Boks bo‘yicha Qozog‘iston terma jamoasi Hindiston va O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatini boykot qilmaydi. Qozog‘iston boks federatsiyasi rahbari Kenes Rakishevning fikricha, ushbu turnir garchi olimpiya litsenziyalarini bermasada, tajriba va amaliyot jihatidan muhim.
Yanvar oyida faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun ishdan olingan energetika vazirining sobiq o‘rinbosari Sherzod Xodjayev vazirlikning qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha loyiha ofisi direktori lavozimida ishini davom ettirmoqda.
Toshkentdagi Milavitsa ichki kiyimlar do‘koni modellar suratini vitrinaga qaytarib, ularning bir qismini almashtirdi. Suratlar internetdagi tanqid va tuman hokimligi bilan o‘tkazilgan «tushuntirish suhbati»dan so‘ng olib tashlangandi. Hokimlik esa do‘konni suratlarni olib tashlashga majburlamaganini bildirdi.
O‘zbekistonda IT bo‘yicha President Tech Award tanlovi may oyidan boshlab o‘tkaziladi. Unda 30 yoshgacha bo‘lgan o‘zbekistonliklar beshta asosiy, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlar esa maxsus yo‘nalish bo‘yicha jamoaviy ishtirok etishi mumkin.
Qo‘yliq yo‘nalishida harakatlanuvchi avtobus va yo‘nalishli taksilarning oxirgi bekati Food City`ga ko‘chirildi. U yerda savdo majmuasining ma’muriyati yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar taklif qilmoqda.
Amudaryo tumanida Damas va Lacetti o‘rtasida bo‘lgan yo‘l transport hodisasi oqibatida Lacetti boshqaruvidagi 28 yoshli yigit vafot yetdi. Damas haydovchisi va yo‘lovchisi esa og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida mahkumlarni topshirish bo‘yicha hukumatlararo bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
O‘zbekiston TIV Afg‘onistonda Alisher Navoiy yodgorliklari vayron qilinganiga munosabat bildirdi. Afg‘oniston tomoni bilan bog‘langan vazirlik bu vandalizm «noma’lum shaxslarning o‘zboshimchalik va o‘ylamasdan qilgan harakati» ekanini bildirib, yodgorliklarni tiklash choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
O‘zbekistonlik sayyohlar soni yil davomida ikki baravarga ko‘payib, 5,16 mln kishiga yetdi. Sayohatlar uchun eng mashhur yo‘nalishlar Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston davlatlari bo‘ldi.
Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekiston bilan mahkumlarni alishish bitimini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hozirda Qozog‘istonda 486 nafar o‘zbekistonlik qamoqda saqlanayotgani aytildi. O‘zbekistonda esa 20 nafar qozog‘istonlik mahkum bor.
«O‘zavtosanoat» raisi Shavkat Umurzoqov avtomobilni navbatsiz olish uchun «shapka»ni qonuniylashtirishga qarshi ekanini ma’lum qildi. Uning fikricha, navbatlar muammosini faqat ishlab chiqarishni ko‘paytirish bilan yengish mumkin. Kompaniya 2023 yilda yarim million avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Namangan tumanidagi cho‘yan quyish sexida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi. Yana bir ishchi tan jarohati oldi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlari soha samaradorligini oshirish, uni modernizatsiya qilish masalalarini muhokama qildi. Buning uchun ham ichki, ham tashqi manbalardan yirik moliyaviy investitsiyalar talab etilishi aytildi.
Andijon va Navoiy viloyatlarida aholi quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Hokimliklar jarayon «faqat tavsiya sifatida» va «hech bir majburlovlarsiz» kechayotganini bildirdi. Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, «ratsional harakat ongli va ongsiz ravishda obro‘sizlantirilmoqda».
Prezident imzolangan qonun bilan endi ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Zafar Abdrimov Hazorasp tumaniga hokim etib tasdiqlandi. Shuningdek, avval Urganch tumani prokurori bo‘lgan Ruslan Jumaniyazov Yangibozor tumaniga hokim bo‘ldi.
Tijorat banklari 16 fevral kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 310 — 11 375 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 425 so‘m.
Energetika vazirligi mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda hafta oxirigacha vodiy viloyatlaridagi AGTKSHlar faoliyatini bosqichma-bosqich tiklash choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
«Toshkent-O‘sh» yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tuvchi qismida qor ko‘chkilari sodir bo‘ldi. Hozirda yo‘llar tozalanmoqda, yo‘lovchilar uchun isitish punktlari tashkil etildi. Farg‘ona vodiysiga qo‘shimcha poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Turkiya prezidentining jahon hamjamiyatiga minnatdorchilik bildirgani, AQShda hindularning hukumatni sudga bergani, Isroil va Turkiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilayotgani, Madridda taksi haydovchilari yo‘lni to‘sib qo‘ygani va boshqalar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting