«Samarqand» xalqaro aeroporti faoliyatining to‘xtatilishi 15 dekabrga qadar uzaytirildi.
Qonunchilik palatasiga kiritilgan Davlat budjeti loyihasiga muvofiq, 2022 yildan e’tiboran avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im bekor qilinadi. Deputat Doniyor G‘aniyevning yozishicha, avtomobil oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji ham yagona miqdorda — BHMning 3 baravari etib belgilanishi kutilmoqda.
Andijon tumanida 6 nafar erkak tomonidan dala shiyponida zo‘rlanganini aytgan 20 yoshli kelin tuhmat qilganlikda aybdor deb topildi. Sud unga 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Noyabrdagi jinoyat ishi appelyatsiyada ham ko‘rib chiqilgan va hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Jizzax viloyatida prezident maktabi ochildi. Maktabga 10 000 nafar nomzod orasidan 144 nafar o‘quvchi qabul qilindi. Ushbu maktab 70,7 mlrd so‘m evaziga davlat budjeti hisobidan qurilgan.
O‘zbekiston va Qozog‘iston qurolli kuchlarining hamkorlikdagi o‘quv mashqlari 17−24 noyabr kunlarida «Termiz» poligonida bo‘lib o‘tadi. Unda Su-30SM qiruvchilari, harbiy samolyotlar va uchuvchisiz qurilmalardan foydalanish rejalashtirilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Behzod Musayev tunda poytaxt shifoxonalarida bo‘lib, bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanish holatini o‘rgandi. Keyin u ertalab soat 4:30 da yig‘ilish o‘tkazdi, shundan so‘ng 600 dan ziyod qo‘shimcha o‘rin-joylar tashkil etildi.
Energetika vazirligi energoresurslarga bo‘lgan mavsumiy talab bilan bir vaqtda ularni yetkazib berish hajmining o‘sishi elektr ta’minotidagi uzilishlarga sabab bo‘layotganini ma’lum qildi. Shuningdek, chang bo‘roni, suv resurslari tanqisligi, energoresurslardan oqilona foydalanmaslik va tarmoqqa noqonuniy ulanishlar elektr ta’minotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Toshkentda noyabr-dekabr oylarida «Toshkent yoshlarni sevadi» shiori ostida Yoshlar oyligi o‘tkaziladi. Tadbir doirasida sport festivallari, intellektual loyihalar, madaniyat va san’at, moda va dizayn ko‘rgazmalari, Poytaxt party konsert dasturlari va boshqalar bo‘lib o‘tadi. Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev «ko‘plab syurprizlar» borligini ma’lum qildi.
Seshanba kuni mamlakatga Volga bo‘yi orqali nam va sovuq havo massasi kirib keladi. O‘zbekistonning barcha hududlarida yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, qorga aylanadi. Havo harorati kunduz kuni 0…-3 daraja sovuqgacha pasayadi.
Nishon tumanida chigirtkadan parhezbop un tayyorlash loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha qiymati 4,1 mlrd so‘m bo‘lib, yillik quvvati 80 tonna chigirtka uni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Uning har kilosi 3,7 dollardan sotish ko‘zda tutilgan. Chigirtkalarni dalalardan yig‘ib olish uchun esa aholi vakillari jalb qilinadi.
Bir guruh tilshunoslar yopiq eshiklar ortida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartishlar kiritish masalasida hal qiluvchi qarorga kelgani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, alifbodagi sh, ch, oʻ va gʻ harflarini ş, ç, ō va ğ shakliga o‘zgartirish hamda ñ harfini kiritish takliflari ma’qullangan. “Gazeta.uz” kolumnisti Komil Jalilov ushbu qarorning ilmiy asoslanmagani va kelajakda qanday ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi haqida yozdi.
OTM vaziri Abduqodir Toshqulov ta’lim muassasalarida guruh murabbiyi o‘rniga joriy etilgan «tyutor» lavozimi bilan bog‘liq muammolarga to‘xtalar ekan, uni o‘qituvchilarga yuklash holatlari uchrayotganini aytdi. «Maqsad professor o‘qituvchilarni o‘ziga asosiy ishiga xos bo‘lmagan ishlardan ozod qilish, u sifatli dars o‘tsin», — dedi u. Vazir shuningdek, darsga kechikib va xatto tayyorlanmasdan kelayotgan o‘qituvchilar vijdonan dars o‘tmayotganini tanqid qildi.
O‘zbekistonda elektromobillar uchun alohida — yangi namunadagi davlat raqami belgilari ishlab chiqarildi. 1 noyabrga qadar elektromobillar uchun rasmiylashtirilgan davlat raqami belgilari bepul almashtirib beriladi.
Fuqarolarning Konstitutsiya haqidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida Adliya vazirligi va Konstitutsiyaviy sud umummilliy imtihonni o‘tkazadi. Imtihon ikki bosqichdan iborat bo‘lib, 1 dekabr kuni boshlanadi. Unda 15 yoshga to‘lgan va undan katta barcha fuqarolar qatnashishi mumkin. Eng yuqori natijani qayd etgan ishtirokchiga 15 mln so‘m beriladi.
OTMga kirishning qiyinligi, biznes boshlashda imtiyozli kredit olishning cheklangani va boshlang‘ich kapitalning yo‘qligi, maktablarda kasbga yo‘naltirish amaliyotining deyarli yo‘qligi va boshqa muammolar — Jahon banki O‘zbekistonda yoshlarni ish bilan ta’minlash muammolari va ularning potensial yechimlariga bag‘ishlangan yangi hisobotini e’lon qildi.
Qoraqalpog‘istonda IIV xodimi tadbirkorning mahsulotini YPX maskanlari orqali Xorazm viloyati hududiga o‘tkazish evaziga pora olgan vaqtda ushlangani aytilmoqda. U sheriklari bilan har bir yuk ortilgan transport vositasiga 3,5 mln so‘mdan so‘ragan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik, jinoyat sodir etishga suiqasd qilish va pora berish moddalari bilan ish qo‘zg‘atildi.
16 — 17 noyabr kunlari O‘zbekiston hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylanadi) bo‘ladi. Shu kunlari respublika bo‘yicha shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati harorat kechalari 5−8° sovuqgacha, kunduz kunlari 0−3° iliqgacha bo‘ladi.
Moskva viloyatining Pribrejnaya ko‘chasida joylashgan quruvchilarning vaqtincha turar joyida yuz bergan yong‘inda 2 kishi jarohatlangan va 4 kishi vafot etgan. Tashqi mehnat migratsiyasining Moskvadagi vakolatxonasi vafot etganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarosi ekanini tasdiqladi.
Adliya vaziri gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab tadbirkorlar zarar ko‘rayotgani borasida fikr bildirar ekan, shartnoma shartini bajarmagani uchun ta’minotchi korxonalar ustidan sudga murojaat qilish kerakligini aytdi. «Shu yo‘l bilan hammasini tartibga solsa bo‘ladi. Mas’uliyati albatta oshadi, to‘lab ko‘rsin zararni keyin biladi qanaqa hal qilishini», — dedi Ruslanbek Davletov.
Juma kuni kechki payt huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Andijon viloyati prokuraturasi xodimi 15 ming dollar miqdoridagi porani olayotganida ushlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting