Istanbulda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida navbatdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ukraina xalqaro xavfsizlik kafolatlari masalasida o‘z takliflarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, Rossiya Ukrainani Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshilik qilmaydi, mamlakat xavfsizligi BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari tomonidan kafolatlanadi. Ayni vaqtda Kiyev harbiy ittifoqlarga qo‘shilishdan bosh tortishga va’da berdi. Rossiya esa Kiyev va Chernigov yo‘nalishlarida harbiy faollik keskin qisqartirilishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning «ixtisoslashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tish va tegishli muolajalarni olish maqsadida» xorijda davolanayotgani xabar qilindi.
«Adolat» partiyasi vakili Gulniso Saidova «Ochiq budjet» portalida fuqarolar muammolar yechimi bo‘yicha tashabbuslarni taklif etib, bunga ovoz to‘plash jarayonini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu o‘zlariga qadrdon bo‘lgan tashkilot, maktab, bog‘cha va hokazolarga davlatning mablag‘ ajratilishi uchun tilanchilikdir». So‘nggi uch oyning o‘zida platformada 69,7 ming tashabbusga 5,9 mlnta ovoz berilgan.
Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 29−30 mart kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.
Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov davlat organlari ochiqligining monitoringi yuzasidan ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 135 ta davlat organidan 80 tasi (60 foizi) 2021 yilning IV choragidagi davlat xaridlariga oid ma’lumotlarni e’lon qilmagan. 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 43 tasida esa veb-saytning o‘zi umuman ishlamaydi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Davron Vahobov Savdo-sanoat palatasiga rahbar etib tayinlandi.
Chorshanba kuni Ukrainadan yana 146 nafar o‘zbekistonlik, shu jumladan, 42 nafar ayol, 12 nafar voyaga yetgaman bola va 2 nafar chaqaloq Polsha orqali olib kelindi. Evakuatsiya boshlangan kundan to hozirga qadar 27 ta aviareys yordamida jami 6030 nafar fuqaro vatanga qaytarildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso xonim hamda Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsuga Asakavani qabul qildi. Uchrashuvlarda sheriklik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni tayyorlashga kelishib olindi.
Madaniyat vaziri o‘rinbosari Olimjon Mirzayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini bunga qadar Vazirlar Mahkamasida mas’ul xodim sifatida ishlagan Murodjon Majidov egalladi.
Prezident Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zlab, O‘zbekistondagi islohotlar ortga qaytmaydigan real haqiqat ekanligini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev xorijiy investorlarga yuzlanib, «2026 yilga qadar iqtisodiyotdagi eksklyuziv huquqlar va 25 dan ortiq faoliyat bo‘yicha monopoliyalar tugatilishini» ma’lum qildi. U shuningdek, kelgusida 7 ta yo‘nalish doirasida ishbilarmon uchun yaratiladigan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Markaziy bankning asosiy stavkasi 17 foizga oshirilganidan so‘ng, yangi kreditlar foizi va kredit resurslarining qiymati ham o‘sishi kerak edi. Biroq, prezident yil oxirigacha ipoteka va ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz stavkalarini o‘zgartirmaslik to‘g‘risida topshiriq berdi, deb xabar qildi moliya vaziri Timur Ishmetov.
O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari telefon orqali muloqot qilib, mamlakatlar o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning 30 yilligi munosabati bilan tabriklar almashishdi. Shuningdek, Ukrainadagi vaziyat muhokama qilindi. Kreml yana bir marotaba Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning «pozitsiyasi va harakatlari haqida tushunish bilan fikr bildirganini» ma’lum qildi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi yangi elchisi Kim Xi Sangdan ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilib oldi.
Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga nima sababdan tibbiyot xodimlari orasidan emas, balki iqtisodchi Behzod Musayev tayinlanganiga izoh berdi. «Tibbiyotchilar juda ko‘p ishladi. Transformatsiya jarayoni ketyapti. Biz sohadagi hisob-kitobni joyiga qo‘yishimiz kerak… Iqtisodiyotni va hisob-kitobni bilganni vazir qildim», — dedi u.
Prezident 2022 yilda budjetdan tibbiyot sohasiga ajratilgan 24 trln so‘mga qo‘shimcha 3,2 trln so‘m mablag‘ berilishini ma’lum qildi. U so‘zi davomida shifokorlarning mehnatini yuksak qadrlashini aytdi. «Men shifokorning o‘g‘li bo‘lganimdan butun umr g‘ururlanib yuraman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident mahallada sog‘lom turmush tarzini tunu kun targ‘ib qilgan, bu borada shaxsiy namuna bo‘lgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun «Xalq salomatligi posboni» ko‘krak nishoni ta’sis etilishini ma’lum qildi. Qolaversa, tibbiyot xodimlari har chorakda mukofotlanishi aytildi.
Shavkat Mirziyoyev shifokor va tez yordam xodimlariga nisbatan kuch ishlatilayotganini tanqid qildi. «Bu bizga mutlaqo yarashmaydigan holatdir», — dedi u. Endi tibbiyot xodimlarining ishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash kodeksi ham ishlab chiqiladi.
Prezident halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar to‘lab berilishini ma’lum qildi. Yangi ish boshlagan yosh shifokorlarga esa 1 mln so‘mgacha maxsus oylik ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.
Tibbiy jihozlar, buyumlar, asbob-uskuna va materiallar 2025-yil 1-yanvargacha qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojidan ozod qilinadi. Qolaversa, xususiy klinikalardan “turizm yig‘imi” undirish bekor qilinadi.
Prezident tibbiy sug‘urta shakllarini rivojlantirish, ekologiya oqibatida fuqarolar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini davlat zimmasiga yuklash, tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlash uchun Konstutitsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting