O‘zgidromet rahbari Sherzod Xabibullayev Orol dengizi falokati natijasida Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi dunyo ko‘rsatkichlaridan 2 barobar jadalroq kechayotganini ta’kidladi. Bu muzliklar erishi, chang bo‘ronlari davriyligi va ularning ortib borishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv resurslarining taqchilligi kabi salbiy ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda.
Prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 ta hududida Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bilan kasallanib tuzalganlarning qon plazmasi banki tashkil etiladi. Qrim-Kongo gemorragik isitmasi — transmissiv va gemokontakt orqali yuquvchi o‘ta xavfli kasallik hisoblanadi.
Prezident qarori bilan har yili 1 mln nafargacha fuqaro virusli gepatit B va C turlariga skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi. Shuningdek, gepatit C bilan kasallangan 10,5 ming nafar bemor davolanadi. Qolaversa, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga qon bilan ishlaydigan xodimlarini gepatit B infeksiyasiga qarshi emlash majburiy etib belgilanmoqda.
Toshkent va Chirchiq shaharlaridagi «Mehribonlik» uylari tarbiyalanuvchilaridan iborat terma jamoa Sankt-Peterburg shahrida bolalar uylari jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan mini-futbol bo‘yicha XVII xalqaro turnirda birinchi o‘rinni egalladi.
Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni taklif qilgan partiyalar, dinni terrorizm va ekstremizm bilan bog‘lash xatoligini aytgan Sodiq Safoyev, O‘zbekistonga uchib o‘tishi mumkin bo‘lgan chigirtkalar, Surxondaryoda kaltaklangan o‘quvchi ortidan 5 kishining ishdan ketgani, yangi yil kuni «o‘t o‘chirgich»ni portlatganlarga o‘qilgan sud hukmi, Surxondaryo hokimiga o‘rinbosar bo‘lgan DXX xodimi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 16 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Antimonopoliya qo‘mitasi 3 oy ichida 10 ta holatda insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilganini aniqladi, qolaversa, til biriktirish va kartel kelishuvlar bo‘yicha jami 4 ta holat o‘rganib chiqildi. Natijada monopol korxonalar tartibga solinadigan narxlarni noto‘g‘ri qo‘llashi ortidan olgan 3,6 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromadi iste’molchilarga qaytarildi. Davlat xaridlari doirasida esa 985 ta raqobatga zid holat aniqlandi.
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov xalq deputatlari viloyat Kengashiga deputat etib saylandi.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev terrorizm va ekstremizmni din bilan bog‘lash zinhor mumkin emasligini ta’kidladi. «O‘rnashib qolgan stereotiplar va yanglish fikrlarga qarshi kurashish — umumiy vazifamizdir», — dedi u. Senatorning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro terrorizmning tubida irratsional, oldingi davrlardan meros qolgan dunyoqarash yotibdi, ularga qarshi kurash esa ma’naviyat, talim va muloqot evaziga olib borilishi lozim.
Qibray tumanida fuqaro «Mikrokreditbank» Toshkent viloyati filiali kredit bo‘limi boshlig‘i bilan 1 mlrd so‘m kredit mablag‘ini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Shuningdek, Surxondaryoning Uzun va Denov tumanlarida ham fuqarolar imtiyozli kredit mablag‘larini talon-taroj qilgani atilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga safari chog‘ida «Yangi O‘zbekiston» massivi qurilishini borib ko‘rdi. Bu yerda qariyb 300 ta ko‘p qavatli (7 dan 25 qavatgacha) uylar, hiyobon va ko‘l, maktab va bolalar bog‘chalari, sanoat zonasi va boshqa obyektlar qurilishi rejalashtirilgan. Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davronjon Odilov massivni qurilayotganlari orasida «eng yashil va ekologik massiv» deb atadi. Kommunikatsiya esa maxsus tunneldan o‘tkaziladi.
Surxondaryodagi 4-maktabda o‘quvchi kaltaklanishi 27 aprel kuni sodir bo‘lgani va buning ortidan maktab direktorining ikki o‘rinbosari, sinf rahbari va ingliz tili fani o‘qituvchisi ishdan bo‘shatilgani ma’lum qilindi. Ijtimoiy tarmoqlarda video tarqalgach, maktab direktori ham lavozimidan ozod qilindi. Bandixon tuman IIB kaltak yegan o‘quvchi va uning ayrim sinfdoshlari bezoriligi yuzasidan ham surishtiruv o‘tkazmoqda.
1 yanvar kuni tongda poytaxtdagi «Samarqand darvoza» majmuasi yaqinida «o‘t o‘chirgich» moslamasini portlatgan 8 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Ayblanuvchilarning eng kattasi 25 yosh, eng kichigi esa — 19 yoshda. Jabrlanuvchi fuqaro voqea oqibatida oyog‘idagi bir barmog‘idan ayrilganini aytdi. Sudlanuvchilardan biri esa «o‘t o‘chirgich»ni qanday yasagani haqida so‘zlab berdi.
Marg‘ilonda fuqaroni uch yil davomida aldab, AQSh yoki Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishiga ishontirib, 12 700 dollar mablag‘ini qo‘lga kiritgan shaxs ushlandi. U 500 dollarni qaytarib, o‘z aybiga iqror bo‘lgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» fraksiyasi a’zolari Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonini boshlash taklifi bilan chiqishdi. Partiya deputatlari islohotlardan kelib chiqib, Konstitutsiyani bugungi real voqelikka moslashtirish zarur deb hisoblaydi. Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga 10 dan ortiq holat bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgandi.
16−17 may kunlari O‘zbekistonda quruq ob-havo saqlanib turadi. Harorat +30 darajagacha isiydi. 18−19 may kunlari Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysida qisqa muddatli yomg‘irlar bo‘lishi kutilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryoning Bandixon tumanidagi 4-maktabda ingliz tili o‘qituvchisi darsga tayyorlanmay kelgan o‘quvchini kaltaklagani aks etgan videolar tarqaldi. Bosh prokuratura holat yuzasidan o‘qituvchiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qildi. XTV esa o‘quvchilarga kuch ishlatish holatini keskin qoraladi.
Beruniy tumanida avtomaktab xodimi 4 kishini o‘quv jarayonlariga qatnashtirmasdan, tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olib berishiga ishontirgani aytilmoqda. Buning evaziga u 800 dollar va 16 mln so‘mni olganida qo‘lga tushgan.
Qirg‘izistonning Aksiy tumanida ekin maydonlarda Marokko chigirtkasi keskin ko‘payib ketayotgani aytilmoqda, bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga ham xavf tug‘dirishi mumkin. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu vaziyat nazoratga olingani va tegishli choralar ko‘rilganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, joriy yilda qo‘shni davlatlardan 50−60 ming gektarga chigirtkalar uchib o‘tish xavfi bor, shu bois Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzaxda kimyoviy ishlov ishlari olib borilmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi 1 avgustga qadar maktablarda ichki tartib va odob-axloq qoidalarini qayta ko‘rib chiqadi. Unda maktab va ota-onaning ta’lim va tarbiyada ishtiroki, mas’uliyati hamda majburiyatlari aks ettiriladi. Qolaversa, 2023−2024 yillarda maktablarda eskirgan kompyuter sinflarini yangilash uchun jami 400 mlrd so‘m ajratiladi, internet tezligi 100 Mbit/s gacha oshiriladi.
Abdurasul Abduraxmanov Surxondaryo viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Davlat xavfsizlik xizmatining viloyat bo‘yicha boshqarmasida faoliyat yuritgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting