Shahrisabzda hokim yordamchisi o‘zi ta’sischiligidagi MCHJga 162 mln so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, ushbu mablag‘larni talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Unga nisbatan JKning 3 ta moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuxrat Aliyev Namangan viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U bungacha Buxoro viloyati IIB boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
Farg‘ona va Andijon viloyatlarida Tojikistonda bo‘lgan zilzila kuchi sezildi (2 ball). Payshanba tongida ham O‘zbekistonning 10 dan ortiq hududida yer silkinishlari qayd etilgandi.
Shayxontohur tumani Labzak dahasida fuqaro ko‘p qavatli uy yerto‘lasining tayanch devorlari va kommunikatsiya tarmoqlari joylashuvini o‘zgartirgani ma’lum bo‘ldi. Unga bayonnoma tuzilib, 15 kun muddatda binoni o‘z holiga keltirish topshirildi.
Transport vazirligi 22 fevral kuni Rossiyaning Orenburg viloyatida ag‘darilib ketgan avtobusda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmaganini ma’lum qildi.
SSV va JSST hamkorligida o‘tkazilgan seminarda Toshkentda toksikologiya markazi tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Qo‘llanayotgan kimyoviy moddalar hajmining ortishi, ularning internetdagi savdosi va bular haqda yetarli bilimga ega emaslik tizim uchun qo‘shimcha xavf ekani ta’kidlandi.
Jizzakh Auto tomonidan 117 ta Volkswagen Caddy «Tez yordam» avtomashinasi hududlarga taqdim etildi. Hozirda ularning umumiy soni 337 taga yetdi. Respublika bo‘yicha yana 640 ta mashina xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori bilan Yunusobod tumani «Buyuk Turon» mahallasidagi (Oloy bozori orqasidagi) ko‘chalarning biriga Usmon Nosir nomi berildi.
Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning 2022 yil bahoridagi tashrifida 2 davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangandi. Shavkat Mirziyoyev shartnomani tasdiqlash bo‘yicha qaror qabul qildi. Endilikda imtiyozli savdo sohasida hamkorlik qilinadi.
Chilonzor tumanida 33 yoshli erkak o‘zaro janjal sabab ayolini bo‘g‘ib o‘ldirdi. Natijada ayol qornidagi egizak bolalar ham vafot etdi. Sud ayblanuvchiga 18 yil qamoq jazosini tayinladi.
Amerikaning Subway fastfud tarmog‘i Toshkentda o‘zining birinchi restoranini ochadi. U yangi qurilayotgan Tashkent City Mall savdo-ko‘ngilochar markazida joylashadi.
Ohangaron shahrida 3 nafar ayol bola o‘g‘irlamoqchi bo‘lgani rad etildi. Toshkent viloyati IIBB ayollar dori sotib yurgani va mahalliy aholi ulardan shubha qilganini bildirdi.
25−26 fevral kunlari O‘zbekistonga sovuq va nam havo massalari kirib keladi. Harorat kechasi 0…−5 darajagacha, kunduzi 0…+5 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
Yanvar oyida o‘zbekistonliklar orasida ko‘chmas mulk sotib olishga talab dekabrga nisbatan 19,7 foizga oshdi. Shu bilan birga, ikkilamchi bozorda uy-joy narxi bir yilda 20,2 foizga ko‘tarildi.
Yanvar oyida O‘zbekistonga Germaniya, Litva, Fransiya, Singapur va Buyuk Britaniyadan 13 ta samolyot olib kelindi. Ularning narxi 633,1 mln dollarni tashkil etdi.
Prezident raqamlashtirishni jadallashtirish uchun hududlarda Raqamli tashqi reklama portali ishga tushishini ma’lum qildi. Tashqi reklamadan tushgan pulning 20 foizi viloyatlarning o‘zida sohani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Bandlik vaziri Behzod Musayevning ta’kidlashicha, mamlakatda mehnatga layoqatli aholining 1,3 mln nafari ishsiz. 2022 yilda qashshoqlik darajasi 17 foizdan 14,1 foizga tushgan, 2023 yilda bu ko‘rsatkichni 12 foizgacha kamaytirish kutilmoqda. Iqtisodchi hamda bloger esa vazirning bayonotiga ishonchsizlik bildirdi.
Qashqadaryo prokurori Salom Samadov bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U ushbu lavozimda 2017−2018 yillarda ham ishlagan.
Farg‘ona hayvonot bog‘ida Qozog‘istondan keltirilgan Maksim laqabli jirafa nobud bo‘ldi. U anomal sovuq kunlarda shamollab qolgan. Bunday sovuq sababli boshqa mayda jonzotlar, xususan, qushlar ham nobud bo‘lgan.
Tijorat banklari 23 fevral kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 260 — 11 315 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 375 so‘m.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting