2023-yilning o‘tgan uch oyi mobaynida 13 907 nafar kishi sudlandi. Shundan 3 707 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. 2022-yilda esa 56 542 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shundan 14 081 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
FIFA Argentinaning yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilishini bildirdi. Avvalroq Indoneziya rasmiylarining futbol tashkiloti faoliyatiga aralashgani ortidan mamlakat turnirga mezbonlik qilish huquqidan mahrum etilgandi.
Turkiyaning AnadoluJet aviakompaniyasi Anqara-Toshkent-Anqara yo‘lovchi yo‘nalishini yo‘lga qo‘ydi. O‘zbekistonga birinchi reys bilan 160 nafar yo‘lovchi uchib keldi.
Tijorat banklari 18-aprel kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 385 — 11 430 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa 11 450 — 11 510 so‘m.
Bobur Usmanov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziriga o‘rinbosar etib tayinlandi. U bunga qadar prezident Administratsiyasida ishlagan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Murod Xidir 84 yoshida vafot etdi.
Tarmoqlarda Xonobod shahar hokimligi xodimi pichoqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, jabrlangan shaxs hokimiyatda emas, Respublikadagi qo‘mitalarning birida ishlaydi. Pichoqlangan fuqaro tirik qolgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 1 nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida ushlangan.
Markaziy bank aholidan chiptalar, barcha turdagi kommunal xizmatlar, davlat boji va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda olinadigan komissiyalarning eng yuqori miqdorini belgilashni taklif qilmoqda. 1-maydan komissiya to‘lovchidan emas, balki to‘lov summasidan chegirib tashlash yo‘li bilan undiriladi.
O‘zbekiston prezidenti oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Jumladan, hududlarda sut yig‘ish markazlarini tashkil etish, chorva mollarini identifikatsiya qilish, parrandachilik xo‘jaliklariga 35 mln dollar ajratish, krevetkani sanoat usulida yetishtirish rejalashtirilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliqda qurilayotgan 9 qavatli uyning tayanch ustunlari armaturalari ingichkaligi, ular orasidagi masofaning kattaligi hamda beton sifati pastligi aytilgan video tarqaldi. O‘zbekiston Qurilish vazirligi ish to‘xtatilgani, o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Ramazon hayitida 3 kun dam, haftalik ob-havo prognozi, poytaxtning yangi hokimi qarorlarining deyarli yarmi jamoatchilikdan yashirilgani, avtobusda ayol va erkaklar hududlari belgilangan e’lonlar, 5 qavatli bino qurilishidan norozi “Rakat” mahallasi aholisi va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
O‘zbekiston tumani hokimligining yer nazorati inspektori hokimiyat balansidagi 3 gektar yerni ochiq elektron platforma orqali yutib berish evaziga 4 ming dollar olganlikda gumonlanmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Osiyo Futbol konfederatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi O‘zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi futbolchisi Shaxriyor Jabborovning doping testida “taqiqlangan modda aniqlangani” sababli uni vaqtincha diskvalifikatsiya qildi.
Davlatobod tumanida ohak ishlab chiqaruvchi korxona 4 mlrd so‘mdan ortiq gazdan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi.
Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov ushbu lavozimga tayinlanganidan buyon bir oy o‘tmay 35 ta qaror imzolagan bo‘lsada, ularning deyarli yarmi jamoatchilikdan yashirilgan. Qabul qilingan 14 ta farmoyishdan 4 tasi ham mavjud emas.
Dam olish kunlari Germaniyada ishlab kelayotgan so‘nggi uchta AES elektr tarmog‘idan uzildi. Bu 2022-yilda amalga oshirilishi kerak edi, biroq Rossiyadan gaz yetkazib berishning qisqarishi tufayli keyinga qoldirilgandi. Ushbu AESlar mamlakatdagi atigi 6 foiz elektr energiyasini ishlab chiqarayotgandi.
Toshkent shahridagi “Rakat” mahallasi aholisi o‘z ko‘chasida loyihada ko‘zda tutilgan 3 qavatli uy o‘rniga 5 qavatli bino qurilayotganidan norozi bo‘lmoqda. Qurilish boshqarmasi va MIB buyurtmachiga qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha talabnoma yuborganini ma’lum qildi.
Dushanba, seshanba kunlari O‘zbekistonning katta qismida quruq, lekin salqin ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat +12…+15 daraja bo‘ladi. 19-apreldan harorat asta-sekin ko‘tariladi va +20…+25 darajaga yetadi.
17-apreldan Open budget portalida “Mening yo‘lim” loyihasining 2023-yilgi mavsumi uchun arizalar qabuli boshlandi. Loyihaga 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Kiritilgan takliflar uchun ovoz berish jarayoni 28-apreldan 7-mayga qadar o‘tkaziladi.
Poytaxt tumanlaridan birining mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i fuqaroga harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga 600 dollar pora olgani aytilmoqda. Yana bir holatda monomarkaz direktori 300 dollar olganlikda ayblanib ushlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting