Yanvar oyida O‘zbekistonda 33 mingdan ortiq xonadonning bir oylik iste’moliga teng bo‘lgan 5,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 511 ta holat aniqlandi, deb xabar berdi Energetika vazirligi.
Jizzaxda 4 kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ulardan ikki nafari talaba bo‘lgan. Hodisaga isitish tizimining tabiiy gazdan foydalanish va yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ekani sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Anhor kanali bo‘yida obyekt qurilishi davom etayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Jamoatchilik bunga qarshilik bildirdi. Qurilish vazirligining ma’lum qilishicha, kompaniya bir necha ogohlantirishga qaramay jarayonni davom ettirgan. Hozirda qurilish ishlari to‘xtatildi.
Baliqchi tumani tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limida 5 yoshli qiz vafot etgani aytilmoqda. Holat bo‘yicha birlashma shifokorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov missiyasini yakunlayotgan Pokiston va Xitoy elchilari bilan uchrashdi. Vazir elchilardan hamkasblariga salom yetkazishni so‘radi.
Shavkat Mirziyoyev birinchi chorakda YIM pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun sovuqdan jabr ko‘rgan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi. Tadbirkorlik subyektlariga kredit to‘lash muddati uzaytiriladi, qarzni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, foiz va “penya” hisobini to‘xtatib turish va boshqa imkoniyatlar yaratiladi.
3 fevral holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida 35 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyati qayta tiklandi.
Shavkat Mirziyoyev hafta davomida gaz quyish shoxobchalariga gaz yetkazib berish hajmi 5 barobarga oshirilganini ma’lum qildi.
Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston boshqarmasi fuqarolarning foydalanilmayotgan buyumlarini ehtiyojmandlarga tarqatish bo‘yicha aksiyani boshladi. Boshqarmaning Nukusdagi binosi oldiga «saxovat konteyneri» o‘rnatildi. Odamlar keltirgan buyumlar shu yerda to‘planib, ehtiyojmandlarga yetkazib berilmoqda.
Texnika universiteti 4-kurs talabasi diniy qo‘shiqlarni tanishlari orasida tarqatgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Diniy qo‘mita xulosasiga ko‘ra, aqidaparastlik g‘oyasiga asoslangan ushbu nashidani O‘zbekiston hududiga olib kirish va tarqatish taqiqlanadi.
Poytaxtda 10−12 fevral kunlari qilichbozlik bo‘yicha ayollar o‘rtasida Jahon kubogi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Unda yigirmadan ortiq davlat vakillari ishtirok etadi.
Mobile Retail (Elmakon brendi)ning «ikkinchi xotin» uchun texnika reklama qilingan bannerlari demontaj qilindi, deb xabar berdi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi. Davlat idorasi buni reklama to‘g‘risidagi qonunga zid deb baholadi.
O‘zbekistonga Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Dam olish kunlari havo harorati kechalari 0…+5 daraja, kunduzi +5…+10 daraja atrofida bo‘ladi. Hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi.
Xorazmda fermer xo‘jaligi rahbari 7,3 gektar sug‘oriladigan yerda noqonuniy sun’iy ko‘l tashkil qilganlikda gumonlanmoqda. Buning ortidan u nobudgarchilikka yo‘l qo‘yib, davlatga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan. Unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Ukrainaning favqulodda va muxtor elchisi Mikola Doroshenko bilan uchrashdi. Muloqotda turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston 2022 yilda 34 ta davlatdan yengil avtomobil import qildi. Statistika agentligiga ko‘ra, eng ko‘p mashina Xitoydan (11 159 dona) olib kelingan. Keyingi o‘rinlarda Koreya, Qozog‘iston va Rossiya qayd etilgan.
Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Qurolli kuchlarini qurollantirish bo‘yicha davlat komissiyasi tashkil etildi. U maxsus organlarni qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnika bilan ta’minlash bo‘yicha yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbollarni belgilaydi, dasturlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.
Tijorat banklari 3 fevral kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 225 — 11 315 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 350 so‘m.
O‘zbekistonda 45 mingdan ortiq shaxs OIV kasalligi bilan yashab kelmoqda. O‘tgan yilda infeksiyaga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortgan.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Axsikent shahri xarobalaridan noyob tanga, Qoraxoniylar davriga oid devoriy suratlar va ming yillik Damashq qilichlari topildi. Restavratorlar buyumlarni ta’mirlamoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting