Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi o‘rinbosari — Kontrterror boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qildi. Tomonlar «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi doirasida ko‘p tomonlama tadbirlar o‘tkazish, yoshlarni ekstremizm va terrorizmning salbiy ta’siridan himoya qilish, «qaynoq nuqtalar»dan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish sohasida tajriba almashish hamda kadrlar tayyorlash yo‘nalishida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining aytishicha, O‘zbekiston elchixonasini Kiyevdan evakuatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmayapti, chunki hozirda diplomatik vakolatxona faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi mamlakat fuqarolarini xavfsiz evakuatsiya qilish hisoblanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3−4 mart kunlari Pokistonga davlat tashrifini amalga oshiradi. Ikkitomonlama muzokaralarda strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Mudofaa vazirligi O‘zbekistonda xorijiy davlatlar tomonidan harbiy xizmatga yollash boshlangani haqidagi ma’lumotlar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qildi. «O‘zbekiston harbiy xizmatchilari mamlakatdan tashqaridagi harbiy harakatlarda ishtirok etmaydi», — deyiladi bayonotda.
163 nafar Nobel mukofoti sovrindorlari Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga qarshi ochiq xat bilan chiqishdi. Ular Rossiyaning xatti-harakatlarini mustaqil Ukraina davlati va Ukraina xalqiga «prezident Putin boshchiligidagi asossiz harbiy tajovuz», deb baholagan. Rossiya tomonidan Ukraina hududiga bostirib kirilishi BMT Nizomini qo‘pol ravishda buzish va 1994 yilgi Budapesht memorandumiga nisbatan bepisandlik ekanligi qayd etilgan.
Chorshanba kuni deputatlar «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjat bilan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri yuritiladi va ularga nomzodlar ochiq tanlov asosida tanlab olinadi. Davlat xizmatchisiga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, xizmati evaziga jismoniy va yuridik shaxslardan mukofot yoki sovg‘a olish, chet el fuqaroligiga ega bo‘lish, O‘zbekistondan tashqarida bank hisobraqami ochish, ko‘chmas va boshqa mulkka egalik qilish taqiqlanmoqda. Hujjat Senatga yuborildi.
Vazirlar Mahkamasi prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatmasiga binoan O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlarda yuzaga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan barcha salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarning rejasini ishlab chiqadi.
Prezident 172 ming nafar ota o‘z farzandi uchun aliment to‘lamagani, bugungi kunda jami 115 mlrd so‘m qarzdorlik mavjudligini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi alimentdan qarzdorlikni davlat to‘lab beradi, keyinchalik MIB qarzni undirib oladi. Buning uchun «Aliment to‘lovlari» jamg‘armasi tashkil etilib, unga dastlab 50 mlrd so‘m ajratiladi.
Prezident farmoniga asosan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tuzilishi munosabati bilan Mahalla vazirligi nomi o‘zgartirilib, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Shunga muvofiq, eski lavozimlar tugatilib, yangilari joriy etilmoqda. Qolaversa, 1 iyulgacha «Mahalla to‘g‘risida» gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi ham belgilandi.
1186 kishi Ukrainadan Polsha orqali O‘zbekistonga yetkazildi. Chorshanba kuniga ikkita reys rejalashtirilgan. Hozirda Polshada 800 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari qolmoqda. O‘zbekiston elchixonasi jangovar harakatlarga qaramay, evakuatsiya ishlarini davom ettirmoqda, deya xabar bermoqda TIV.
Prezident seshanba kungi videoselektorda 2021 yilning o‘zida 39 mingga yaqin xotin-qizlar oilada zo‘ravonlikka uchraganini ma’lum qildi. «Mahallada ishlamaganimizni natijasi shu», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi tazyiqqa uchragan ayollar himoyasi sud tomonidan ta’minlanadi, himoya orderi esa bir yilgacha muddatga beriladi.
Prezident telekanallarda efirga uzatilayotgan ayrim seriallarni tanqid qilib, xotin-qizlar obrazi salbiy bo‘yoqlarda tasvirlanayotgani dunyoqarashi hali shakllanmagan qizlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga ibratli xotin-qizlar obrazlari aks ettirilgan kino va sahna asarlari yaratishni buyurdi. Buning uchun ijodkorlarga grantlar ajratish zarurligi aytildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi o‘quv yilidan magistraturada o‘qiyotgan 23 ming nafar qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplanishini ma’lum qildi. Buning uchun 200 mlrd so‘m ajratiladi. Har yili aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishlarida xotin-qizlar uchun kvotaning kamida 50 foizi maqsadli ajratiladi. To‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi.
Prezident O‘zbekistondagi 9309 ta mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi joriy qilinishi, ular ayollar masalasi va ularning dardu-tashvishiga javob berishini ma’lum qildi. Davlat rahbari shuningdek, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish bo‘yicha farmonni imzolagani, qo‘mitaning hududiy rahbarlari hokimga o‘rinbosar bo‘lishini aytdi.
Shavkat Mirziyoyev videoselektorda homiladorlik nafaqasini to‘lamaslik uchun tadbirkorlar ayollarni ishga olmasligini tanqil qildi. Ta’kidlanishicha, 1 sentabrdan xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham homiladorlik nafaqasi davlat tomonidan kafolatli to‘lab beriladigan tizim yaratiladi. Endi ularga 4 oyga 2 mln so‘m miqdorida bir martalik nafaqa beriladi.
Markaziy Osiyo davlatlari va AQShning «C5+1» shaklidagi navbatdagi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda iqtisodiyot, xavfsizlik, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan amaliy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.
Prezident farmoni bilan favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga Abdulla Qo‘ldoshev tayinlandi. U mahalla vaziri lavozimiga o‘tgan Tursinxan Xudaybergenov o‘rnini egallaydi.
O‘zbekistonda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etildi. Prezident farmoni bilan Zulayho Mahkamova qo‘mita rahbari va bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U oldinroq To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi va Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
Tursinxan Xudaybergenov mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimiga tayinlandi. U 2018 yilning aprelidan beri FVVga rahbarlik qilib kelayotgandi. Qolaversa, Tursinxan Xudaybergenov prezident maslahatchisi lavozimini ham saqlab qoldi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Ukrainadagi voqealarga munosabat bildirib, Rossiya va Ukraina muzokaralar stolida o‘zaro til topishib olishi kerakligini aytdi. «Biz har ikkila davlatni ham muzokaralar stolida til topishishga chaqiramiz. Xayrli janjaldan ko‘ra zaif tinchlik yaxshiroq», — dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting