“O‘zbekneftgaz” konlarda quduq qazish jarayonidagi geologik xatarlarni kamaytirish, shuningdek, konlar, geologik va texnik ma’lumotlarni raqamlashtirish hisobiga 64,4 mln dollar iqtisodiy foyda ko‘rgani haqida ma’lumot berdi.
Oliy ta’lim vazirligi poytaxtda 48,9 ming talabaning turar joyga ehtiyoji mavjudligi, ular ijara shartlari asosida xususiy xonadonlarda yashayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, yotoqxonadan joy berilmagan, poytaxtda uyi, yaqin qarindoshi bo‘lmagan va ijara uyi ham aniq bo‘lmagan 25 ming talaba bor.
Toshkentda 2022-yil iyul oyiga nisbatan uy-joylarning o‘rtacha narxi 30,9 foizga oshdi. Shuningdek, poytaxtda kvartiralarni ijaraga berish narxining pasayishi sezilarli darajada sekinlashdi. Avgust-sentabrda talabalarning poytaxtga qaytishi bilan talab oshishi va ushbu segmentga qiziqish ortishi aytilgan.
Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Jamshid Xodjayev Navoiy viloyati hokimiga o‘rinbosar etib tayinlandi. U 2015 va 2020-yillarda ushbu viloyatdan senator etib saylangan.
Toshkent shahri va viloyatida 3 ta holat bo‘yicha mamlakatga noqonuniy ravishda olib kirilgan qariyb 5,7 kg sintetik giyohvandlik vositalari savdosi aniqlanib, musodara qilindi.
IM-2 qozonxonasida olib boriladigan ta’mirlash ishlari munosabati bilan 21−26-avgust kunlari Mirzo Ulug‘bek tumanidagi qator ko‘chalarda issiq suv ta’minoti to‘xtatiladi. Ro‘yxat.
Iyun oyidagi keskin pasayishdan keyin iyulda avtomobil bozorida sotuvlar 17 foizga oshdi. Eng katta o‘sish (28,9 foiz) elektromobillar bozorida qayd etildi. Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi mashinalar sotuvi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 59,3 foizga ko‘paydi.
Samarqand viloyati Kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Isroil Jabborov Payariq tumani hokimi etib tayinlandi. Sobiq hokim hududda investitsiya ko‘rsatkichi qoniqarsizligi sababli prezident topshirig‘iga ko‘ra ishdan olingandi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekistonda madaniy meros obyektlari bor ko‘chalarga og‘irligi 5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk mashinalarining kirishi taqiqlandi.
Adliya vazirligi fuqarolarning imzosi yetarli bo‘lmagani uchun “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etdi. O‘zbekistonda partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 20 ming imzo talab qilinsa, bu partiyaning faqat 2517 ta imzosi qonunchilikka muvofiq deb topildi.
O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida ikki yo‘lakli (yashil va qizil) tizim tugatildi. U 2018-yil 1-yanvarda ishga tushirilgandi. O‘rniga masofaviy bojxona nazorati tizimi joriy etildi.
Qozog‘iston hukumati O‘zbekistonga 1,5 mlrd dan 10 mlrd kub metrgacha Rossiya gazini yetkazib berish masalasini muhokama qilmoqda. “O‘zbekiston energetika tizimining va Rossiyaning tayyorligiga qarab ta’minot hajmini yanada oshirish mumkin”, — dedi Qozog‘iston energetika vaziri.
Nukus davlat pedagogika instituti rektori sifatida ishlab kelgan Bayram Otemuratov Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisiga o‘rinbosar bo‘ldi. Avvalroq shu lavozimda ishlab kelgan Abatbay Daniyarov Nukus shahriga hokim etib tayinlangandi.
Navoiy viloyatida ayol 2023-yilda tug‘ilgan qizini 90 mln so‘mga sotmoqchi bo‘ldi. Holat yuzasidan “Odam savdosi” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonliklarning 248,3 ming nafari 2023-yilning yanvar-iyun oylarida dam olish maqsadida xorijga safar qilgan.
Qirg‘iziston prezidenti qonunchilikka OAVda “bolalar salomatligi yoki rivojlanishiga zarar yetkazuvchi” ma’lumotlarni tarqatishni taqiqlovchi tuzatishlarni imzoladi. Huquq himoyachilari qonunning qabul qilinishiga qarshi chiqib, uni “senzura uchun yana bir vosita” deb atadi.
O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Vashingtonda “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha memorandum imzoladi.
Prezident farmoni bilan 2025-yil 1-yanvardan dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini import qilishda bojxona qiymatining 1,2 foizi miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im bekor qilinadi.
Import avtomobillarni faqat ularning rasmiy dilerlari tomonidan sotilish talabi bekor qilindi. Shuningdek, Soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi berilmoqda.
Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlovchi xususiy kameralar ma’lumotlarida 5 foizdan ortiq xatolikka yo‘l qo‘yilsa, tadbirkorlar ushbu kameralarga egalik huquqidan mahrum etiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting