Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov uch mingdan ortiq maktablarda oshxonaning o‘zi yo‘qligi, borining ham 60 foizga yaqini talab darajasida emasligini ta’kidladi. «Farzandlarimizni fiziologik-depressiv holatini yuzaga kelishini hisobga olsak, o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabati keskinlashishi, maktabga jinoyatni kirib kelgani bu — albatta ovqatlanish bilan bog‘liq masala», — dedi Alisher Qodirov.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bachadon bo‘yni saratonini bartaraf qilishni tezlashtirish bo‘yicha Global strategiyani ishlab chiqdi. Strategiyada taqdim etilgan tavsiyalarni amalga oshirish 2050 yilga kelib kasallanish holatlarini 40 foizga kamaytirishga va 5 million o‘limning oldini olishga imkon yaratadi.
Antimonopoliya qo‘mitasi UzAuto Motors ishi bo‘yicha Toshkent shahar ma’muriy sudi qarori ustidan apellyatsiya shikoyatini kiritdi. 30 oktyabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudi qo‘mita maxsus komissiyasining 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topgan edi.
O‘zbekiston Qirg‘izistonga 200 o‘ringa mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan shifoxona konteynerlarini yubordi. Shuningdek, mamlakatga COVID-19ga qarshi kurashda yordam berish uchun o‘zbekistonlik shifokorlarni yuborish rejalashtirilgan.
So‘nggi 9 oy ichida korrupsiya holatlari yuzasidan 838 ta jinoiy ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ular bo‘yicha 647 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Jinoiy javobgarlikka tortilganlarning 4 nafari respublika miqyosidagi, 15 nafari viloyat miqyosidagi, 626 nafari esa shahar-tuman miqyosidagi mansabdor shaxslarni tashkil qiladi. Ushbu korrupsion jinoyatlar oqibatida 200 mlrd so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan.
Noqulay ob-havo sharoiti sababli Toshkentdan qatnaydigan barcha shaharlararo avtobus qatnovlari 19-noyabr sanasi uchun bekor qilindi.
2019−2020 o‘quv yilida AQSHdagi o‘zbekistonlik talabalar soni 546 nafarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 4,4 foizga kamroq.
Uzauto Motors kompaniyasi 9 oy mobaynida davlat byudjetiga 582,6 mlrd so‘m yig‘imni to‘lamagan. Mazkur holat bo‘yicha deputat Rasul Kushnerbayev munosabat bildirib, kamiga keyingi yil ham shunday 3 foizlik yig‘imni to‘lamaslik imtiyozini saqlab qolishi mumkinligini ma’lum qildi. «Biz bunday imtiyoz berilishiga qarshimiz», — dedi u.
Koronavirus pandemiyasi odamlarning odatlariga, moddiy ahvoliga va hatto to‘y an’analariga ta’sir ko‘rsatdi. «Gazeta.uz» uch nafar juftlik bilan suhbatlashdi va nima uchun ular kichik to‘y o‘tkazishga qaror qilishgani, qanday qiyinchiliklarga duch kelishgani va karantin davrida oilaviy hayotni qanday boshlaganliklari haqida suhbatlashdi.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra bir yil davomida mehnat qulligida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi ish beruvchiga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini, ish sharoitlari va ish haqidan qoniqqanini aytdi. U O‘zbekistonga qaytish niyatida emas. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yopilgan.
«Pandemiya davrida yotgan ayrim qariyalarga oyog‘ini tog‘oraga suv solib, sovun bilan yuvish emas, balki sumkada tashilgan yeguliklar kerak edi», — deya Komil Allamjonov Toshkent hokimining volontyorlik haqidagi so‘zlariga fikr bildirdi. Toshkent shahar hokimligi Jahongir Ortiqxo‘jayevning javobi aks etgan to‘liq videoni taqdim etib, hokim «yolg‘iz qolgan, kambag‘allarga yordam berishga bo‘lgan samimiylik va firibgarliklar o‘rtasidagi nozik chiziqni» ko‘rsatishga urinayotganini ta’kidladi.
Rejissyor Yolqin To‘ychiyev suratga olgan «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi «Moskva premerasi» xalqaro kinofestivalida gran-pri sovrinini qo‘lga kiritdi.
BMT tizimida Gigiyena va sanitariya jamg‘armasi tashkil etildi. So‘nggi besh yil ichida odamlarni suv, hojatxonalar va gigiyena vositalarini ta’minlash uchun jamg‘armaga 2 mlrd dollar miqdorida mablag‘ ajratilishi kutilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar savoliga javob berib bo‘lgach, mikrofonini o‘chirishni esdan chiqargan maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Maqsud Yuldashev: «Obqochishga majburmiz endi, nima qilamiz», — dedi. Vazirlik rasmiy munosabat bildirdi.
Qonunchilik palatasi deputatlari 9 oyda ortiqcha to‘langan 126 mlrd so‘m soliqni qaytarish masalasi bilan qiziqishdi. «Bir oyda 10 trln soliq tushumlari tushadi, ortiqcha to‘langan 126 mlrd so‘m bu normal raqam», — dedi DSQ raisi Sherzod Qudbiyev. U, shuningdek, ortiqcha to‘langan soliq tadbirkorlik sub’ekti murojaati yoki sudni qarori bilan qaytarilishini ma’lum qildi.
Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev volontyorlar tomonidan tovar va pul olish, kimgadir nimalardir olib borish holatlari ko‘payib borayotganidan shubhaga tushayotganini ta’kidladi. «Hammasi sumka-sumka narsa olib borib tashash bilan ovora. Buni bir ko‘rib chiqishimiz kerak», — dedi u.
Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Qashqadaryo viloyatida birorta ham bitiruvchisi OTMga kira olmagan 20 ta maktab direktorini o‘z lavozimidan chetlatdi. Yuqori natijalarga erishgan maktab direktorlari esa rag‘batlantirildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 9 oyda tabiiy gazni qazib olish 19,6 foizga, gaz kandensati esa 34,7 foizga tushgani, bu dunyo bozoridagi talab kamayishi tufayli kuzatilgani aytildi. Deputat Maqsuda Vorisova, — «Ichki bozorda talab kundan-kunga oshib borayapti, tadbirkorlarni ham qish oldidan gaz tarmog‘idan uzishga majbur bo‘layapmiz, bunga qanday izoh berasizlar», — deya savol berdi. Energetika vaziri o‘rinbosari qo‘shma korxonalar eksportni to‘xtatgani va ishlab chiqarish shuning hisobiga qisqarganini ma’lum qildi.
30 noyabrdan elektron kundalik uchun to‘lovni amalga oshirish mumkin. Obuna narxi qog‘oz kundalikning o‘rtacha narxi kabi — 9 200 so‘m etib belgilandi. U orqali ota-onalar bir yil davomida bolaning maktab hayotini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. O‘qituvchilar elektron jurnaldan bepul foydalana oladi.
Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida voyaga yetmagan qiz (nogiron, 2004 yilda tug‘ilgan) 65 yoshli qo‘shnisi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchradi. Huquqni muhofaza qilish organlarining ma’lumotlariga ko‘ra, erkak 2018 yildan beri qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting