Kiyev va uning atrofida ishlagan 11 nafar o‘zbekistonlik mart oyi boshida bedarak yo‘qolgan edi. O‘shandan beri qarindoshlari ular bilan bog‘lana olmadi. Elchixona ularni qidirmoqda. «Gazeta.uz» bedarak yo‘qolganlardan birining ukasi bilan suhbatlashdi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti Rossiyadan pul o‘tkazmalari qisqarishi fonida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun yangi yo‘nalishlarni baholadi. Polsha, Bolgariya, Litva, Chexiya hamda boshqa Yevropa va Osiyo davlatlari migratsiyani rivojlantirish uchun jozibador yo‘nalishlar deb nomlandi.
Toshkentda OITSga chalinib bemorlarni davolab kelgan stomatolog, Emmanuel Makronni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklagan Shavkat Mirziyoyev, test topshiriladigan fanlar majmuasi tasdiqlangani, 9 mayda o‘tkazilmaydigan harbiy parad, Ramzan Qodirovga Ramazon hayiti arafasida tabrik yo‘llagan prezident, Toshkentda tramvayni qayta tiklash loyihasiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan Belarus va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 25 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
SES boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov «Guangjou» klinikasining Toshkent shahri va boshqa viloyatlardagi filiallari litsenziya olishi jarayonida noqonuniy hujjat kuzatilmaganini ma’lum qildi. Agarda noqonuniy holat kuzatilsa, litsenziya berilmagan bo‘lardi, deya ta’kidladi u.
1-maydan boshlab ikki yildan kam haydovchilik tajribasiga ega haydovchilarning avtomobillarida maxsus “Haydovchilikni endi boshlagan” belgisi bo‘lishi shart.
2023-yil 1-iyuldan nikohlanuvchilar genetiklarning xulosasi bilan turmush qurishadi. Bunda fuqarolar reproduktiv salomatlik markazlari orqali o‘z hisoblaridan molekulyar-genetik testdan o‘tishlari kerak bo‘ladi.
Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko Toshkentda tramvay qurish loyihasida ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi. Belarus tomoni infratuzilma, loyihalashtirish va harakat tarkibini yetkazib berish bilan bog‘liq yechimlarni taklif qilmoqda. «Agar shunday qaror qabul qilinsa, biz O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz», — dedi Golovchenko.
Sport kurashlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatini 8 medal — 2 kumush va 6 bronza medali bilan yakunladi.
USM xoldingi tarkibiga kiruvchi «Metalloinvest» kompaniyasining Toshkent metallurgiya zavodi aksiyadoriga aylangani ma’lum bo‘ldi. Kompaniya O‘zbekistondan temir yo‘l orqali tashish tarifini pasaytirishni so‘ragan. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzakov hukumat ushbu masalani o‘rganishini bildirdi.
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan respublikada harbiy parad o‘tkazish nazarda tutilmagani ma’lum qilindi. Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Mamadaliyev oldingi yillar ham bunday namoyishlar bo‘lmaganini aytdi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi O‘zbekiston hukumatiga mamlakatning bir qator hududlarida 500 MVt gacha quvvatga ega shamol elektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik tuzilmasini shakllantirishda maslahat beradi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi. Avvalroq unga qo‘mita huzuridagi Fiskal institut rahbarligi ham yuklatilgan edi.
Davlat geologiya va mineral resurslari davlat qo‘mitasi binosi auksionda 124,7 mlrd so‘mga sotildi. Uning boshlang‘ich bahosi 75,6 mlrd so‘m etib belgilangan edi.
2022−2023 o‘quv yili uchun respublika OTM bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari e’lon qilindi. Abituriyentlarga 5 ta fan bo‘yicha jami 90 ta test topshirig‘i beriladi.
1-sentabrdan shifokorlarga alohida tibbiyot muassasasi ochmasdan o‘z uyida yoki ijaraga olgan binosida yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat berilmoqda. Shuningdek, oilaviy poliklinikalarning kunduzgi statsionar ish vaqti 20:00 gacha uzaytiriladi.
Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 29 yoshli shaxs OITS bilan kasallanganiga qaramasdan tish shifokori sifatida faoliyatini davom ettirgani aniqlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hafta davomida O‘zbekiston bo‘ylab asosan quruq va iliq ob-havo kuzatiladi. Chorshanba va payshanba kunlari markaziy va sharqiy viloyatlarning ayrim tumanlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi va shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat +27…+32 darajagacha ko‘tariladi.
Pastdarg‘om tumanida fermer 6 gektar yerni noqonuniy tarzda 170 ming dollarga sotishga uringanlikda gumonlanmoqda. U oldindan 20 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan. Gumondor yer maydonini fuqaro nomiga tuman hokimligidagi tanishlari orqali rasmiylashtirishni va’da qilganligi aytilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti arafasida Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga tabrik yo‘lladi. O‘zbekiston delegatsiyasi unga oltin va kumushdan yasalgan «Poi Kalon ansambli» ning 3D shaklidagi suratini sovg‘a qildi. «Men [sovg‘aga] qarayapman va uni qo‘yishga joy qidirayapman. Prezident lol qoldirishni biladi», — deb yozadi Checheniston rahbari.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting