Qoraqalpog‘istonda tugatilgan favqulodda holat, oltin-valyuta zaxiralari oshgan O‘zbekiston, chet tilidan ijodiy imtihon sanalari, daraxtga osilgan holda topilgan ohangaronlik erkak, psixotrop moddalarni ko‘p iste’mol qilayotgan yoshlar, Nukusdagi o‘lik itlar va boshqalar — «Gazeta.uz» da kun dayjesti.
Toshkent metropolitenining yer usti uchastkalarida relslar 65 darajagacha qizigani sababli chorshanba kuni poyezdlar tezligi 25 km/soatgacha pasaytirildi. Poyezdlar harakat jadvalini me’yorda saqlash maqsadida «Chilonzor» yo‘nalishining yer osti yo‘li qismida poyezdlar tezligi 40 km/soatga tushirildi.
23 — 26 iyul kunlari barcha hududlarda 6 ta OTMning tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi.
Dushanba kuni Urgutdagi to‘yxonada 56 yoshli ayol ovqatdan zaharlanib, shifoxanaga yotqizildi. Qolaversa, u bilan birga yana 10 kishi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Ularning barchasiga «ovqat toksikoinfeksiyasi» tashxisi qo‘yildi. Urgut tumani prokuraturasi vaziyatni o‘rganmoqda.
Adliya vazirligi notariuslarga ham nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqini berish tashabbusi bilan chiqishni rejalashtirmoqda. Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning ishontirishicha, «notariuslar ikki tomonning xohish-irodasini tasdiqlab, shahodatlay oladi».
Poytaxt hokimligi profilaktik chora-tadbirlarga qaramasdan shaharda jinoyatchilikni jilovlash qiyin kechayotganini ma’lum qildi. Jumladan, 6 oy davomida 10381 ta jinoyat sodir etilgan. Qolaversa, 5436 nafar fuqaro tilanchilik va 19 749 nafar fuqaro daydilikda gumonlanib, profilaktik suhbatdan o‘tkazilgan.
Ohangaron tumanida 26 yoshli erkak yo‘l chetidagi daraxtga osilgan holda topildi. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, uning o‘limiga bo‘yin qismi sirtmoq bilan siqilishi sabab bo‘lgan, marhumning tanasida boshqa tan jarohatlari aniqlanmagan. Prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda.
Poytaxtda yoshlar orasida tramadol va boshqa psixotrop moddalarni iste’mol qilish holatlari juda ko‘paygan, deya ta’kidladi Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Murodilla Aliqoriyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, dorilar asosan mamlakatga aylanma yo‘llar orqali kirib kelmoqda va «qora bozor» da sotilmoqda.
Jazirama issiq kunlar boshlangan 17 iyuldan 20 iyulga qadar tez tibbiy yordam xizmatiga 130 mingdan ko‘proq chaqirik kelib tushgan. Murojaatchilarning aksariyati qon bosimi ko‘tarilishi, nafas yetishmovchiligi, astma xurujlari va boshqa surunkali kasalliklardan shikoyat qilgan.
Pokistonning Toshkentdagi elchixonasi insholar tanlovini o‘tkazmoqda. G‘oliblar smartfonlarga ega bo‘lishadi.
Madaniy meros agentligi Surxondaryo viloyatidagi «Xo‘jayikon» tuz g‘oridan Sherobod tuman tibbiyot birlashmasi hujjatlarsiz foydalanib kelayotganini ma’lum qildi. Tuz g‘ori 2019 yilda Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
Haftaning ikkinchi yarmida Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryoda havo harorati 47 darajagacha, Toshkentda esa 45 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Farg‘ona vodiysida esa harorat pastroq bo‘ladi, So‘x, Shohimardon, Isfayramsoy daryolaridan muzli sel kelishi mumkin.
«Mehr va Oqibat» jonivorlarni himoya qilish jamiyati Nukusda kuchuk va mushuklarning ommaviy o‘ldirilayotgani haqida ariza kelib tushganini ma’lum qildi. O‘ldirilgan hayvonlarning og‘zi va panjalari sim bilan bog‘langan holda ekanligi aytilmoqda.
O‘zbekistonda olti oyda 3559 ta YTH sodir bo‘ldi (bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,2 foizga kam), ularda 2775 kishi jarohat oldi (-2,4%), 784 kishi esa halok bo‘ldi (-13,9%). YTHlarning qariyb to‘rtdan biri tezlikni oshirish oqibatida yuzaga kelgan. Salkam yarmi esa piyodalarni urib ketish bilan bog‘liq.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sammitida qatnashadigan Shavkat Mirziyoyev, Shota Rustaveli ko‘chasida tramvay liniyasi tiklanishi, Qoraqalpog‘istonda o‘chib-yonayotgan internet, xotin-qizlarga 7 yilga foizsiz ta’lim krediti, 2,6 mlnta kadastrsiz xonadon va boshqalar — «Gazeta.uz» da kun dayjesti.
Toshkent hokimligi Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab tramvay harakatini tiklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tbilisi meriyasi Toshkent hokimiga tayanib xabar berdi. Gruziya poytaxti meri Kaxa Kaladze Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili tashrifi doirasida ayni damda O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov ishdan bo‘shatildi. U mazkur lavozimga 2020 yilning martida tayinlangan edi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida salkam 500 gramm gashishni 5 ming dollarga sotishga uringanlikda gumonlab, ikki shaxsni qo‘lga oldi. Ularning aybi sudda isbotlansa, gumondorlar 10 yildan 20 yilgacha qamalishi mumkin.
XTV Xorazmda 17 mingdan ortiq xalq ta’limi xodimlari mehnat ta’tili pullarini vaqtida ololmagani haqidagi xabarlarga munosabat bildirar ekan, pullar iyul boshida to‘langanini qayd etdi. Hozirgacha respublika bo‘yicha xodimlarning jami 3,8 trln so‘m ta’til pullaridan 3,65 trln so‘mi to‘lab berilgan.
Qoraqalpog‘istonda soat 13:45 lar atrofida internet yana ishlab ketdi, deya ma’lum qildi Nukus aholisi. Telegram-kanallar va saytlar jonlana boshladi. Iyul boshidan beri respublikada internetga kirishning imkoni bo‘lmayotgandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting