Prezidentning o‘z belgisi va shtandarti bo‘lishi, yangi imzolangan qaror va farmonlar, prezident saylovi tarixida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan birinchi teledebat — “Gazeta.uz"ning 18 oktabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Deputat yordamchisi institutini joriy etishga oid qonun qabul qilindi. Yordamchi deputatning vakili sifatida saylov okrugida doimiy faoliyat yuritadi va sudlanmagan bo‘lishi lozim. U deputat va saylovchi o‘rtasidagi muntazam aloqani yaxshilashga ko‘maklashadi.
Prezident farmoni bilan 1 noyabrdan hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan MFY xodimlari oylik maoshi 35 foizga oshiriladi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.
Termizdagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Afg‘onistonning muvaqqat hukumati hamkorlikning bir nechta sohalari bo‘yicha ishchi guruhlar tuzishdi. 10 kun ichida «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish va uni ikki davlat yetakchilariga taqdim etish rejalashtirilmoqda.
19 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti saylovlari tarixida ilk marotaba teledebat namoyish etiladi. Unda prezidentlikka nomzodlarning vakillari qatnashadi. Teledebatni soat 17:00da «O‘zbekiston24», «O‘zbekiston», «Yoshlar», «Mahalla» va «Madaniyat va ma’rifat» kanallari orqali ko‘rish mumkin.
AQSh mudofaa vaziri yordamchisi Kristofer Mayer boshchiligidagi idoralararo delegatsiya Toshkentda chegara xavfsizligi masalalarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda AQshning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum.
Deputatlar davlat rahbarining o‘z belgisi va shtandartini (bayrog‘i) joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Ular saylangan prezidentga uning qasamyodidan keyin topshiriladi.
BMT Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasi tomonidan uch kunda Termiz xalqaro aeroportiga Afg‘oniston uchun 100 tonna gumanitar yuk olib kelindi. Yuklar Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahriga «Termiz — Hayraton» chegara punkti orqali yetkaziladi. Unga qadar esa Termez Cargo Centre logistika markazida saqlanadi.
O‘zbekiston harbiylari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida o‘tkazilgan “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida AQShni ortda qoldirib, mezbonlardan keyingi 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mudofaa vazirligi jamoasi musobaqada turli murakkab shartlardan iborat 90 km masofani 37 soatda bosib o‘tdi.
Afg‘oniston muvaqqat hukumati rahbari o‘rinbosari Abdul Salam Hanafiy boshchiligidagi delegatsiyaning Termizga tashrifi kutilmoqda. Shanba kuni u bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov bilan uchrashadi.
15 oktabr kuni Afg‘onistonning Qandahor viloyatidagi shialar masjidi portlatildi. Natijada 60 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 68 kishi jarohatlandi. O‘zbekiston ushbu terrorchilik harakatini keskin qoraladi. «Bunday g‘ayriinsoniy hujumlar vaziyatning yanada keskinlashuviga olib keladi va Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishiga to‘sqinlik qiladi», — deyiladi vazirlik bayonotida.
O‘zLiDeP nomzodi va amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev «Milliy tiklanish» partiyasi nomzodi Alisher Qodirovning migrantlarni soliqqa tortish haqidagi taklifini tanqid qilib, «bu soliqqa tortiladigan daromad emasligini» aytdi. «Ishontirib aytmoqchimanki, agar men shu yurtda rahbar bo‘lib ishlasam, ular hech qachon soliqqa tortilmaydi… Ham o‘zini, ham oilasini boqayotgan yurtdoshlarimizga, faqat rahmat aytish kerak», — dedi u.
Rustam Azimovning OAVda chiqish qilishi, O‘zbekiston Huquq ustuvorligi indeksida 14 pog‘onaga ko‘tarilishi, Safia asoschisining prezidentga murojaat qilishi — “Gazeta.uz"ning 15 oktabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Shavkat Mirziyoyev MDH davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan yubiley majlisida ishtirok etdi. Prezident samarali mintaqalararo va transqit’aviy transport yo‘laklari tizimini, shu jumladan yuk tashish tariflarini pasaytirish va tartibotlarini soddalashtirish orqali yanada rivojlantirish zaruriyatiga alohida e’tibor qaratdi. U afg‘on xalqiga insonparvarlik va iqtisodiy yordamni davom ettirish maqsadga muvofiq ekanini ham ta’kidladi.
Termizdagi logistika markazi Afg‘oniston uchun mo‘ljallangan gumanitar yordamning birinchi partiyasini qabul qildi. BMT Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasi tomonidan yuborilgan yuklar Mozori-Sharifga yuk mashinalarida yetkaziladi. Birinchi yukning hajmi 32 tonnani tashkil etgan.
Sobiq moliya vaziri, «O‘zbekinvest» kompaniyasi rahbari Rustam Azimov O‘zA uchun maqolasida O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan islohotlar haqida fikrlari bilan bo‘lishdi. Bu Azimovning 2017 yil iyunda bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan ketganidan so‘ng OAVdagi birinchi chiqishi.
Alisher Qodirovning migrantlardan ham soliq undirish haqida taklifi, Tashkent City bog‘iga kirish bepul bo‘lishi, Abdulaziz Kamilovning O‘zbekistonda AQSh harbiy bazalarini joylashtirish muhokama qilinmayotganini ma’lum qilishi — “Gazeta.uz"ning 14 oktabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekiston yetakchisi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoyev o‘zaro savdoda mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglament va standartlarni uyg‘unlashtirish, bojxona tartibotlarni raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xarita» sini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, u davlatlar rahbarlarini 2022 yil sentabrda Nukusda o‘tkaziladigan «Yashil» energetika bo‘yicha xalqaro forumga taklif qildi.
TIV rahbari Abdulaziz Kamilovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hududida AQShning terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha qurolli kuchlarini joylashtirish imkoniyati muhokama qilinmayapti va bu masala kun tartibida ham turgani yo‘q.
Politico nashrining yozishicha, AQSh Mudofaa vazirligi vakillari oktabrda O‘zbekistondagi tashrif davomida AQShning terrorizmga qarshi kurashish kuchlarini joylashtirishni muhokama qilmoqchi. Shuningdek, Afg‘onistondan AQSh harbiylari chiqib ketgach, Amerika tashqi siyosatida O‘zbekistonning o‘rni mustahkamlashgani aytilmoqda. Bunda mamlakatning Vashingtondagi elchixonasining tizimli faoliyati e’tirof etilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting