Toshkentda 15 avgustdan jamoat transporti, jumladan avtobus va yo‘nalishli taksilar (mashrutkalar) faoliyati qayta tiklanadi. Toshkent viloyatida ham avtobus qatnovlariga ruxsat beriladi.
Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, Toshkent metropoliteni 15 avgustdan ishga tushiriladi. Metroda niqob taqish va ijtimoiy masofa saqlash qoidalariga rioya qilish jiddiy nazorat qilinadi.
Qoraqalpog‘istonda mast haydovchi velosipedda ketayotgan 11 va 12 yoshli ikki bolani urib yubordi. Bolalar voqea joyida vafot etdi.
Chet elda ishga joylashtirish bo‘yicha xizmat haqini ish qidirayotgan emas, ish beruvchi to‘laydigan bo‘ldi.
Dam olish kunlari mamlakat hududida havo vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Janubda harorat 40 darajagacha ko‘tariladi.
Toshkentning Yunusobod tumani Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazining bosh vrachiga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi. U karantin vaqtida soxta stikerlar berganlikda ayblanmoqda. Poytaxt SEOM bosh vrachi ruxsatnoma xodimlarning qarindoshlariga, ularni ishga olib kelish uchun berilganini aytdi.
AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblum Bishkekda Bobomurod Abdullayevning hibsga olinishi yuzasidan xavotir bildirdi. U jurnalistning harakat erkinligini hurmat qilishga va Qirg‘izistonni o‘zi tanlagan mamlakatga ketishiga ijozat berishga chaqirdi.
15 avgustdan boshlab mahalliy aviaqatnovlar va temir yo‘l qatnovlari bosqichma-bosqich tiklanadi. Toshkentdan Nukus va Urganch shaharlariga haftasiga uch marotaba, Termizgacha haftasiga ikki marotaba aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» esa jami 3 ta yo‘nalish bo‘yicha 5 ta poyezd qatnovini amalga oshiradi.
Tojikiston hududida sodir bo‘lgan 4,9 ballik zilzila O‘zbekiston shaharlarida ham sezildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududini o‘zgartirish to‘g‘risidagi loyihani qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Uchtepa va Sergeli tumanlari hamda Ulug‘bek shaharchasi aholisi ushbu rejalardan norozi bo‘lgan edi.
BMT tizimidagi agentliklar koronavirusdan zarar ko‘rganlarga 1 mln dollarlik yangi dastur orqali yordam ko‘rsatadi. Dasturda muhojirlar va ularning oilalariga, norasmiy sektorda ishlaydigan ishchilarga, mojaroli zonalardan qaytib kelgan oilalarga, ayollar va qizlar, shuningdek, gender zo‘ravonlik qurbonlariga yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi COVID-19 va oddiy gripp o‘rtasida qanday farqlar borligini tushuntirib berdi. Ushbu ikki kasallikning yashirin davrlari, yo‘tal ko‘rinishlari va boshqa alomatlari bilan farq qilishi ma’lum qilindi.
Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish maqsadida respublika bo‘ylab ushbu fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi. Shuningdek, xalqaro olimpiadalar g‘oliblari va ularni tayyorlagan professor-o‘qituvchilar rag‘batlantirilib, kimyo va biologiya fanlaridan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi.
Prezident qarori bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Shuningdek, markazdagi xorijiy tadqiqotchi va izlanuvchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya ta’sis etildi.
Karantinda saqlash muddati vrachlar kuzatuvi ostida davolash-profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirgan holda 7 kun etib belgilanadi. «Qizil», «sariq» va «yashil» reyslar ro‘yxati yangilandi.
Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 15 avgustdan Chorvoq suv omborida cho‘milish va ko‘ngilochar vositalar borasida barcha cheklovlar yechilib, ulardan foydalanishga ruxsat berilganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda 17 avgustdan boshlab barcha diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar faoliyatiga ruxsat berildi. Bunda karantin qoidalariga qat’iy rioya etilishi shart. Juma namozini vaqtincha ado etmaslik belgilandi.
Jurnalist Bobomurod Abdullayev Bishkekda O‘zbekiston so‘roviga asosan qo‘lga olindi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi. Hozirda uning ekstraditsiyasi masalasi hal qilinmoqda.
Toshkentning yettita tumanida tibbiyot birlashmalariga yangi rahbarlar tayinlandi.
Toshkentning Chilonzor tumanida Labo yuk mashinasining reklama ustuniga borib urilishi oqibatida avtomobil yo‘lovchisi voqea joyida vafot etdi, haydovchi jarohat oldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting