Termizdagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida gumanitar, pedagogika va muhandislik sohalari bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda 345 nafar afg‘onistonlik bepul tahsil olishi mumkin bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi mazkur tashabbus uchun 1 mln yevro ajratdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘qishini chet eldan ko‘chirish istagida bo‘lgan talabalarning imtihonlarga tayyorlanishga yetarlicha vaqti bo‘lishi uchun davlat OTMlarga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballarini 4 oy oldin e’lon qildi. Joriy yilda 100 ming talabaning o‘qishini chet eldan ko‘chirishi kutilmoqda.
1 maydan boshlab pensiya va nafaqa pullarini bank kartalariga oladiganlar uchun 1% qo‘shimcha to‘lov to‘lab beriladi. Naqd pulda pensiya, nafaqa va moddiy yordam pullarini yetkazib berish xizmatlari uchun esa «Xalq banki»ga 1 foiz xizmat haqqi to‘lab beriladi. Bu mablag‘lar pensiya va nafaqa oluvchilar hisobidan emas, Pensiya jamg‘armasi va budjet pullaridan qoplanadi.
Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» dasturi ijrosi ahvoli qoniqtirmasligini aytib, «ayrim hududlarda ishlar nomigagina tashkil etilayotgani, ko‘zbo‘yamachilik davom etayotganidan» xabari borligini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, ekilmagan 5 mln tup ko‘chatni hisobotda qo‘shib yozish holatlari ham uchrayapti. Qolaversa, terakning allergiya chaqirmaydigan navlarini ekishga ham ko‘rsatma berildi.
Tadbirkordan savdo nuqtasi uchun noqonuniy pul talab qilgan “Farhod dehqon bozori” direktori va uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular ushbu bozorga xizmat ko‘rsatuvchi bank kassiri orqali 3,4 mln so‘m olmoqchi bo‘lgan.
Qoraqalpog‘istondagi Sudoche ko‘lida yashovchi suv qushlari va yirtqich qushlar bahorgi o‘rganishlar chog‘ida ekologlar kamerasiga muhrlandi. Ekologiya davlat qo‘mitasi tomonidan «Sudoche-Akpetki» davlat qo‘riqxonasida yashovchi qushlar suratlari chop etildi.
Prezident qarori bilan «Ochiq budjet» portalida tashabbuskor budjet doirasidagi 139 ta loyihani moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 85,4 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Gap har biri 2000 dan ortiq ovoz olgan (jami 480 mingdan ortiq ovoz), lekin ovoz berish jarayonida g‘olib deb topilmagan loyihalar haqida bormoqda.
Orol dengizining koinotdan ko‘rinishi, Uzmetronom asoschisi ustidan arz qilgan Komil Allamjonov, salomatligi tufayli ishdan bo‘shatilgan energetika vaziri, Andijonda bojxona posti boshlig‘i va ikki xodimi hibsga olingani, yangi qurilayotgan sement-beton qoplamali yo‘llar sifatini nazorat qiladigan Bosh prokuratura va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 7 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
1-iyuldan 38 turdagi davlat xizmatini tasdiqlash elektron imzo o‘rniga mobil telefon yordamida amalga oshiriladi. Shuningdek, 6 turdagi litsenziya olish uchun talablar, qolaversa, kommunal tashkilotlarning 32 turdagi hujjat va ma’lumotnomalarini talab qilish bekor qilinadi.
Toshkent hokimiyati ma’muriyati tashkil etilganiga 15 kun bo‘lgan «Profi event» kompaniyasiga Navro‘z saylini o‘tkazish uchun 1 milliard so‘mlik ishlarni tendersiz topshirdi. Unda kompaniya 3 kun davomida «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida bir qator xizmatlarni ko‘rsatishi belgilangan. Kelishuvga muvofiq, asosiy konstruksiyalar qurilishi aynan shartnoma imzolangan sanada tugatilishi kerak bo‘lgan.
Toshkentda Kosmonavtlar maydonini rekonstruksiya qilish ishlari deyarli yakunlanib qoldi. Bu yerdagi granit plitalar almashtirildi va yangi o‘simliklar ekildi. Biroq, san’at va arxitektura tarixchisi Boris Chuxovich «rekonstruktorlar mualliflarning asl badiiy g‘oyalariga yetarlicha e’tibor bermagan va yodgorlikning yaxlitligini buzgan», deb hisoblaydi. U shu kabi ishlarni qilishdan avval aholi va mutaxassislar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.
Prezident joriy yilda viloyatlarda jami 2300 km, poytaxtda 250 km sement-beton qoplamali ichki yo‘llar barpo etilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, sement ishlab chiqarish hajmi shu yili 18 mln tonnaga yetkaziladi. Bosh prokuratura mazkur yo‘llar sifati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi. Import qilinadigan sement-beton qoplamali yo‘l qurish texnikalari bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etiladi.
Chinoz tumanida bank xodimi «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida fuqarolarga ajratilgan 2 mlrd so‘mdan ortiq kredit mablag‘larini turmush o‘rtog‘i va yaqinlarining nomlariga ochilgan dehqon xo‘jaligi hisob raqamiga o‘tkazib, pullarni naqdlashtirib kelganlikda gumon qilinmoqda. U, shuningdek, 10 nafar fuqaroga ularning xabarisiz kredit ajratib, pullarni o‘zlashtirgani ma’lum qilindi.
Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni Samarqand turizm markazini qurishni tezlashtirish yuzasidan mas’ullarga topshiriq berdi. Loyihaga ko‘ra, ushbu majmuada kongress xoll, «Abadiy shahar» karvon saroyi, 8 ta mehmonxona qurish ko‘zda tutilgandi. Hozirgi kunga kelib, mehmonxonalar, qadimiy shaharchalar, yo‘l va ko‘priklarni qurish ishlari olib borilmoqda (foto).
Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Uzmetronom.com sayti asoschisi Sergey Yejkov ustidan huquq-tartibot organlariga arz qildi. Bunga Komil Allamjonov himoyasi ostida O‘zbekistonga 4,2 mln dollarlik tilla va brilliant taqinchoqlar noqonuniy olib kirilgani aytilgan «Brilliant bola» nomli maqola sabab bo‘ldi. Mazkur axborotning birinchi manbasi esa Eltuz resursi hisoblanadi.
XKS kosmonavti Oleg Artemev internet foydalanuvchilari iltimosiga ko‘ra Orol dengizi suratlarini e’lon qildi. Suratda O‘zbekistondagi G‘arbiy va Sharqiy Orolning bir-biri bilan ingichka suv yo‘li bilan tutashgani hamda Qozog‘istondagi Kichik Orolning zumrad oynadek turgani aks etgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Karimov lavozimidan ozod etildi. U UzAuto Motors monopoliyasiga qarshi chiqqan edi va haydovchilik guvohnomasini olish uchun Yagona imtihon markazi ishga tushgandan keyin davlat imtihon markazlari yopilgani noto‘g‘ri bo‘lganini aytgan edi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ofisiga 2021-yilda 18,7 mingdan ko‘proq murojaat kelib tushdi, bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichga (14,9 ming) qaraganda oshgan. Shundan 11257 tasi ko‘rib chiqish uchun ish yurituviga olingan. Murojaatlarning asosiy qismini mulkka bo‘lgan va mehnat huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy imtiyoz va nafaqalar olish kabi masalalar tashkil etgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sessiyasida Kamal Tarixov Qoraqalpog‘iston sudi raisi lavozimiga saylandi. U mazkur lavozimda Gulnara Bazarbayevaning o‘rnini egalladi.
«Andijon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig‘i va 2 nafar xodimi qo‘lga olindi, ular post orqali 5,5 mlrd so‘mlik yukni noqonuniy tarzda olib o‘tilishiga yordam bermoqchi bo‘lgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting