O‘zbekistonda 100 yosh va undan oshgan fuqarolarning nafaqasiga pensiyani hisoblashning bazaviy 100% miqdorida — 289 000 so‘m qo‘shimcha to‘lov qilinadi. 1 yanvar holatiga mamlakatda 570 nafar 100 yosh va undan oshgan shaxs istiqomat qiladi.
2021-yilning 11 oyi mobaynida O‘zbekiston Qozog‘istondan 639 mln dollar qabul qilib olgan, 102 mln dollar mablag‘ esa qo‘shni mamlakatga jo‘natilgan. Shu tariqa Qozog‘iston pul o‘tkazmalarining qariyb 30 foizi O‘zbekiston hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekiston fan arbobi, akademik, professor Baxtiyor Nazarov 77 yoshida olamdan o‘tdi. U 1986−1994 yillarda «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnalining bosh muharriri, prezident maslahatchisi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagandi.
Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tasarrufidagi markaz O‘zbekistonda ilk uchuvchisiz dron ishlab chiqardi. LOCHIN apparati — razvedka qilish, zarba berish, real vaqt rejimida kuzatish, ma’lumot olish, artilleriya o‘t ochish jarayonini boshqarish kabi vazifalarni bajara oladi. Qolaversa, qurilmadan qishloq xo‘jaligida hamda qo‘riqxonalarni, yo‘llarni, ijtimoiy infratuzilma va muhim obyektlarni kuzatishda foydalanish mumkin (video).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mehmonxonada 4 kishilik xonaga 2 kishi, 50 o‘rindiqli avtobusga 25 kishi joylashtirilishi, oziq-ovqatlar maxsus qadoqlangan holda tarqatilishi, Saudiya qirolligida joriy qilingan 15 foiz QQS umra to‘lovi oshishiga ta’sir etganini ma’lum qildi. Qolaversa, bu yilgi mavsumda Makka va Madina shaharlarida Ikki Haramga yaqin bo‘lgan mehmonxonalar buyurtma qilingani qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev umumiy va ixtisoslashtirilgan maktablarda fanlar va chet tillarini o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan 790 ta maktab bosqichma-bosqich Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Dushanba kuni COVID-19 bilan kunlik kasallanishlar soni o‘tgan kunga nisbatan 1037 tadan 935 taga kamaydi. Koronavirus bilan og‘rigan 4 nafar bemor esa vafot etdi.
O‘zbekistonda antirekordni qayd etgan qoronavirus, Andijonda noqonuniy kesilgan 12 tup qimmatbaho daraxt, IT-tanlov g‘olibiga ishlatilgan noutbuk berilgani, Qashqadaryoda 500 ming so‘m pora olgani uchun 5 yilga qamalgan shifokor, aksiyalari ochiq savdoga chiqariladigan UzAuto Motors va boshqa xabarlar — «Gazeta.uz» ning 17 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Samarqandda «Bir million o‘zbek dasturchilari» tanlovining tuman bosqichi g‘olibi, 8-sinf o‘quvchisi Sardor Sattorovga ishlatilgan noutbuk berilgani ortidan Nurobod tumani hokimining o‘rinbosariga hayfsan berildi.
Majburiy ijro byurosi Andijon shahar bo‘limining ikki nafar xodimi fuqarodan sud qarori ijrosini ta’minlab berish evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ushlangani aytilmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
COVAX dasturi doirasida O‘zbekistonga yana 310 050 doza Pfizer vaksinasi olib kelindi. Mazkur turdagi vaksinalarning umumiy miqdori 2,6 mln dozaga yetdi.
Prezident farmoni bilan 1 maydan turizm sohasida yosh tadbirkorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 50 mln so‘m miqdorida, jami 10 mlrd so‘m grant ajratiladi. Mablag‘lar O‘zbekistonga uch yil davomida kamida 200 nafar xorijiy turistlar uchun tur tashkil qilish sharti bilan beriladi. Moliya vazirligi esa 11 oy davomida Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga har oy qo‘shimcha 2,5 mlrd so‘mdan yo‘naltiradi.
Kuchli qor va bo‘ron sharoitida Toshkentdan uchgan Uzbekistan Airways aviakompaniyasi samolyoti Minsk aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q.
Haftaning ilk uch kunida O‘zbekiston bo‘ylab yomg‘ir yog‘ishi, chorshanba kuni ayrim hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi kutilmoqda. Payshanba kuni quruq ob-havo kuzatilishi mumkin, biroq, juma kuni yana qor yog‘adi. Kechalari havo harorati -3 daraja sovuq, kunduzi esa +10 darajaga iliq bo‘ladi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi Dilbar Mahmudova 85 yoshida vafot etdi. Uning turmush o‘rtog‘i bilan hammualliflikdagi bir qancha pesalari O‘zbek Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgandi.
Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari fuqaroning o‘g‘liga nogironlik nafaqasini chiqarib berishni va’da qilib, buning evaziga 500 ming so‘m pora olgani aytilmoqda. Kitob tuman sudi shifokorni aybli deb topib, unga 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Samarqandda 8-sinf o‘quvchisi «Bir million dasturchi» tanlovida birinchi o‘rinni olgani uchun ishlatilgan noutbuk berilganini ma’lum qildi. Hokimlik esa o‘quvchi tuman bosqichida birinchi o‘rinni olgani uchun telefon bilan taqdirlaganini aytmoqda. XTV ishchi guruhi mazkur holat bo‘yicha o‘rganish olib bormoqda.
Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan Namangan viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Eshquvvatov Andijon viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi.
Olmazor tumanidagi Jomiy bozori hududidagi omborxonada yong‘in sodir bo‘ldi. 5 daqiqa ichida 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borib, 30 daqiqada olovni o‘chirgan. Hodisa oqibatida binoning 350 kvadrat metr qismi zararlangan, jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Toshkentning Yashnobod tumanida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan o‘smir (2005 y.t.) Spark mashinasida tezlikni oshirishi tufayli boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi temir panjaraga urilgan. Buning oqibatida esa avtomobil haydovchisi va yo‘lovchisi voqea joyida vafot etgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting