Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvga 25 mingta savol kelib tushgani, shundan 60 foizdan ko‘prog‘i shaxsiy savollar ekanligini ta’kidladi. «Nima uchun bu uchrashuv cho‘zildi? 85% muammolar avval hal qilindi. Albatta, hammaning ham savolini birdaniga hal qilolmaymiz. Bilim bilan, vaqt bilan yechiladi», — dedi u.
Markaziy bank asosiy stavkani 3 foiz bandga oshirib, yillik 17 foizgacha ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Regulyator 2020 yildan beri asosiy stavkani 14 foiz darajasida ushlab turgandi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Senatdagi chiqishida O‘zbekiston Ukrainadagi vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori ekanini ta’kidladi. «O‘zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmadik», — dedi u.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Ukrainada ayni damda 300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi qolayotganini ma’lum qildi. U Ukrainadan evakuatsiya qilish jarayoni fuqarolarni Suriya, Iroq va Afg‘onistondan vatanga qaytarishdan yengil bo‘lmaganini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev telefon orqali muloqotda jahon iqtisodiyotidagi inqirozli hodisalarning salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida yaqindan hamkorlikni davom ettirish va sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirishga e’tibor qaratdilar.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Rossiya shakar va g‘alla eksportiga kiritgan vaqtinchalik cheklovlari O‘zbekistondagi mahsulotlar hajmiga ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qildi. Aholi va korxonalarning talabini uzluksiz va barqaror narxlarda bug‘doy, un, shakar bilan ta’minlash, narxlar keskin o‘zgarishining oldini olish uchun zaxiralar yaratilgani aytilmoqda.
16 martdan boshlab O‘zbekistonning Qozog‘iston va Tojikiston bilan o‘tkazish punktlari orqali fuqarolar harakatiga cheklovlar bekor qilinadi. Barcha bojxona postlari faoliyati qayta tiklanadi. Qolaversa, mamlakatga kirishda vaksina olgan xorijliklardan PZR-test natijasi talab etilmaydi.
18 mart kuni Shavkat Mirziyoyev 10 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazadi. Ochiq muloqotga ulardan 25 mingdan ortiq murojaat va takliflar kelib tushgan.
Senatning 24-yalpi yig‘ilishida Mehnat kodeksini tasdiqlash, kiberxavfsizlik va reklama to‘g‘risidagi qonunlar ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, senatorlar ombudsman, TIV, IIV va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarlarining hisobotlarini tinglaydilar.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va saylangan prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Muloqotda, jumladan, ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning saylangan prezidenti Serdar Berdimuhamedovni saylovda qozongan g‘alabasi bilan tabrikladi.
Turkmaniston prezidenti etib saylangan 40 yoshli Serdar Berdimuhammedov Markaziy Osiyo tarixidagi eng yosh prezidentga aylandi. Shu paytgacha ushbu rekord 42 yoshida Tojikiston prezidenti bo‘lgan Emomali Rahmonga tegishli edi. “Gazeta.uz” Markaziy Osiyo prezidentlari lavozimga saylangan vaqtda necha yoshda bo‘lgani va necha yil davomida rahbarlik qilgani haqidagi ma’lumotlarni to‘pladi.
Dushanba kuni prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviachiptalari narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, zarar bilan ishlayotgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash amaliyotidan butunlay voz kechish kerakligi aytildi.
O‘zbekiston va Germaniya prezidentlari telefon orqali muloqotda Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar. Ular vaziyatning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘ymaslik va mojaroni tez fursatda tartibga solish uchun siyosiy-diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.
Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari bo‘lgan Sirojiddin Usmanov Samarqand tumaniga hokim etib tayinlandi.
O‘zbekiston TIV rasmiy vakili mamlakatning Ukrainadagi elchixonasi vaqtincha Lvov shahrida joylashganini ma’lum qildi.
1 iyunga qadar shaxsning sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilashga oid qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik hamda yaqin qarindoshi bo‘lgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Himoya orderi muddati esa 1 yilgacha uzaytiriladi.
O‘zbekiston Ukrainadagi vaziyatdan xavotirda hamda zo‘ravonlikni to‘xtatish va barcha muammolarni siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal qilish zarur, deb hisoblaydi, deya ma’lum qildi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov. Shuningdek, u Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi va Yevropa hamda Osiyo o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab kelayotgan Turkiyani misol sifatida keltirdi.
Polsha orqali yana 254 nafar o‘zbekistonlik, shu jumladan 69 nafar ayol, 37 nafar voyaga yetgaman shaxs va 14 nafar chaqaloq Ukrainadan vatanga qaytarildi. 28 fevraldan beri evakuatsiya qilinganlarning umumiy soni 5634 nafarga yetdi.
Ukraina elchixonasi 1 mart kuni O‘zbekiston TIVga mamlakatda Rossiya telekanallari efirini taqiqlashni so‘rab nota yubordi. Xatda qayd etilishicha, Rossiya OAVlari olib borayotgan «axborot urushi harbiy kampaniyaning ajralmas qismi» va «jahon hamjamiyatini dezinformatsiyalashga qaratilgan». Elchi Nikolay Doroshenko «Ozodlik» radiosiga bergan intervyusida shuningdek, 28 tonnalik gumanitar yordamni yuborgani uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting