Konstitutsiya bo‘yicha referendum byulleteni, Qashqadaryodagi qishloqda yurgan ayiq, 2025-yilgacha bojxona bojidan ozod etilgan yog‘och va oyna importi, maydan daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka kreditlari berilishi, asrab olgan 13 yoshli qizini zo‘rlagan erkak va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
“O‘zkimyosanoat” O‘zbekiston rasmiylariga qarshi xalqaro arbitraj ishini boshlagan Ispaniyaning Maxam kompaniyasining “asossiz ayblovlari”ni rad etdi. O‘zbekiston tomoni investorni sarmoya jalb etish va qo‘shma korxonalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlikda aybladi.
O‘zbekiston prezidentiga Toshkentning Yashnobod tumanida metro estakadalari ostidan savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari qurilishi loyihasi taqdim etildi. Loyihani ishlab chiqishda Berlin tajribasi ko‘rib chiqilgan.
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 36 gektarlik maydonda “Mening birinchi uyim” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida 2,5 mingta oila uchun 58 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Ushbu uylardagi 2 va 3 xonali xonadonlar uchun oylik to‘lov miqdori amaldagi subsidiyali ipoteka to‘lovlaridan arzon bo‘ladi.
O‘zbekiston Markaziy banki shubhali operatsiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Endi ular orasida 30 kun ichida mobil ilova orqali kartadan boshqa karta yoki elektron hamyonga BHMning 500 baravari (150 mln so‘m) va undan ortiq miqdorda pul o‘tkazish ham bor.
Anorbank “ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgani uchun” Sof.uz nashri ustidan sudga da’vo kiritgan edi. 2022-yilning noyabridan beri ko‘rilayotgan iqtisodiy nizo yakuniga yetdi. Sud sof.uz nashriga Anorbank foydasiga 3,7 mlrd so‘m miqdorida zarar to‘lashga qaror chiqardi.
Chiroqchi tumanidagi qishloqlardan biriga ayiq kelib qoldi, tarmoqlarda uning yurgani aks etgan videolar tarqaldi. Mahalliy aholi uni mashinada urib yubormoqchi ham bo‘ldi. Tabiat resurslari vazirligi va Toshkent hayvonot bog‘i xodimlari poytaxtdan voqea joyiga jo‘nab ketdi.
O‘zbekistonda 2025-yilga qadar yog‘och, fanera, yog‘ochli opalubka va oynani import qilishda bojxona boji bekor qilinadi. Shuningdek, yuqori markali sement bo‘yicha bojxona boji imtiyozi yana 1 yilga uzaytiriladi.
Chiroqchi tumanida 52 yoshli erkak mehribonlik uyidan asrab olgan 13 yoshli qizni zo‘rlab, homilador qilib qo‘ygani aytilmoqda. Oliy sud holat bo‘yicha jinoyat ishi 7-aprel kuni yopiq sud majlisida ko‘rilishini ma’lum qildi.
Markaziy saylov komissiyasi referendum uchun xorijdan 26 nafar, jumladan, Gruziyadan 3 nafar, Ozarbayjondan 2 nafar, Indoneziya va Niderlandiyadan 1 nafardan kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tganini ma’lum qildi.
Toshkent aeroportida sharqona ko‘rinishdagi mehmonxona ochiladi. Unga tashrif buyuruvchilar uchun ma’lumot tablosi, hammom va dush xonasi taqdim etiladi, qabulxona kechayu kunduz ishlaydi va har bir yo‘lovchiga samolyotga chiqish uchun individual taklifnoma taqdim etiladi.
1-maydan daromadi yetarli bo‘lmagan aholi ham ipoteka krediti olishi mumkin bo‘ladi. To‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullar hisobga olinadi. Aholiga hovlisini kengaytirish va uy sotib olish uchun 3,2 trln so‘m kredit ajratiladi.
Buyuk Britaniya boks federatsiyasi may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatiga boykot e’lon qildi. Bunday qarorga Rossiya va Belarus sportchilarining o‘z mamlakat bayroqlari ostida musobaqada qatnashishi sabab bo‘lgan.
Prezident “Yangi O‘zbekiston” massivlari bo‘yicha uylarni topshirish ishlari cho‘zilib ketgani uchun 9 ta viloyatda hokimlarning qurilishga mas’ul o‘rinbosarlari va Markaziy bankning viloyat bo‘linmalari rahbarlariga hayfsan e’lon qildi.
30-aprelda bo‘ladigan referendumda ovoz berish byulletenining shakli va tavsifi tasdiqladi. Unda yangi “Konstitutsiyani qabul qilasizmi?” degan savolga “ha” yoki “yo‘q” javoblari aks etgan. Byulletenlarni ko‘zi ojiz ovoz beruvchilar tomonidan to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida trafaretlar ham tayyorlanadi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Sankt-Peterburgdagi kafeda “harbiy ofitser” Maksim Fomin (Vladlen Tatarskiy) halok bo‘lgan portlashga aloqadorlikda gumonlangan Darya Trepovaning turmush o‘rtog‘i Dmitriy Rilov O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tmagani va shunga ko‘ra mamlakatda bo‘lishi mumkin emasligini ma’lum qildi.
26-aprel kuni Toshkentda afsonaviy Plasido Domingoning Alessandro Safina va boshqalar ishtirokidagi fusunkor opera kechasi bo‘lib o‘tadi.
AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp 4-aprel kuni Nyu-York sudiga keldi va u yerda hibsga olindi. Unga hisob-kitoblarni soxtalashtirish bo‘yicha 34 ta band bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Tinglovdan keyin Tramp Floridaga qaytdi.
Indoneziyada 4 nafar o‘zbekistonlik “Tavhid va jihod katibasi” terror tashkilotining tashviqotini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganlikda gumonlanib, qo‘lga olindi. Gumonlanuvchilarning buyumlari dalil sifatida olingan.
Shuxrat Dauletiyarov Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar qurilish sohasida bir qator lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting