Prezident tibbiy sug‘urta shakllarini rivojlantirish, ekologiya oqibatida fuqarolar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini davlat zimmasiga yuklash, tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlash uchun Konstutitsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvga 25 mingta savol kelib tushgani, shundan 60 foizdan ko‘prog‘i shaxsiy savollar ekanligini ta’kidladi. «Nima uchun bu uchrashuv cho‘zildi? 85% muammolar avval hal qilindi. Albatta, hammaning ham savolini birdaniga hal qilolmaymiz. Bilim bilan, vaqt bilan yechiladi», — dedi u.
Toshkentning Uchtepa tumanida daraxt qulashi natijasida 6 ta mashinaga shikast yetdi. Hozirda vaziyat oqibatlari bartaraf etilmoqda.
1 apreldan Nukusdan Qozog‘istonning Beyneu shahriga (Mang‘istau viloyati markazi) yo‘lovchi poyezd harakati tiklanmoqda. Poyezdlar haftasiga uch marotaba har ikkala tomondan harakatlanadi. Boshqa qo‘shni davlatlar bilan temir yo‘l yo‘nalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma-bosqich ochilishi kutilmoqda.
19-martdan boshlab Davlat xizmatlari markazlarida eski haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmati vaqtincha to‘xtatildi. Davlat xizmatlari agentligi buni texnik va profilaktika choralari bilan izohladi. Bundan tashqari, eski guvohnomalarni yangisiga almashtirish muddatini 2023-yil oxirigacha uzaytirish rejalashtirilmoqda.
Mart oyining birinchi yarmida Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada kamaydi, dedi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov. U pul o‘tkazmalarining qisqarishi aholi daromadlari va ularning kredit to‘lash qobiliyatiga ta’sir qilishi mumkinligini tan oldi.
Mart oyi boshidan beri birja savdolarida shakar narxi 21,6% ga ko‘tarilib, bir kilogrami uchun 10 ming so‘mdan ziyodga yetdi. Vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida shakar zavodlari tomonidan birja savdosiga qo‘yiladigan shakar hajmi o‘rtacha 30 foizga oshirildi. Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda, mamlakatlar rasmiylarining ma’lum qilishicha, spekulyatsiyalar va sun’iy ravishda yuzaga keltirilgan tanqislik natijasida mazkur mahsulotga bo‘lgan talab borasida ajiotaj kuzatilmoqda.
O‘zbekiston Ukrainaning mustaqilligini tan olishini aytgan Abdulaziz Kamilov, Qashqadaryoda yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumani, dori vositalarini reklama qilishi taqiqlangan mashhurlar va shifokorlar, qiynoq qurbonlariga yetkazilgan zararning qoplab berilishi, asosiy stavkani 17 foizgacha ko‘targan Markaziy bank va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 17 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zgidromet mart oyidagi kuchli va davomiy yog‘ingarchiliklar ilgari kuzatilmagani, jumladan, respublikaning tog‘li va tog‘ oldi hududlarida yog‘ingarchilik odatdagidan 2−3 marta ko‘p bo‘lganini ma’lum qildi. Yog‘ingarchiliklar 2−4 kunlik tanaffuz bilan oy oxirigacha davom etishini kutilmoqda.
Qashqadaryoning Chiroqchi tumani tarkibida yangi Ko‘kdala tumani tashkil etildi. Unga Chiroqchidagi 420 ming nafar aholining 176,3 ming nafari yashayotgan 32 ta mahalla kiritiladi va Yettitom shaharchasi tuman markazi etib belgilandi.
Yaponiyadan O‘zbekistonga 201,6 ming doza AstraZeneca vaksinasi gumanitar yordam sifatida jo‘natildi. Hozirda O‘zbekistonda 14,1 mln doza vaksina zaxirasi mavjud.
Prezident farmoniga asosan Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tarkibida departament sifatida qayta tashkil etiladi. Vazirlikda boshqaruv tuzilmalari 666 tadan 222 taga, bir-birini takrorlovchi vazifalar 34 foizga, funksiyalar 46 foizga, harajatlar esa 84,5 mlrd so‘mga qisqaradi. Avvalroq, vazir Ruslanbek Davletov DXA tizimidagi xodimlar soni qisqarishini emas, aksincha ortishini aytgandi.
Yanvar-fevral oylarida «Tez yordam» xizmatiga 31,3 mingga yaqin asossiz murojaat kelib tushgan, ularning 992 tasi yolg‘on chaqiriqlardir. Eng ko‘p yolg‘on murojaatlar Toshkent viloyatida qayd etilgan.
Yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonun bilan mashhurlar, tibbiyot xodimlari yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarga o‘xshash shaxslarning dori vositalarini reklama qilishi taqiqlanmoqda. Shuningdek, reklamalarda bolalarni xavfli holatlarda ko‘rsatish, ota-onalar va tarbiyachilarni obro‘sizlantirish ham man qilinadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatda Fuqarolik kodeksiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi Qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararlar bilan birga, boy berilgan foyda va sarflangan xarajatlar ham to‘lab berilishi nazarda tutilmoqda.
1−15-mart kunlari ichida respublikada 7,8 mln kub metrdan ziyod tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi. Bu 583 ming xonadonning bir kunlik iste’moliga teng.
Markaziy bank asosiy stavkani devalvatsion va inflyatsion kutilmalar o‘sishining oldini olish, milliy valyutada jamg‘arish faolligini saqlab qolish hamda tashqi xatarlarning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish orqali mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida yillik 17 foizga oshirdi. MB iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun yana qanday choralar amalga oshirilishi rejalashtirilayotganini ham ma’lum qildi.
Fevral oyida birlamchi bozordan 28,8 ming, ikkilamchi bozordan esa 99,6 ming dona avtomobil sotib olindi. Avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishlar soni o‘tgan oyga nisbatan 13,4 foiz, bir yil avvalgiga nisbatan esa 149,2 foizga o‘sgan. Xorijiy avtomobillar oldi-sotdi shartnomalari soni ham 2,7 barobarga ortgan.
Senatining navbatdagi majlisida senatorlar yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ma’qulladi. Majlisda 1995 yilda qabul qilingan amaldagi kodeks tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi ta’kidlandi. Senat raisi Tanzila Narboyeva esa yangi kodeks «inson qadriga asoslangan"ini aytdi.
Markaziy bank asosiy stavkani 3 foiz bandga oshirib, yillik 17 foizgacha ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Regulyator 2020 yildan beri asosiy stavkani 14 foiz darajasida ushlab turgandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting