Hisob palatasi Toshkent tibbiyot akademiyasi binosi qurilishida 22,4 mlrd so‘m mablag‘ samarasiz sarflanganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, 9 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasi 16,7 mlrd so‘mlik maoshga soxta «vedomost» larni rasmiylashtirib, o‘zlashtirgani aniqlandi.
Hisob palatasi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan 2,8 trln so‘mlik kreditlar muammoli holatda ekanini ma’lum qildi. Jumladan, Navoiy viloyatida mazkur dastur bo‘yicha o‘zaro aloqador uch fuqaroga 51 ta kredit shartnomasi bilan ajratilgan 867 mln so‘m kreditlar maqsadsiz ishlatilgan.
Senatning 24-yalpi yig‘ilishida Mehnat kodeksini tasdiqlash, kiberxavfsizlik va reklama to‘g‘risidagi qonunlar ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, senatorlar ombudsman, TIV, IIV va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarlarining hisobotlarini tinglaydilar.
Samarqand viloyatida issiqxona qurish uchun ajratilgan yer maydonini 60 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar so‘ralgan pulning 20 ming dollarini olayotganda ushlandi. Holat yuzasidan tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
2021-yilda 2 mln so‘mgacha oylik oladigan soni kamayib, 2−4, 4−5 va 5 mln so‘mdan ziyod maosh oladiganlar soni ortdi. Xususan, 5 mln so‘mdan ortiq ish haqi oluvchilar soni bir yil avvalgiga nisbatan 209 ming kishiga ko‘payib, 513,2 ming nafarga yetgan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va saylangan prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Muloqotda, jumladan, ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.
Rossiyaning “Первый канал” telekanali muharriri Marina Ovsyannikova “Время” dasturi jonli efiri vaqtida Ukrainadagi urushni to‘xtatish va propagandaga ishonmaslikni so‘rab chiqdi. Mazkur holatga o‘zbek jamoatchiligi vakillari ham munosabat bildirdi. Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev “qo‘rquvni qanday qilib yengdi ekan?” deya savol bilan yuzlangan bo‘lsa, Davletovuz “haqiqat uchun kurashuvchi hamma joyda topiladi”, deya ta’kidladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 117,09 so‘mga ko‘tarilib, 11 150,12 so‘mni tashkil qildi. Yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
Buxorodagi XVI asrga oid «Talipoch qal’a darvozasi» devorini ta’mirlash uchun Turizm va ma’daniy meros vazirligi tomonidan 1 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi. Devorning bir qismi tinimsiz yomg‘ir yog‘ishi tufayli qulab tushgan edi.
15 martdan Ukrainadan qaytgan talabalar o‘qishini soddalashtirilgan tartibda ko‘chirish boshlandi. Hujjatlar hududiy ishchi guruhlar tomonidan qabul qilinmoqda.
O‘zgidromet 16−19 mart kunlari kutilayotgan kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli O‘zbekistonning 9 viloyatida sel kelish xavfi haqida ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning saylangan prezidenti Serdar Berdimuhamedovni saylovda qozongan g‘alabasi bilan tabrikladi.
15 mart kuni Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 250 nafar o‘zbekistonlik olib kelindi. Jami 26 ta aviareysda 5884 fuqaro evakuatsiya qilindi.
Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi yakunlari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatning amaldagi rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Serdar Berdimuhammedov 72,9 foiz ovoz bilan prezidentlikka saylandi.
DXX, IIB va Milliy gvardiya xodimlari Samarqand shahri, Ishtixon va Paxtachi tumanlarida yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxslarni qo‘lga oldi.
14 mart kuni respublikaning 11 ta hududida koronavirusga chalinish holatlari qayd etilmadi.
Prezident qarori bilan Gimnastika bo‘yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabi tashkil etiladi. Gimnastika maktabini tashkil etish va jihozlash uchun Davlat budjetidan jami 25 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
O‘zbekistonga Volga bo‘yi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kelishi kutilmoqda. Kuchli shamol va yog‘ingarchiliklar bo‘lishi, harorat 0 dan -10 darajagacha tushishi mumkin.
Dushanba kuni prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviachiptalari narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, zarar bilan ishlayotgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash amaliyotidan butunlay voz kechish kerakligi aytildi.
Vaqtincha Lvov shahriga ko‘chirilgan O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi, 8 kun dam oladigan maktab o‘quvchilari, Qozog‘istondagi yanvar voqealarida qatnashganlikda gumonlanayotgan 11 nafar o‘zbekistonlik, respublikada joriy etilayotgan 3 yillik IT-Visa, mast holda mashina boshqarganlarni 5 yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilish taklifi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 14 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting