«Tolibon» matbuot kotibi o‘rinbosari Inomulla Samangoniy ISHIDning Xuroson bo‘limi jangchilari Afg‘oniston hududidan O‘zbekistonga raketalar uchirishga uringani, biroq snaryadlar o‘zbek chegarasigacha yetib bormaganini tasdiqladi. U Afg‘oniston hech kimga o‘z hududidan qo‘shni davlatlar xavfsizligiga tahdid qilishga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. Shunga qaramasdan, mamlakat muvaqqat hukumati TIV o‘qqa tutish holatini rad etdi.
Senatning 25-yalpi majlisini 28-aprel kuni chaqiriladi. Unda 9 ta qonun, shu jumladan, pochta aloqasi, ichimlik suvi ta’minoti, qo‘riqlash faoliyati, xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risidagi qonunlar muhokama qilinadi. Qolaversa, Vazirlar Mahkmasi, Hisob palatasi, Markaziy bank, bosh prokuror va adliya vazirining hisobotlari tinglanadi.
Giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi rahbari Olim Narzullayevning aytishicha, Afg‘onistondan «Shimoliy yo‘nalish» orqali narkotik moddalarni olib o‘tish holatlari ko‘paygan. Bunda ko‘p kuzatilgan narkotik moddalarni olib o‘tishga urinish O‘zbekiston transport infratuzilmasi orqali bajarilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21−22 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatiga safar qiladi.
Mahallalardagi hokim yordamchilari mamlakat bo‘yicha 5 mingga yaqin bo‘sh bino borligini aniqladi. Shavkat Mirziyoyev bo‘sh bino-inshootlarni sotish, ijaraga berishdan tushgan mablag‘larni ushbu mahallaning infratuzilmasini rivojlantirishga sarflashni buyurdi. «Yil yakuniga qadar bo‘sh bino qolishi kerak emas», — dedi u.
Mahallalardagi hokim yordamchilari 35,3 mln aholi istiqomat qiladigan 6,9 mln xonadonni to‘liq xatlovdan o‘tkazdi. Natijada xonadonlarning 47 foizida qo‘shimcha daromadga ehtiyoji bor, 36 foizida o‘ziga to‘q, 11 foizida kam daromadli va 6 foizida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar yashashi ma’lum bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev mahallada hokim yordamchilari faoliyati va aholi bandligini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni tanqid qildi. Prezident Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, uning birinchi o‘rinbosari va soliq boshlig‘ini qat’iy ogohlantirdi. Oltinko‘l tumani va Zarafshon shahri hokimlari, qolaversa, respublikadan 11 nafar vakil lavozimidan ozod qilindi.
Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Alisher Qodirov viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Prezident qaroriga asosan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar IIVga biriktirildi va «Nurli maskan» maktablari deb qayta nomlandi. Yil yakuniga qadar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar yashaydigan hududlarda ovozli svetoforlar va innovatsion yo‘l belgilari o‘rnatiladi. Qolaversa, maktablar uchun Brayl yozuvidagi darsliklar chop etiladi, o‘zbek nutqi sintezatoriga ega maxsus kompyuter dasturlari yaratiladi.
O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Termiz atrofida O‘zbekiston Qurolli kuchlari Afg‘oniston hududidan raketalar bilan o‘qqa tutilgani to‘g‘risidagi xabarlarni rasman rad etdi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi (ARA) «Hayraton — Mozori-Sharif» yo‘nalishini 2011 yildan buyon boshqarib kelayotgan o‘zbek kompaniyasi faoliyatidan «butunlay qoniqish hosil qilgani»ni bildirdi. Bir vaqtning o‘zida afg‘on matbuoti ARA nazoratni bosqichma-bosqich o‘z qo‘liga olish niyatida ekani haqida yozmoqda.
Jizzax shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib Aziz Ergashev tayinlandi. U «O‘zneftgazinspeksiya» Jizzax viloyat bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga tadbirkorlik subyektlarining imtiyozli kreditlarini qoplash uchun budjetdan qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Hududlardagi kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish uchun banklarga 300 mln dollar ajratiladi. Shavkat Mirziyoyev: «Ajratiladigan har bir dollar, har bir so‘m — budjetdanmi, bankdanmi — bu hammasi xalqning puli», — deya ta’kidladi. Shu bilan birga, u banklar eng katta poraxo‘rlik bilan shug‘ullanayotganini qayd etdi.
Ofshor kompaniyalar xizmatidan foydalanish bo‘yicha «Pandora arxivi»da bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakovning rafiqasi Nodira Umurzakova va qaynotasi Marlen Azizovning ham nomlari borligi ma’lum bo‘ldi. ITSVning bildirishicha, Azizov 1990-yillarning boshidan buyon biznes bilan shug‘ullangan, Umurzoqova esa hech qachon xorijda hech qanday aktiv yoki mulkka egalik qilmagan yoki benefitsiar bo‘lmagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga javob tashrifi may oyi oxirlarida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakov Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvda oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Bishkek shahriga kelganini ma’lum qildi.
Karmana tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Tohir O‘rinov hamda Navoiy viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Maqsud Nurullayev bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari viloyat kengashida deputatlik qiladi. Ularning deputatlikdan ketish bo‘yicha arizasi olingan bo‘lsa-da, hanuz kengashga a’zoligicha qolmoqda. Buni «saylov kodeksiga zidligini bilamiz», deya izohladi hokimiyat matbuot xizmati rahbari Bektemir Pirnafasov. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu holat faqat Navoiy viloyatida emas, balki har bitta viloyatda kamida 2−3 tadan bor».
Prezident to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar ham bankrot deb topilishi mumkin, ilgari bunday tartib mavjud emas edi. To‘lovga qobiliyatsizik holati sud tomonidan ko‘rib chiqiladi va sud qarorisiz undiruvni mol-mulkka qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bundan tashqari, «Bankrotlik to‘g‘risida»gi qonun ham o‘z kuchini yo‘qotdi.
O‘zbekiston prezidenti telefon orqali muloqotda Vengriya hukumati rahbarini «FIDES» — Xristian-demokratik xalq partiyasi koalitsiyasi ushbu mamlakat parlamentiga bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozongani bilan tabrikladi.
Senat raisi Tanzila Narbayeva Heritage Foundation`ning «Erkin savdo» ko‘rsatkichida O‘zbekistonning o‘rni rekord darajada yaxshilanganini ma’lum qildi. Biroq, «Iqtisodiy erkinlik» indeksida O‘zbekiston 117-o‘rinni egallab, «asosan erkin bo‘lmagan mamlakatlar» guruhida qoldi. Qolaversa, «Sud faoliyati samaradorligi», «Soliq yuki», «Fiskal salomatlik», «Biznes yuritish», «Mehnat bozori erkinligi» indeksida ham KPI`ga erishilmagani tanqid qilindi.
O‘zbekiston BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining Rivojlanish maqsadlarida fan va texnologiyalar masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zosi etib saylandi. Komissiya dolzarb ilmiy, texnik, innovatsion va muhandislik masalalari bo‘yicha malakali maslahat yordamini ko‘rsatish uchun tashkil etilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting