Qonunchilik palatasida «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha hujjat loyihasining muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni hujjatsiz saqlashni taqiqlash masalasini ko‘rib chiqdilar.
Shavkat Mirziyoyev 12 nafar chet el fuqarosini «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. Ular orasida Turkiya vitse-prezidenti, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari vazirlari, AQSh va Ozarbayjon elchilari va boshqalar bor.
Toshkent IIBB Chilonzorda yo‘lning qarama-qarshi bo‘lagida avariya holatini vujudga keltirgan holda harakatlangan Lacetti haydovchisini topdi. Unga nisbatan MJtKning uchta moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi, mashina esa jarima maydonchasiga qo‘yildi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining «Toshkent-London» reysi yo‘lovchilarining yuklari samolyotga ortilmay qolib ketgan. Kompaniya buni Airbus 320neo samolyotining cheklangan tijorat yuklanishi bilan izohladi. Bagajlar 30 avgust kuni yetkazib beriladi.
Prezident farmoni bilan Aziz Voitov qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Shu munosabat bilan u investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Urganchda Jaloliddin Manguberdi haykalini ochib bergan prezident, talabalar onlayn oladigan to‘lov-shartnoma, bolalar uchun kelgan Pfizer vaksinasi, daraxtlari shikastlangan yangi Milliy bog‘, yangi Qishloq xo‘jaligi vaziri va boshqalar — «Gazeta.uz» da kun dayjesti.
“Zangiota-2” ixtisoslashtirilgan shifoxonasi negizida birinchi Taskin bolalar hospisi ochildi. Muassasada bedavo kasallikka chalingan bemorlarga bepul palliativ yordam ko‘rsatiladi. “Gazeta.uz” hospisning qanday ishlashi va uning ochilish tarixini hikoya qiladi.
Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer telefon orqali muloqotda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevni mamlakat mustaqilligining 31 yilligi bilan tabrikladi. Tomonlar mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan Yevropa Ittifoqi doirasidagi konstruktiv muloqotni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Sarayevoda bo‘lib o‘tgan dzyudo bo‘yicha kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Dzyudochilar jamoaviy bahslarda ham qatnashib, o‘z tarixida ilk marta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Prezident farmonlari bilan bir guruh diplomatik missiyalar rahbarlariga oliy diplomatik martabalar berildi. Jumladan, ikki nafar diplomatga favqulodda va muxtor elchi, uch nafariga esa 2-darajali favqulodda va muxtor vakil martabasi berildi.
Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi besh yillik rekonstruksiyadan so‘ng, qayta ochilgan Milliy bog‘dagi daraxtlarga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Keyinroq esa xabar o‘chirib tashlandi.
O‘zbekistonga COVAX mexanizmi doirasida ilk bor kovidga qarshi 201 600 doza Pfizer bolalar vaksinasi keltirildi. 5−11 yosh bolalarga mo‘ljallangan vaksinalar Yevropa Ittifoqi va Shvetsiya hukumatining xayriyasi hisoblanadi.
Oliy ta’lim vazirligi pedagoglarni tayyorlovchi xorijiy OTMlarda o‘qiyotgan ayrim talabalarning to‘lov-kontrakt pulini davlat tomonidan to‘lab berishni taklif qildi. Buning uchun ikki bosqichli tanlov o‘tkaziladi. Undan muvaffaqiyatli o‘tgan talaba o‘qishni tamomlagach, kamida 3 yil ishlab berishi kerak bo‘ladi.
Tarmoqlarda er o‘z ayolini o‘ldirib, 2 kun davomida mashinada olib yurgani aytilgan video tarqaldi. IIV tasvirlar aslida, fuqaro ayolining murdasini uyiga dafn uchun olib ketayotganida suratga olinganini ma’lum qildi. Marhuma «chap tuxumdon kistasi yorilishi, ichki qon yo‘qotish»dan vafot etgani aytilmoqda.
Yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston eng ko‘p bug‘doy ($422,4 mln), shakarqamish ($251,7 mln), margarin ($173,3 mln) va qoramol go‘shti ($116,4 mln), bug‘doy uni ($72,7 mln) import qildi.
Gulistonda oyog‘i ariqqa tiqilib qolgan bolaga qutqaruvchilar yordam ko‘rsatdi, u jarohat olmadi. FVV ota-onalarni o‘z farzandlarini qarovsiz qoldirmaslikka chaqirdi.
Dang‘ara tumanida nogiron onasini urgani uchun otasini o‘ldirib qo‘ygan 25 yoshli yigitga sud hukmi o‘qildi. Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, otasi spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan va onasini muntazam kaltaklab kelgan. Yigit ushbu jinoyati uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Deputatlar 16 iyuldan beri bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga Aziz Voitovning nomzodini ma’qulladi. U bunga qadar investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Toshkentda advokat soliq tekshiruvidagi huquqbuzarlik uchun moliyaviy jarima qo‘llamaslik evaziga tadbirkordan 23 ming dollar olganlikda gumonlanmoqda. Yana ikki holatda advokatlar mahbuslar jazosini yengilrog‘iga almashtirishni hal qilib berish uchun 22 ming dollar olganlikda gumonlanib, qo‘lga olingan.
Bayram kunlari O‘zbekiston bo‘ylab ob-havo biroz issiqroq bo‘ladi, harorat +37 darajagacha ko‘tariladi. Kechalari va tonggi vaqtlarda havo salqinlashadi. Hafta davomida yog‘ingarchiliklar kutilmayapti.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting