Rossiya Jahon turizm tashkiloti (YUNVTO) tarkibidan chiqdi. Aprelda tashkilot Bosh assambleyasi Ukrainaga bostirib kirish tinchlik va xalqaro do‘stlik qadriyatlariga mos kelmasligi sababli RF a’zoligini to‘xtatgan edi.
Shavkat Mirziyoyev avtomashinada Toshkent bo‘ylab bir yarim soat yurib, juda ko‘p qoidabuzarliklarga guvoh bo‘lganini aytdi. «Xohlagan odam xohlaganini qilib yuribdi. Odam qo‘rqib ham ketdi», dedi u.
O‘zbekiston va Iroq yoshlar terma jamoalari uchrashuvida tomoshabinlar toshbo‘ron uyushtirishdi. Natijada fotosuratchi va operator jarohatlandi. Iroq termasi bosh murabbiyining fikricha, o‘yinni to‘xtatish kerak edi. «Muxlislar biz tomon toshlar uloqtirishdi. OFKga savolim bor: bu normal holatmi?» — dedi u.
Gurlan tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Murodjon Achilov Xorazm viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Kuzda viloyat hokimi unga hayfsan e’lon qilgan edi.
Buxoroda markaziy quvurda ro‘y bergan nosozlik tufayli suv ta’minoti vaqtincha to‘xtab qoldi. Viloyat hokimi ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar termasi Iroq jamoasini mag‘lub etib, Azii U-23 Kubogi yarim finaliga chiqdi. O‘zbekistonliklar o‘yinning katta qismini o‘n kishi bilan o‘tkazgan bo‘lsa-da, penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi. «Xuddi Yevropa Chempionlar ligasiga o‘ynagandek bo‘ldik», — dedi Jasur Jaloliddinov.
12 iyun kuni Butunjahon velosiped kuniga bag‘ishlangan velomarafon o‘tkazilishi munosabati bilan poytaxt markazidagi ayrim ko‘chalar soat 8:00 dan 11:00 gacha yopiladi.
Samarqand viloyatining Jomboy tumanida 5 nafar fuqaro Germaniya fuqarosiga og‘ir tan jarohati yetkazishda ayblanib, 13 yildan 19 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi. Ular uning uyiga niqob kiyib kirib, pul o‘g‘irlamoqchi bo‘lishgan.
12 iyundan AQShga havo yo‘li orqali kirib keluvchi yo‘lovchilardan majburiy PZR-testi talab qilinmaydi. Bayden ma’muriyati mazkur tartibni xalqaro sayohatchilar AQShga parvoz qilishdan bir kun oldin bekor qildi.
6 iyun kuni O‘zbekistonda “Tashkent Art Fest-2022” rassomchilik va san’at festivali start oldi. Festival so‘nggida konkurs g‘oliblarini ajoyib mukofotlar kutmoqda.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida Ai-80 benzini tannarxi 2800 so‘mni tashkil qilmoqda, birjaga esa 3900 so‘mdan qo‘yilmoqda. May oxirida «O‘zbekneftgaz» ga qarashli AYOQSHlarda Ai-80 narxi 6800 so‘mgacha ko‘tarilgandi. «Benzin narxlarining ko‘tarilishida zavodning aloqasi yo‘q», — dedi zavod rahbari o‘rinbosari.
Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylar qurilgan Qorasuv massivida 1,5 yoshli qizaloq 10-qavatdan tushib ketib, halok bo‘ldi. Mahalliy nashrlar bu kabi holat avval ham bo‘lganini xabar bermoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda navoiylik tiktoker o‘zining ikkita Pitbull zotli itiga daydi mushukni talatib, buni suratga olgani aks etgan videolar tarqaldi. Viloyat IIB tiktoker shaxsi aniqlangani va u ikkita modda doirasida ma’muriy javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.
IIV matbuot kotibi IIB xodimlari kaltaklashganini aytgan yigit va qiz «giyohvandlik vositalariga aloqadorlik, shuningdek, profilaktik nazorat buzilishi» bo‘yicha gumonlanib, tekshirish uchun bo‘limga olib borilganini ma’lum qildi.U «boshidanoq fuqarolar o‘zini noo‘rin tutganini» aytib, qisqa videoni e’lon qildi.
Prezident qaroriga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalar yuklatilib, maxsus departament ham tashkil etildi. Vazirlik yerlar cho‘llanishi, ularni tiklash, ekinlarni almashlab ekish, o‘rmonlar barpo qilishni monitoring qiladi va majburiy ko‘rsatmalar beradi.
Malinali moxito, maymunjondan tayyorlangan moxito, shaftolili limonad, bodringli limonad va boshqa salqinlashtiruvchi ichimliklar retseptlari — Zira.uz materialida.
Senatning 27-yalpi majlisi 13 iyun kuni chaqiriladi. Unda davlat mulkini boshqarish, alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklashga oid qonunlar ko‘riladi. Bundan tashqari, senatorlar Oliy sud raisini saylashi rejalashtirilgan.
Shanba kuni erta tongda Buxoro viloyatidagi «Kogon magistral gaz quvurlari» boshqarmasida yong‘in sodir bo‘ldi. Olov 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 2 ta maxsus texnika yordamida 1,5 soatda bartaraf etildi.
Shanba kuni tongda o‘zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolov Nyu-York shahrida belgiyalik charm qo‘l qop ustasi Jek Mulovaiga qarshi ringga ko‘tarildi. 27 yoshli Jalolov 8-raundda raqibini nokautga uchratdi. Shu tariqa u professional boksdagi 11-jangida ham g‘alabaga erishdi.
Termiz tumanida Damas avtomashinasidan bolalar bog‘chasi mikroavtobusi sifatida foydalanilayotgani aniqlandi. Mikrovenda 25 bola tashilgan. Mashina old oynalarga parda tortilgani uchun jarima maydonchasiga qo‘yildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting