O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot davomida Qarag‘anda viloyatidagi konda ro‘y bergan avariyaning fojiali oqibatlari munosabati bilan hamdardlik bildirdi. O‘zbekiston zarur ko‘makni ko‘rsatishga tayyorligi ma’lum qilindi.
Senatorlar Surayyo Rahmonovani O‘zbekiston bolalar ombudsmani lavozimiga sayladi. Uning nomzodi prezident tomonidan ko‘rsatilgan va Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlagandi.
O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi fuqarolardan raketa otishmalari paytida boshpanalarni tark etmaslik va elchixonaga konsullik xizmatlarini olish uchun kelishni vaqtincha to‘xtatib turishni so‘radi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Falastin, Isroil va yana 7 ta mamlakatning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari qabul qilinib, G‘azo sektoridagi vaziyat haqida gaplashildi. Bolalar qurbon bo‘layotgan mojaroni to‘xtatishga yana bir bor chaqiramiz, deydi O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov.
Senat ma’qullagan qonunlarga ko‘ra, sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish vakolati viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkaziladi. Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror ustidan apellyatsiya shikoyatini berish muddati 20 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.
Bosh vazir Abdulla Aripov MDH davlatlari hukumat rahbarlari kengashi majlisida hamdo‘stlik mamlakatlari energetika tizimlarining yaxlit ishlashi uchun shart-sharoit yaratish, shuningdek, MDHning yagona elektron tijorat platformasini yaratishni taklif etdi.
O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi etib tayinlangan Baxtiyor Ibragimov Vena shahriga yetib bordi. Bu lavozimga tayinlangunga qadar u Nyu-Yorkda O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili lavozimida ishlagan.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori etib Abdulla Azizov tayinlandi. U bunga qadar “OKMK” boshqaruvi raisining Raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
O‘zbekistonning Shvetsiyadagi birinchi elchisi Nodir G‘aniyev o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. Elchixona 2022-yilda ochilgan edi.
O‘zbekiston prezidenti tashrifidan so‘ng Qashqadaryo viloyatining Qarshi va Dehqonobod tumanlarida hokimlar almashtirildi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov SHHTga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida yuqori texnologiyalarni rivojlantirish va tashkilot hududida soddalashtirilgan oziq-ovqat harakatini ta’minlash bo‘yicha yangi iqtisodiy muloqot dasturini qabul qilishni taklif etdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 1 va 2-noyabr kunlari Qozog‘iston va O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi. Tashrif dasturidan iqtisodiy hamkorlik, energetika, transport infratuzilmasi, shuningdek, suv resurslarini boshqarish va oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini muhokama qilish o‘rin olgan.
Senatning 46-yalpi majlisi 27-oktabr kuni o‘tkaziladi. Unda “Probatsiya to‘g‘risida”gi, “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, bolalar ombudsmanini saylash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Abat Fayzullayev O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi etib tayinlandi. U bunga qadar Avstriyadagi va o‘rindoshlik asosida Vengriyadagi elchi sifatida ishlagan.
O‘zbekiston World Justice Project`ning qonun ustuvorligi bo‘yicha yillik reytingida 142 davlat orasida 78-o‘rinni egalladi. Reyting mualliflarining fikricha, mamlakat huquq tizimidagi eng yomon holat davlat vakolatlarini cheklash va hokimiyatning ochiq emasligi bilan bog‘liq.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 25−26-oktabr kunlari Bishkekda bo‘lib o‘tadigan SHHT, MDH va YeOII hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishlarida ishtirok etadi.
AQSh “Ikki xalq uchun ikki davlat” rejasiga muvofiq Yaqin Sharqda tinchlikka erishish tarafdori, dedi Samarqandga kelgan USAID rahbari Samanta Pauer. U, shuningdek, AQShning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi poymol etilishini qoralash bo‘yicha chaqiriqlaridan ajablanmaslik kerakligini ta’kidladi.
2022-yilning dekabridan buyon oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri lavozimida ishlab kelgan Ibrohim Abdurahmonov qishloq xo‘jaligi vaziri etib tayinlandi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov lavozimidan ozod etildi, u 2022-yil avgust oyi oxiridan buyon vazirlikni boshqarib kelayotgandi.
USAID administratori Samanta Pauer Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini “yangi umid va imkoniyatlar dunyosi” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u AQSh prezidentining “ushbu muhim mintaqa mamlakatlari va xalqlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish” iltimosiga binoan kelgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting