Markaziy bank aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya ma’lumotlarini e’lon qilishni qayta boshladi. Yanvar oyida bu ko‘rsatkich 19,5 foizgacha o‘sgan, bu pandemiyasi cho‘qqisiga chiqqan 2020-yil iyul oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkich. Ammo unda rasmiy inflyatsiya bilan farq kamroq bo‘lgandi.
2024-yilda Samarqandga MDHning madaniy poytaxti, Toshkentga esa yoshlar poytaxti maqomi beriladi. Qolaversa, Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida imkoniyati cheklangan bolalar spartakiadasi o‘tkaziladi.
15 sutkaga qamalgan Activist loyihasi muallifi, bloger Hojiakbar Nosirov advokatining sudga kiritgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rmasdan qoldirishni so‘rab ariza yozdi. Shu sabab sud apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida qaror chiqardi.
Tarmoqlarda Shuhrat Abdurahmonovga tegishli deya taxmin qilinayotgan intim video tarqalgandi. Viloyat hokimligiga ko‘ra, video bo‘yicha prokuratura organlariga belgilangan tartibda shikoyat arizasi yuborilgan. Videoni tarqatgan shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.
Jahon banki jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish va “yashil” energiyaga investitsiyalarni jalb qilish uchun 143 mln dollar kredit ajratdi. Shuningdek, landshaftlar barqarorligini oshirish va o‘rmonlarni qayta tiklash uchun 142 mln dollar taqdim etdi.
O‘zbekistonga 6 ta havoni monitoring qilish avtomatik stansiyasi keltirildi. Endi havoning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida monitoring.meteo.uz platformasida taqdim etib boriladi.
Prezident farmoni bilan O‘zbekistonga sement, fanera, qolip va boshqa qurilish materiallarini olib kirish 2025-yilgacha bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi. Avvalroq davlat rahbari ushbu chora uy-joy qurilishi tannarxini pasaytirishga qaratilgani haqida aytgandi.
14-aprel tonggida Xorazm viloyatida kuzatilgan kuchli shamol va chang-to‘zonli ob-havo Buxoro hamda Navoiy viloyatlariga ham o‘ta boshladi. Qiziqtepa tumanida noqulay havo natijasida ko‘runuvchanlik 100−150 metrgacha qisqardi.
Kaspiy dengizidan Turkmaniston orqali salqin va nam havo massalarining kirib kelishi munosabati bilan dam olish kunlari kunduzi havo harorati +25 darajagacha, kechasi esa +15 darajagacha pasayadi. Shamolning tezligi 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Ellikqal’a tumanidagi 5-maktabda o‘quvchilarga berilayotgan oziq ovqat mahsulotlari ichidan tabletka chiqqanidan norozi ota-onalarning xabari tarmoqlarda tarqaldi. Holat SES nazoratiga olindi. Avvalroq, Xo‘jayli hamda Kegeyli tumanidagi maktablardan birida ham yegulik ichidan turli buyumlar chiqqandi.
Tijorat banklari 14-aprel kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 365 — 11 410 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa 11 420 — 11 485 so‘m.
Qator internet nashrlari, jumladan, davlat OAVlari Andijon viloyatini qariyb 10 yil boshqargan Shuhrat Abdurahmonovning ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berdi. Avvalroq unga tegishli deya taxmin qilingan intim video tarqalgandi. Ishdan olingani rasman tasdiqlanmadi. Nashrlar o‘z xabarlarini rad eta boshladi.
Milliy haydovchilik guvohnomasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham ariza beruvchilarning bevosita ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.
Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar — O‘zbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston — TIV rahbarlari uchrashuvida tomonlar ushbu davlatdagi infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarda ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirdi. Uchrashuvda Afg‘oniston TIV rahbari ham nutq so‘zladi.
Xorazm viloyatining Urganch shahri va tumanlarida erta tongda chang aralash kuchli shamol kuzatildi. Ayrim tumanlarning elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga keldi.
Yangi hafta boshidan yana yomg‘ir, kartadan kartaga pul o‘tkazmalari soliqqa tortilmasligi, AQSh sanksiyalari ostida qolgan O‘zbekiston fuqarolari va kompaniyalar, Agrar universitetning 21 yoshli talabasi vafot etgani, chigirtkalarga qarshi transchegaraviy kurash va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida
Erkak 2019-yilning yozida 13 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinmoqda. Voqeadan so‘ng qiz bu haqda ota-onasiga aytishga jur’at eta olmagan. Keyinroq ular bundan xabardor bo‘lgach, huquq-tartibot idoralariga qayta-qayta ariza bilan murojaat qilgan. Jinoyat ishi 2023-yilning 4-apreliga kelibgina ochilgan.
Indoneziyada terrorizmda ayblanib qo‘lga olingan uch nafar o‘zbekistonlik tergov izolyatoridan qochib ketdi. Qochish chog‘ida ulardan biri daryoda cho‘kib ketdi, bir qo‘riqchi halok bo‘ldi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘sha kuniyoq ikki qochoqni qo‘lga oldi.
Kartadan kartaga (p2p) pul o‘tkazmalari uchun soliq joriy etilgani haqida xabarlar Soliq qo‘mitasi tomonidan rad etildi.
AQSh Alisher Usmonovning USM xoldingi va unga aloqador kompaniyalarga qarshi sanksiyalar kiritdi. Ular orasida “Ohangaronsement”, Ucell ulushiga ega bo‘lgan Digital Invest va O‘zbekistondagi markalash tizimining operatori va boshqalar bor. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari ham sanksiyalar ostida qolgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting