Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda maktab va maktab ta’limiga 46 trln so‘m ajratilayotgani, ammo matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha 2022-yilgi PISA dasturi natijalari sohada qilinadigan ishlar ko‘pligini aniq ko‘rsatgani haqida gapirdi. O‘zbekiston tadqiqotning har uch yo‘nalishida oxirgi o‘ntalikdan joy olgan.
Turizm qo‘mitasi Umra xizmatlarini litsenziyasiz ko‘rsatgan kompaniyalarning ma’lumotlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilayotganini bildirdi. Shuningdek, xizmatlarni sifatsiz ko‘rsatilganidan jabr ko‘rgan ziyoratchilarga moddiy va ma’naviy zarar sud qarori bilan undirib berilishini eslatib o‘tdi.
Navoiy shahridagi 18-sonli maktabda rus tili o‘qituvchisi (erkak) 2 nafar o‘quvchini kaltakladi. Hozirda holat bolalar ombudsmani kuzatuvida va tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Namanganda “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin V6” nomli qalbaki dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullangan tibbiyot xodimi qo‘lga olindi. Yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgan.
Prezident mutasaddilarga 300 ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “Elektron tibbiy karta” tizimini ishga tushirish, dorilarni elektron retsept asosida berishni yo‘lga qo‘yish vazifasini topshirdi.
Gurlan tumanida fermer xo‘jaligi rahbari 81 tup biologik sog‘lom turong‘il daraxtini noqonuniy kesgani aniqlandi. Buning oqibatida tabiatga 618,1 mln so‘mlik zarar etkazilgan. Xo‘jalik rahbariga jinoyat ishi ochildi.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova “Dok-1 Maks” siropi ishida ota-onalar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Undan foydalanish oqibatida O‘zbekistonda kamida 69 bola halok bo‘lgandi.
Sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalist va blogerlarni tanqid qilib, ayrimlarini UJJ — “uyushgan jinoiy jurnalistlar” deb atadi. U ulardan “sal pastroqqa tushishni” va o‘zlarini “butun jamoatchilik” deb hisoblamaslikni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular xorijiy OAV bilan raqobatga dosh bera olmaydi.
KPI bo‘yicha ishlaydigan vazirlar, ozodlikka chiqqan Otabek Sattoriy, o‘zbekistonlik migrantlarni ishga chaqirayotgan Isroil, dorilar sotuvi bilan bog‘liq “o‘yinlar” haqida gapirgan prezident va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
O‘zbekistonda jinsiy tarbiya “bolaning tarbiyasi va axloqiy fazilatlariga qandaydir tarzda tahdid soladi”, degan fikr keng tarqalgan, dedi bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida. “Undan olabo‘ji yasamaslik kerak. Ma’rifat tahdid solishi mumkin emas”, — dedi u.
Shavkat Mirziyoyev Parijda bo‘ladigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qattiq tayyorgarlik ko‘rishni tayinladi. “Bu yilgi yutuqlarni Tokiodagi kabi faqat yakka kurash sport turlari hisobidan qo‘lga kiritamiz, degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri. Natija tarixda eng yaxshisi bo‘lishi uchun hozirdan chora ko‘rish kerak”, dedi u.
2021-yilning mayida 6,5 yilga qamalgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy sud ajrimi bilan qamoqdan ozod etildi. Unga belgilangan jazo axloq tuzatish ishi jazosiga almashtirilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi foydasiga undirilishi belgilandi.
10-fevraldan 20-martgacha Toshkent metrosining “Xalqlar do‘stligi” bekatidagi “Tashkent city” majmuasiga olib chiquvchi vestibyul yopiq bo‘ladi. Bu vaqtda muddatini o‘tab bo‘lgan eskalator yangisiga almashtiriladi.
Yangi o‘quv yilidan kollej-texnikumning 1−2 kursida ta’lim tizimi va uni baholash oliygohlar bilan tenglashadi. Texnikumlarda ham oliygohlarda tan olinadigan “kredit tizimi” yaratiladi. 2 yil yetarli “kredit” to‘plaganlar “2+2” yoki “2+3” dasturi asosida OTMning 2 yoki 3-kurslarida ta’limni davom ettiradi.
Prezident onkologik bemorlarga dorilar vaqtida yetib bormasligiga sabab bo‘layotgan “o‘yinlar”ni tanqid qildi. “Endokrinologiya, kardiologiya, shoshilinch xizmatda ham bunday faktlar yetarli”, — dedi u. Davlat rahbari, shuningdek, dorilarning yashirin aylanmasiga yetarli chora ko‘rilmayotgani haqida ham gapirdi.
6−12-fevral kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda haroratning o‘zgarishi sababli 6 ta viloyatning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi. 7−8-fevral kunlari esa Qamchiq dovonida qor yog‘ishi, vaqti-vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik va tuman kuzatilishi, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi mumkin.
Prezident onalar va go‘daklar o‘limiga to‘xtalib, “Har bir ona va bola o‘limi „favqulodda holat“ deb baholanadi va so‘rov shunga yarasha bo‘ladi”, — dedi. Mirziyoyevning o‘tgan yilgi saylovoldi dasturida 2030-yilgacha bunday o‘limlarni kamida 2 barobarga qisqartirish reja qilingandi.
O‘zbekistonda 1,5 mingdan ziyod nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida davlat budjetini o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Ayrim tadbirkorlar bunda maxsus dasturiy yoki apparat vositalaridan foydalangan. Ushbu holatlar bo‘yicha ma’lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
O‘zbekistonda onkologiya bo‘yicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga mukofot berish joriy qilinadi. Bu tajriba 1-maydan Qashqadaryoda boshlanadi va kelgusi yildan boshqa hududlarda yo‘lga qo‘yiladi.
Shavkat Mirziyoyev DTM Bilim va malakalarni baholash agentligi sifatida qayta tashkil etilsa-da, haligacha abituriyentlarni imtihon qilish bilan cheklanayotganini aytdi. Endilikda professional va oliy ta’limda kasbiy ko‘nikmalarni belgilash va ularni baholashning yangi tizimi joriy qilinadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting