2019 yilgi Davlat dasturiga ko‘ra, 6 oy ichida hokimlarning xalq deputatlari kengashi raisi maqomini bekor qilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgan. «Gazeta.uz» ning aniqlashicha, Adliya vazirligi o‘shandayoq loyihani huquqiy ekspertizadan o‘tkazib, ijobiy xulosa bergan. Biroq, hujjatning undan keyingi taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Qonunchilik palatasi ma’lum qilishicha, «hujjat quyi palataga kelib tushmagan, shu sababli muhokama qilinmagan». Senat esa sukut saqlamoqda.
O‘zbekiston prezidenti Qozog‘iston prezidenti bilan yana telefon orqali muloqot qildi. Ular ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilib, qo‘shni davlatda tinchlik va barqarorlik tez fursatda qayta tiklanishiga ishonch bildirdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘shni mamlakatdagi fojiali voqealar va ularning natijasida ko‘plab harbiylar va aholi vakillari nobud bo‘lgani hamda ko‘rilgan katta talofatlar munosabati bilan Qozog‘iston xalqi va prezidentiga ta’ziya izhor etdi.
O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari telefon orqali muloqotda Qozog‘istondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solishga chaqirib, zo‘ravonlik va keskinlashuvning oldini olish muhimligini ta’kidladilar.
Tinch namoyishlarning ommaviy tartibsizliklarga aylanishi dialog tuza olmagan jamiyat va hokimiyat o‘rtasida chuqur jarlik mavjudligini anglatadi. Xalqaro munosabatlar sohasi mutaxassisi Yuriy Saruxanyan Qozog‘istondagi siyosiy inqiroz haqida.
O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari telefon orqali muloqotda Qozog‘istondagi vaziyatni muhokama qilishdi hamda tomonlarni vazminlikka va vujudga kelgan masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirishdi.
O‘zbekiston TIV Qozog‘istonning Nur-Sultondagi elchixona, Olma-ota va Aqtaudagi Bosh konsulxonalar odatdagi tartibda faoliyat yuritayotgani hamda o‘zbekistonliklar, shu jumladan, talabalar bilan doimiy muloqot o‘rnatilganini ma’lum qildi. Qo‘shni davlatdagi vatandoshlardan joriy etilgan cheklovlarga amal qilish so‘raldi. Nur-Sulton, Olmaota va Aktaudagi diplomatik vakolatxonalarning telefon raqamlari e’lon qilindi.
Shavkat Mirziyoyev hamkasbi Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot davomida Qozog‘istonning barqarorligi va farovonligini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarida doimo qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Qozog‘iston xalqi va rahbariyatining mamlakat barqarorligi hamda ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va Qozog‘iston xalqi beqarorlik avj olishining oldini olishga, zo‘ravonlik va insonlar orasida qurbonlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikning uddasidan chiqishiga ishonadi, deyiladi TIV bayonotida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 yanvardan qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqdi.
Taraqqiyot strategiyasi loyihasiga asosan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qayta tashkil etilishi kutilmoqda. Endi u Oliy Majlis palatalari oldida hisobdor bo‘ladi. Qolaversa, 2022 yilda Axborot kodeksi ham ishlab chiqiladi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti esa AOKA tarkibiga o‘tkaziladi.
5 yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, O‘zbekiston Rossiyaning — Samara, Astraxan, Tula, Kaliningrad va Nijniy Novgorod, Qozog‘istonning — Chimkent, Chexiyaning — Praga, Kanadaning — Ottava, Koreya Respublikasining — Pusan shaharlarida Bosh konsulxona ochishi kutilmoqda.
Qashqadaryo viloyati hokimiyati Samarqand viloyatiga olib ketilayotgan chigit mahsulotlari ortilgan uchta yuk mashinasi tegishli hujjatlari bo‘lmaganligi uchun to‘xtatib qolinganini ma’lum qildi. Avvalroq, Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova shikoyat qilib, Qashqadaryo hokimining og‘zaki topshirig‘i bilan viloyatlar chegarasida chigit ushlab turilganini ta’kidlagandi.
O‘zbekiston 2022-yilda Afg‘onistonga 2 mlrd kVt soat elektr energiyasini yetkazib beradi. Buni nazarda tutuvchi kelishuv Toshkentda imzolandi, uning umumiy qiymati 100 mln dollarni tashkil etadi.
Abbosjon Mirzorahimov Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori etib tayinlandi.
Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova Qashqadaryodan Samarqand viloyatiga chigitni olib o‘tishni guyoki taqiqlash to‘g‘risida og‘zaki ko‘rsatma bergani uchun Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ustidan shikoyat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat rahbari uning SMS xabarlariga javob bermagan hamda uning to‘rt kun davomida yukni o‘tkazish masalasini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari zoye ketgan.
Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev 4 yanvargacha barcha xodimlar uchun dam olish kuni etib belgilanganiga qaramasdan, yanvar boshidan viloyatdagi hokim yordamchilarini ishga chaqirib olgani aytilmoqda. «1 yanvardan hamma mahallada ish boshlashi kerak», — deb yozgan u ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda. Nodir Erkayev 3 yanvar kuni hokim yordamchilari bilan Qamashi tumanidagi mahallalarga ham borgan.
5 yillik Taraqqiyot strategiyasi loyihasiga ko‘ra, 2026 yilga kelib O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2 baravarga qisqartiriladi. Buning uchun 2,5 mln norasmiy ishchining bandligi legallashtiriladi, 700 mingdan ortiq ishsiz xotin-qizlar davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitiladi, imkoniyati cheklanganlarning bandligi 3 baravarga oshiriladi. Qolaversa, Ijtimoiy kodeksni qabul qilish ham rejalashtirilgan.
2022−2026 yillarda respublika bo‘yicha yagona transport tizimini rivojlantirish, Toshkent va yirik shaharlarga uzog‘i bilan 6−7 soatda borib-kelish imkoniyatini yaratish taklif etilayapti. Buning uchun 2022 yilda poytaxt jamoat transporti uchun 673 ta elektrobus va 14 ta metro poyezdini xarid qilish maqsad qilingan. 60 ta shaharlararo avtobus yo‘nalishini tashkil etish, mahalliy aviaqatnovlar soni esa haftasiga 48 tadan 80 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Taraqqiyot strategiyasi loyihasiga asosan 2023-yilgacha davlat boshqaruvida ma’muriy apparatni ixchamlashtirish maqsadida xususiy sektorga beriladigan davlat funksiyalari soni 3 baravarga oshiriladi. Jumladan, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, ta’lim sifatini nazorat qilish, dori vositalarini sertifikatlashtirish sohalarida davlat nazoratini xususiy sektorga o‘tkazish reja qilingan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting