«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Davron Vahobov Savdo-sanoat palatasiga rahbar etib tayinlandi.
Chorshanba kuni Ukrainadan yana 146 nafar o‘zbekistonlik, shu jumladan, 42 nafar ayol, 12 nafar voyaga yetgaman bola va 2 nafar chaqaloq Polsha orqali olib kelindi. Evakuatsiya boshlangan kundan to hozirga qadar 27 ta aviareys yordamida jami 6030 nafar fuqaro vatanga qaytarildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso xonim hamda Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsuga Asakavani qabul qildi. Uchrashuvlarda sheriklik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni tayyorlashga kelishib olindi.
Madaniyat vaziri o‘rinbosari Olimjon Mirzayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini bunga qadar Vazirlar Mahkamasida mas’ul xodim sifatida ishlagan Murodjon Majidov egalladi.
Prezident Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq so‘zlab, O‘zbekistondagi islohotlar ortga qaytmaydigan real haqiqat ekanligini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev xorijiy investorlarga yuzlanib, «2026 yilga qadar iqtisodiyotdagi eksklyuziv huquqlar va 25 dan ortiq faoliyat bo‘yicha monopoliyalar tugatilishini» ma’lum qildi. U shuningdek, kelgusida 7 ta yo‘nalish doirasida ishbilarmon uchun yaratiladigan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Markaziy bankning asosiy stavkasi 17 foizga oshirilganidan so‘ng, yangi kreditlar foizi va kredit resurslarining qiymati ham o‘sishi kerak edi. Biroq, prezident yil oxirigacha ipoteka va ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz stavkalarini o‘zgartirmaslik to‘g‘risida topshiriq berdi, deb xabar qildi moliya vaziri Timur Ishmetov.
O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari telefon orqali muloqot qilib, mamlakatlar o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning 30 yilligi munosabati bilan tabriklar almashishdi. Shuningdek, Ukrainadagi vaziyat muhokama qilindi. Kreml yana bir marotaba Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning «pozitsiyasi va harakatlari haqida tushunish bilan fikr bildirganini» ma’lum qildi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi yangi elchisi Kim Xi Sangdan ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilib oldi.
Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga nima sababdan tibbiyot xodimlari orasidan emas, balki iqtisodchi Behzod Musayev tayinlanganiga izoh berdi. «Tibbiyotchilar juda ko‘p ishladi. Transformatsiya jarayoni ketyapti. Biz sohadagi hisob-kitobni joyiga qo‘yishimiz kerak… Iqtisodiyotni va hisob-kitobni bilganni vazir qildim», — dedi u.
Prezident 2022 yilda budjetdan tibbiyot sohasiga ajratilgan 24 trln so‘mga qo‘shimcha 3,2 trln so‘m mablag‘ berilishini ma’lum qildi. U so‘zi davomida shifokorlarning mehnatini yuksak qadrlashini aytdi. «Men shifokorning o‘g‘li bo‘lganimdan butun umr g‘ururlanib yuraman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident mahallada sog‘lom turmush tarzini tunu kun targ‘ib qilgan, bu borada shaxsiy namuna bo‘lgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun «Xalq salomatligi posboni» ko‘krak nishoni ta’sis etilishini ma’lum qildi. Qolaversa, tibbiyot xodimlari har chorakda mukofotlanishi aytildi.
Shavkat Mirziyoyev shifokor va tez yordam xodimlariga nisbatan kuch ishlatilayotganini tanqid qildi. «Bu bizga mutlaqo yarashmaydigan holatdir», — dedi u. Endi tibbiyot xodimlarining ishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash kodeksi ham ishlab chiqiladi.
Prezident halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar to‘lab berilishini ma’lum qildi. Yangi ish boshlagan yosh shifokorlarga esa 1 mln so‘mgacha maxsus oylik ustama to‘lash tartibi joriy etiladi.
Tibbiy jihozlar, buyumlar, asbob-uskuna va materiallar 2025-yil 1-yanvargacha qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojidan ozod qilinadi. Qolaversa, xususiy klinikalardan “turizm yig‘imi” undirish bekor qilinadi.
Prezident tibbiy sug‘urta shakllarini rivojlantirish, ekologiya oqibatida fuqarolar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini davlat zimmasiga yuklash, tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlash uchun Konstutitsiyaga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvga 25 mingta savol kelib tushgani, shundan 60 foizdan ko‘prog‘i shaxsiy savollar ekanligini ta’kidladi. «Nima uchun bu uchrashuv cho‘zildi? 85% muammolar avval hal qilindi. Albatta, hammaning ham savolini birdaniga hal qilolmaymiz. Bilim bilan, vaqt bilan yechiladi», — dedi u.
Markaziy bank asosiy stavkani 3 foiz bandga oshirib, yillik 17 foizgacha ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Regulyator 2020 yildan beri asosiy stavkani 14 foiz darajasida ushlab turgandi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Senatdagi chiqishida O‘zbekiston Ukrainadagi vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori ekanini ta’kidladi. «O‘zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmadik», — dedi u.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Ukrainada ayni damda 300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi qolayotganini ma’lum qildi. U Ukrainadan evakuatsiya qilish jarayoni fuqarolarni Suriya, Iroq va Afg‘onistondan vatanga qaytarishdan yengil bo‘lmaganini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev telefon orqali muloqotda jahon iqtisodiyotidagi inqirozli hodisalarning salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida yaqindan hamkorlikni davom ettirish va sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirishga e’tibor qaratdilar.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting