JSTga a’zo bo‘lishdagi to‘siqlarga to‘xtalgan prezident maxsus vakili, propan narxi oshishiga qarshi cheklov, boqilishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati, sement zavodlariga imtiyoz sabab budjetga kelib tushmagan mablag‘lar va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Endi chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tadi. Bu vazifaga Qurolli Kuchlar zaxirasidagi harbiylar ishga qabul qilinadi. Shuningdek, musiqa fani o‘qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahorati baholanib, malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
️2025-yildan boshlab har yili sinxron suzish bo‘yicha Toshkent shahrida “Suv parisi”, suzish bo‘yicha esa Samarqand viloyatida Silk Water xalqaro turnirlari o‘tkaziladi. 2026-yildan esa tajriba tariqasida Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidagi mahallalarda 6×15 metr o‘lchamli suzish havzalari barpo etiladi.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida 4 kishi kafeda tayyorlangan ovqatdan zaharlanib, kasalxonaga yotqizildi. Holat Sanepidqo‘mita xodimlari tomonidan nazoratga olingan.
Majburiy ijro byurosining Shayxontohur tuman bo‘limi mansabdor shaxslari 202,9 mlrd so‘mlik 200 ta ijro ishini qonunchilik talablariga zid ravishda asossiz tugatgani aniqlandi. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Payshanba kuni Urganch tumanining Gurlan ko‘chasidagi kiyim do‘konlarida yong‘in chiqdi. 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borib, 1 soat ichida alangani o‘chirdi. Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmadi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan fuqarolar saqlashi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati tasdiqlandi. Shuningdek, davlat va ko‘chma sirklarda (shapito) yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish taqiqlandi.
Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Hujjat uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Qo‘qon shahrida “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotini qo‘llab-quvvatlashda aybdor deb topilgan 11 kishi 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.
Prezident xalq tabobati sohasida ishlash huquqi yo‘q shaxslar tomonidan tashxis qo‘yish va davolash xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilaydigan qonunni imzoladi. Bundan tashqari, xalq tabobatida ruxsat etilmagan usullardan foydalangan holda bunday xizmatlarni reklama qilish taqiqlandi.
Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi M-39 avtomobil yo‘lida Cobalt mashinasini tog‘dan sirpanib tushgan katta tosh bosib qoldi. Oqibatda salondagi 3 kishi halok bo‘ldi.
O‘zbekiston tennis federatsiyasi va “O‘zmilliybank” AJning hamkorligi tufayli O‘zbekistonning istiqbolli yosh tennischilari Serbiyada o‘quv-mashg‘ulotlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘zgidromet hisobotiga ko‘ra, bu yilgi oktabr harorat bo‘yicha o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin, ekstremal qiymatlardan uzoq bo‘ldi. Yomg‘ir odatdagidan tez-tez yoqqani tufayli oy juda yomg‘irli o‘tdi. Oktabrning ikkinchi yarmidan O‘zbekistonga haqiqiy kuz kirib keldi, deya bildirmoqda sinoptiklar.
Noventiq Uzbekistan bosh direktori Oleg Mishagin kompaniyaning bozordagi 20 yillik tajribasi, Softline brendining Noventiq’ga o‘zgarishi va kompaniya O‘zbekistonda biznesga qanday yordam berayotgani haqida so‘zlab berdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Andijonda korrupsiyaviy jinoyatlarda gumonlangan qator mansabdorlarni qo‘lga oldi. Bir holatda Asaka tumani Ekologiya bo‘limi bosh inspektori fuqarodan 20 ming dollar olayotganida ushlandi.
Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi “Dok-1 Maks” ishida aybdor deb topilgan Sardor Kariyevning uch nafar farzandi va ayoli yashab turgan uyni xatlash masalasini qo‘llab-quvvatladi.
Toshkentdagi avtobusda “ayollar — oldinda, erkaklar — orqada” yozuvli poster paydo bo‘ldi. “Toshshahartransxizmat” uni 2 yigit yopishtirib, holatni videoga ham olgani aks etgan kamera yozuvlarini e’lon qildi. Bu kabi poster avvalroq Samarqandda avtobusda ham uchragandi.
Raqobat qo‘mitasi Andijon viloyatining Oltinko‘l tuman hokimligi, Toshkent viloyatining ayrim sanoat zonasini boshqarish direksiyasi va Kinematografiyani rivojlantirish markazini davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishda monopoliyadan oldindan rozilik olmaganini aniqladi. Ularga tegishli ko‘rsatma berildi.
Chirchiq shahrida 100 mingta layk uchun otasini urishga tayyorligini aytib video olgan yigit 15 sutkaga qamaldi.
O‘zbekistonda endi faqat psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslargina psixologik yordam ko‘rsatishi mumkin. Psixologik yordamni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting