«Turkiston islom harakati» xalqaro terroristik tashkilotiga a’zolikda hamda 1999 yilning 16 fevralida Toshkentda bo‘lgan qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etganlikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelindi. U 23 yil davomida qidiruvda bo‘lgan.
Koronavirus bo‘yicha kunlik holatlar ketma-ket oltinchi kun o‘sishda davom etayapti — payshanba kuni yana 824 kishida virus aniqlandi. Birgina poytaxtning o‘zida 434 ta holat qayd etildi. 3 kishi esa COVID-19 oqibatida vafot etdi.
15, 16 va 18 yanvar kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida shamol kuchayishi, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, ayrim hududlarda esa kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev bugun 03:00 larda Toshkent shahar tez yordam stansiyasiga borib, «tez yordam» holatini tekshirdi. Uning topshirig‘i bilan qo‘shimcha 40 ta tez tibbiy yordam mashinasi xizmatga biriktiriladigan bo‘ldi. Vazir shuningdek, Toshkentning 12 ta tumanida kasallik klinik belgilarsiz va yengil shaklda kechayotgan bemorlar salomatligini nazorat qilish uchun COVID-poliklinikalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirig‘ini berdi.
Poytaxtdagi Xalqlar do‘stligi maydonida bo‘lib o‘tayotgan harbiy texnikalar ko‘rgazmasida harbiy mashinalardan biri yonib ketdi. Jabrlanganlar yo‘q.
Toshkentda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tantanali harbiy yurish bo‘lib o‘tdi. Harbiy xizmatchilardan iborat bo‘linmalar «Turkiston» san’at saroyidan — harbiy texnikalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tayotgan Xalqlar do‘stligi maydoniga qadar harakatlandi.
Aleksandr Lukashenkoning so‘zlariga javob qaytargan Shavkat Mirziyoyev, Mudofaani boshqarish milliy markazi ochilgani, qurol yordamida to‘xtatilgan Malibu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot, poytaxtda portlatilgan «o‘t o‘chirgich» bo‘yicha 13 kishiga qo‘yilgan ayblov, Marokash shartnomasiga qo‘shilgan O‘zbekiston, hokimlarning kengash raisi maqomi bekor qilinmaganiga izoh bergan Senat va boshqa xabarlar «Gazeta.uz» ning 13 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekiston «omikron» tarqalayotgani munosabati bilan 15 yanvardan Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tishga vaqtinchalik cheklov joriy etmoqda. Cheklovlar avialoqalarga hamda vatanga qaytayotgan fuqarolarga taalluqli emas.
13−14 yanvar kunlari Chimyon hududida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi. FVV shu kunlarda fuqarolardan «Qor ko‘chishi xavfi mavjud» belgisi bo‘lgan joylarga kirmaslikni so‘radi.
O‘rtachirchiq tumanida «To‘ytepa-Ozodlik» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan yuk poyezdi urib ketishi oqibatida 26 yoshli fuqaro vafot etdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u quloqchin taqib, mol boqayotgan bo‘lgan.
AQShga kirish uchun yangi qoidalar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yo‘lovchilar parvozdan kamida 24 soat oldin PZR-test hamda kamida 15 kun oldin COVID-19ga qarshi to‘liq emlanganliklarini tasdiqlaydigan guvohnomaga ega bo‘lishlari kerak. Boshqa talablar ham bor.
O‘zbekiston ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslarning nashr etilgan asarlardan foydalanishini yengillashtirish to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga qo‘shildi. Hozirda mamlakatda 72 mingdan ortiq ko‘zi ojiz insonlar istiqomat qiladi.
«Samarqand darvoza»da «o‘t o‘chirgich» portlatilishi bo‘yicha tergov doirasida 13 kishiga ayblov e’lon qilindi. 5 nafari 3−5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Shuningdek, tergovda mazkur vositani yasashni yoshlarga yangiyo‘llik traktorchi o‘rgatgani aniqlangan.
Shavkat Mirziyoyev hudud va tarmoqlarni strategik rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun esa xorijdan malakali mutaxassis va maslahatchilarni ham jalb qilinishi ta’kidlandi.
Yunusobodda YPX inspektori talabini bajarmagach, o‘qotar qurol bilan to‘xtatilgan Malibu haydovchisi o‘sha kuni spirtli ichimlik iste’mol qilganini aytdi. «Ayb menda, bo‘ynimga olaman. Aroq, pivo ichibman, keyin „o‘chib“ qolibman», — dedi u. Qolaversa, bu uning transportdan foydalanish qoidasini birinchi marta buzishi emasligi ma’lum qilindi.
Nazarbekda maktab va bolalar bog‘chasini qurishga mo‘ljallangan yer uchastkasi noqonuniy ravishda tadbirkorga berib yuborilgan. Senatorlar aralashuvidan so‘ng u boshlagan qurilish ishlari to‘xtatildi.
Yangiyo‘lda fuqaroni Qirg‘izistonning O‘sh davlat universitetiga kiritib qo‘yish uchun 10 ming dollar talab qilgan shaxslar ushlandi. Hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.
1 fevraldan boshlab 26 ta davlat tashkilot va organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting joriy qilinadi. Ro‘yxatdan 11 ta vazirlik, 4 ta davlat qo‘mitasi, 7 ta agentlik va 4 ta hokimiyat o‘rin olgan va ularning faoliyati 5 ta indikator asosida baholanadi. 1 iyuldan esa reyting barcha davlat tashkilotlarida joriy qilinadi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti yillik 262 foizli depozitlarni taklif qilgan Golden Cash Store moliyaviy piramidasi bo‘yicha jinoyat ishi tafsilotlarini oshkor qildi. Kompaniya faoliyatidan bir necha ming fuqaro jabr ko‘rdi, ular 100 dan 10 ming dollargacha qiymatdagi oltin va kumush buyumlarni topshirgan. Tekshiruvlar davomida korxonaning bank hisobvarag‘idan 1,1 mlrd so‘m, ta’sischilardan birining plastik kartasidan esa 2,4 mlrd so‘m pul topildi.
Sport zali yo‘q maktablarda qish oylarida jismoniy tarbiya darslari o‘tgan o‘quv yilidan boshlab qisqartirilgandi. Mazkur buyruq bekor qilindi va endilikda barcha maktablarda haftada ikki marta jismoniy tarbiya o‘qitiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting