Qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishga ulgurmagan pazandalar uchun Zira.uz sahifasi baqlajonli va qovoqchali ikralar, sabzavotli qayla, lecho, baqlajonni pomidorli qaylada pishirish hamda sabzavotlarni qish uchun muzlatib qo‘yish usullari va retseptlarini taqdim etadi.
“O‘zavtosanoat” va Xitoyning BYD Auto kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobillarini to‘liq siklda ishlab chiqarishni tashkil etishga kelishib oldi. Kelgusida dvigatellar, elektromotorlar va akkumulyatorlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Avvalroq tomonlar O‘zbekiston bozori o‘rganilayotgani haqida xabar bergan edi.
XTVga yil oxiriga qadar 3, 6, 7 va 10-sinflar uchun yangi darsliklarni ishlab chiqish topshirilgan edi, biroq jadvaldan ilgarilab ketilgani sababli o‘quvchilar sentabrdanoq ularni qabul qilib olishni boshlaydilar. Shu bilan birga, qog‘oz narxlari oshib ketgani bois hukumatga qo‘shimcha mablag‘ zarur bo‘lmoqda.
Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev Toshkentda SHHTga a’zo davlatlardagi hamkasblari bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqida 2022 yil yanvarida Qozog‘istonda va iyul oyida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar RF tomonidan G‘arbning «rangli inqiloblarga urinishi» sifatida baholanishini aytdi.
DXX to‘rtta holatda jami 9740 ta «Repagen» va 2990 ta «Tropikamid» psixotrop dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi.
O‘zbekistonda Qirol Abdulaziz universiteti bilan hamkorlikda yangi markaz tashkil etiladi. Batafsil muhokamalar universitet delegatsiyasining oktabr oyida Toshkentda o‘tkaziladigan InnoWeek-2022 doirasidagi tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.
Navoiydagi issiqxonalarga tabiiy monopoliya bo‘lgan «Navoiy IES» 1 Gkal issiqlik energiyasini 166,1 ming so‘m o‘rniga — 227,5 ming so‘m qimmat narxda yetkazib bergani aniqlandi. Natijada 70 dan ortiq tadbirkorga qariyb 8,0 mlrd so‘m zarar yetkazildi. Sud Antimonopoliya qo‘mitasi ko‘rsatmasini qanoatlantirdi.
Buxoroning Shofirkon tumanida fuqarolarga ishsizlik nafaqasi tayinlatib berishni va’da qilgan ikki gumonlanuvchi ushlandi. Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining sobiq inspektori va uning tanishi 13 nafar fuqaroning 700 dollar va 6 mln so‘mini o‘zlashtirgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Poytaxt kengashi Toshkentda yuzni tanib olish va nazorat qilish tizimini joriy etishni ma’qulladi. IIVning Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, tizim aholi salomatligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va ommaviy tartibsizliklarni aniqlashda muhim ahamiyatga ega.
Epidemiolog Lola Umarova yil boshidan beri 10 kishi kuydirgi yuqtirib olganlikda gumonlangani, faqat bir holatda — Yunusobod tumanida yashovchi fuqaroda kasallik tasdiqlanganini ma’lum qildi. SES bu xabarni rad etib, mazkur ma’lumot hozirda o‘tkazilayotgan o‘quv-taktik mashg‘uloti uchun berilganini qayd etdi.
Ishtixon tumanida fermer xo‘jaligi rahbari xorijdan naslli chorva mollarini sotib olish uchun ajratilgan 780 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirganligi aytilmoqda. Angren shahrida esa baliqchilik uchun ajratilgan 490 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i talon-toroj qilingan.
Samarqand aeroporti 14−16 sentabr kunlari tijoriy yo‘lovchi va yuk tashuvchi reyslarni qabul qilmaydi. Shu kunlari shaharda SHHT sammiti bo‘lib o‘tadi.
Chortoq tumanidagi “Sulton Uvays Qaraniy” ziyoratgohidan Qur’onning qo‘lyozma nusxasini o‘g‘rilagan ikki nafar shaxs ushlandi. Ular kitobni Namangan shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida saqlab kelgani aytilmoqda. Kitobga zarar yetkazilmagan. Holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
19 avgust kuni Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasini kutib olish maqsadida soat 18:00 dan 23:00 gacha bo‘lgan vaqtda poytaxtning bir necha ko‘chalari avtomobillar harakati uchun yopiladi.
18 avgust kuni Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilgan V Islom birdamligi o‘yinlari o‘z nihoyasiga yetdi. Unda O‘zbekiston termasi jami 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, jamoaviy hisobda ikkinchi o‘rinni egalladi.
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudni «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotladi. U mazkur mukofotga sazovor bo‘lgan birinchi inson bo‘ldi.
O‘zgidrometning ma’lumotlariga ko‘ra, 20−22 avgust kunlari O‘zbekiston sovuq antitsiklon ta’sirida bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazmda havo harorati +11 darajagacha, boshqa viloyatlarda esa +12 …+13 darajagacha pasayadi.
Toshkent aeroportining mahalliy va xalqaro terminallari o‘rtasida bepul avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Avtobus har kuni soat 5:00 dan 23:30 gacha ishlaydi.
Islom birdamligi o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan sportchilarga «oltin» uchun 5 ming, «kumush» uchun 3 ming va bronza medal uchun 2 ming dollar beriladi. Sportchilarning murabbiylariga esa mos ravishda 2,5 ming, 1,5 ming va 1000 dollardan topshiriladi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 17 avgust kuni shom namozi vaqtida Kobuldagi masjidda sodir etilgan va 21 kishining hayotiga zomin bo‘lgan teraktni qoralab bayonot berdi. TIV halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting