikistonlik hamkasbi Emomali Rahmon bilan uchrashib, ittifoqchilik masalalarini muhokama qildi. Qolaversa, ular Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan fikr almashdi.
Markaziy bank riskli kreditlar miqdori o‘sib borayotgani sababli banklarga avtokreditlar bo‘yicha qo‘yiladigan talablarni kuchaytirmoqda. Endilikda avtokreditlarning banklar kredit portfelidagi ulushi 25 foizdan oshmasligi talab etiladi.
Bir guruh fuqarolar Yashnobodda Zohmir Group kompaniyasi qurayotgan uyga to‘lov qilgani, ammo bir uy 4−5 kishiga sotib yuborilganini aytmoqda. Ayrimlari yashab turgan uyini sotib, ko‘chada qolgan. Ular bilan shartnoma qilgan shaxs pullar qaytarilayotganini bildirdi. Prokuratura tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.
O‘zbekistonda davlat idoralari rahbarlarining faoliyati jamoatchilik fikridan kelib chiqib baholanadi. Aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida murojaatlarni elektron shaklda ro‘yxatga olish amaliyoti joriy etiladi.
Peshku tumanidagi muhofazaga olingan hududda 125 tup daraxt (102 tupi qimmatbaho) noqonuniy kesildi. Tabiatga 1,7 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Davlat xavfsizligi xizmati Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni aniqladi. Musodara qilingan moddalarning aksar qismi Tojikistondan keltirilgan.
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Amaldagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining davom ettirilishi inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlariga erishishga xizmat qiladi, deyiladi regulyator bayonotida.
Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman Aliya Yunusova “mavjud vaziyatdan kelib chiqib” o‘z faoliyatini to‘xtatayotganini e’lon qildi. U mazkur lavozimda 2020-yilning fevralidan beri ishlab kelayotgandi.
Xizmat vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila a’zolari ham davlat hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifadagi shaxslar ro‘yxatiga kiritildi.
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga inson kapitalini rivojlantirish uchun 93 mln dollar yo‘naltiradi. Mablag‘lar sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish, aholini kasb-hunarga o‘qitish orqali inklyuziv o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Shu vaqtgacha Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli direktori lavozimida ishlab kelgan Begisbay Temirbayev Qoraqalpog‘iston madaniyat vaziri etib tayinlandi.
Qozog‘iston deputatlari yaqin atrofida maktab, bolalar bog‘chasi yoki boshqa ijtimoiy infratuzilma bo‘lmasa, ko‘p qavatli uylar qurishni taqiqlashni taklif qilishdi. Qonun loyihasi bir qancha maktablarda bolalar soni ortib ketishi holatlaridan keyin ishlab chiqilgan.
Prezident Qatar bilan oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tasdiqlash bo‘yicha qarorni qabul qildi.
Piyodalar uchun xafli yo‘llar, rossiyalik deputatning SSSR davlatlari haqidagi fikriga o‘zbek faollari munosabati, sotuvi ko‘paygan elektromobillar, O‘zbekiston futbolchilari U-23 Osiyo kubogi final bosqichida, ingliz tilini o‘rgatish uchun AQShdan kelgan o‘qituvchilar va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
Toshkentda harbiy gospital yaqinidagi yer uchastkasi auksion savdosiga yetti kun qolganida ro‘yxatdan o‘tgan Smart Fast Story tomonidan sotib olindi. 1 gektar yer 48,07 mlrd so‘mga baholandi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yaponiya Xalqaro yoshlar palatasi prezidenti Masahiro Asoni qabul qildi. Ijtimoiy masalalar va xalqaro talabalar almashinuvi bilan shug‘ullanuvchi palata O‘zbekistonda filial ochishni rejalashtirmoqda.
Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risidagi qonun”ni imzoladi. Unda Davlat xavfsizlik xizmati davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishi belgilab qo‘yildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting