O‘zbekiston bo‘ylab kutilayotgan jala yomg‘irlari, o‘z joniga qasd qilgan Baxmal tumani bosh arxitektori, boshqa vaqtga qoldirilgan “JARA” festivali, O‘zbekistonda yuqoriligicha qolayotgan oziq-ovqat inflyatsiyasi, Urganchda himoyaga olingan mehribonlik uyidagi 3 qiz va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
Qozog‘iston benzin va dizel yoqilg‘isi uchun marjinal narxlarni oshirish niyatida. Mamlakat energetika vaziri Bolat Akchulakov joriy narxlar saqlanib qolsa, “arzon qozoq dizel yoqilg‘isi chetga, jumladan, narxlar ikki baravar yuqori bo‘lgan O‘zbekistonga chiqib ketishini” ta’kidladi.
Uzinfocom RIPE NCC internet-registratori bilan O‘zbekistonda DNS (K-Root) ildiz serverini ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. AKT vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, u qidirish tizimi va internet ishining yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Toshkentdagi Britaniya menejment universiteti barqaror rivojlanish sohasidagi eng yaxshi maktab biznes-loyihalarini taqdirladi.
O‘zbekiston Oliy sudiga Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada bo‘lganlikda aybdor deb topilgan viloyat Adliya boshqarmasi va tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq rahbarlariga nisbatan chiqarilgan hukm yuzasidan Xorazm viloyati prokuraturasi protesti kelib tushdi.
Taekvondo WT bo‘yicha “Katta dubulg‘a” musobaqasida o‘zbekistonlik taekvondochilar 2 ta oltin va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Tokio olimpiadasi chempioni Ulug‘bek Rashitov va Jasur Jaysunov turnir g‘olibiga aylandi. Svetlana Osipovada esa bronza medali bor.
Jizzax viloyati Baxmal tumani bosh arxitektori vafoti munosabati bilan “O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. O‘lim yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlandi.
O‘zgidromet 2-aprel kuni Toshkentda deyarli uch soat davom etgan yomg‘ir miqdori turli hududlarda 10 millimetrdan 33 millimetrgacha bo‘lganini ma’lum qildi. Do‘lning diametri 11 millimetrga yetdi. Kunlik yog‘ingarchilikning mutlaq rekordi (65 mm) 1990-yil 8-aprelda qayd etilgan. Aprel oyining normasi 63 mm.
Yakshanba kuni kuchli yog‘ingarchilik paytida Toshkentning Bobur ko‘chasida joylashgan turar joy binosida ikkita balkon qulab tushdi. “Gazeta.uz” muxbirlari voqea joyiga borib, ehtimoliy oqibatlar bo‘yicha aholi bilan suhbatlashdi.
Respublikaning deyarli barcha hududlarida 3-aprel kuni soat 20:00 dan 23:00 ga qadar jala yomg‘irlari yog‘ishi kutilmoqda.
Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi Ispaniyaning “Laboratorio Miquel” ishlab chiqaruvchisiga tegishli “Tutukon neo” dorisini O‘zbekistondagi farmatsevtika bozoridan qaytarib oldi.
Mart oyida inflyatsiya darajasi 1,01%ni tashkil etdi, bu 2022-yilning shu oyidagidan past, lekin 2021-yildagidan ko‘p. Sut narxining oshishi davom etdi, shakar 4,7%ga, guruch 4,6%ga qimmatladi. Meva-sabzavotlardan qovoq, pomidor va karam eng qimmatlagan mahsulot bo‘ldi. Toshkentda palov narxi 4,5%ga oshdi.
20−21-may Toshkentda bo‘lib o‘tishi aytilgan “JARA” musiqa festivali boshqa vaqtga ko‘chirilishi mumkin, deya “Gazeta.uz”ga tadbir targ‘ibotchilari xabar bermoqda. iTicket sayti chiptalar savdosini to‘xtatdi, festivalning Instagram`dagi sahifasi bloklandi. Avvalroq tadbir Boku va Almatada bekor qilingandi.
Prezident qarori bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash tartibi belgilanadi. Shuningdek, Kasbi tumanida suv kirish nuqtalari boshqaruvini raqamlashtirish va foydalanuvchilarga suv yetkazib berish bo‘yicha sinov loyihasi amalga oshiriladi.
Hafta davomida O‘zbekistonning katta qismida yomg‘ir yog‘ishi prognoz qilinmoqda. Ayrim joylarda shamol kuchayib, chang-to‘zonlar, do‘l yog‘ishi kuzatiladi. Harorat +15…+23 daraja atrofida bo‘ladi.
Hokimlik qarorlari e’lon qilinadigan E-Qaror portalida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi loyihasini targ‘ib etish bo‘yicha guruhlar tuzish to‘g‘risidagi hokimlar qarorlari berkitildi, bu haqdagi Toshkent shahri hokimi v.b.ning qarori esa o‘chirib tashlangan.
Fermerlar kengashi ro‘zador fermerlarni suv ichishga majburlagani aytilgan Koson tumani hokimi Asrol Boyqorayevning xatti-harakatlari yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat yo‘lladi. BP matbuot xizmati holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Bolgariyada o‘tgan badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogining 2-bosqichida Taxmina Ikromova 1 ta oltin va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. U Gretsiyada o‘tgan 1-bosqichda kumush medalni olgandi. Musobaqaning 3-bosqichi Toshkentda bo‘ladi.
Tijorat banklari 3-aprel kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 280 — 11 400 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa 11 420 — 11 460 so‘m.
2-aprelda Toshkentda kuchli yog‘ingarchilik kuzatilib, shahar ko‘chalari, tunnellar va hatto metro bekatlarini suv bosdi. Hokimlik holatga munosabat bildirib, buni “lotoklar bir paytning o‘zida bunday katta oqimni qabul qilishga mo‘ljallanmagani” bilan izohladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting