Andijon-Toshkent yo‘nalishida taksichilik qiluvchi fuqaro Toshkentga yo‘lovchi olib ketib, bedarak yo‘qolgan. Uning jasadi Toshkentdagi avtoturargohda turgan Cobalt yukxonasidan topildi. Hozirda 3 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
O‘zbekiston TIV rasmiy vakili Qozog‘istondagi fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Nur-Sulton shahridan aviaparvozlar amalga oshirilmoqda, qolaversa, Olma-otadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati tuzilgan. Hozirda O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q.
Dushanba kuni 425 kishida koronavirus aniqlandi. Yana 4 kishi kasallikdan vafot etdi.
Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibulla Oqilovning aniqlik kiritishicha, niqob taqmagan fuqarolar avvaliga ogohlantiriladi, qo‘pol qoidabuzarlar esa jarimaga tortiladi. IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov esa 9 yanvar kuni karantin qoidalarini buzgan 899 kishidan, 721 nafari ogohlantirilgani, qolgan 178 nafari esa jarimaga tortilganini ma’lum qildi.
Jizzax shahrida eski gaz quvurlari 1,5 ming kilometrdan ziyod uzunlikdagi yangi quvurlar bilan almashtirish rejalashtirilmoqda. Gaz taqsimlash stansiyalari soni ham qisqaradi. Mazkur loyiha Turkiyaning Aksa kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Moskva — Qarshi reysini amalga oshirayotgan Rossiyaning S7 Airlines aviakompaniyasi samolyoti kechasi Urganchga favqulodda qo‘ndi — yo‘lovchilardan biriga tez tibbiy yordam kerak bo‘ldi.
Toshkentda niqobdagi noma’lum shaxslar dekabr oyidan buyon ikkinchi marta archa daraxtlarini kesib tashlashga urinishdi. Uchastkani auksionda sotib olgan tadbirkor daraxtlarning ko‘chirilishiga rad javobini bergan ekologlar ustidan shikoyat qildi.
Qozog‘istonga ta’ziya bildirgan Shavkat Mirziyoyev, Navoiyda fuqarolarni kaltaklagan qora niqobli shaxslar, maktablarda yozgi ta’til muddati o‘zgarmasligi, Omikron aniqlangan shaxs kelgan samolyotda 200 kishi bo‘lganligi, Qozog‘istondagi vaziyat tufayli importi kechikayotgan go‘sht, qat’iy karantin rejalashtirilmaganligi, niqobsiz fuqarolarga jarima qo‘llanilmasligi va boshqa xabarlar — «Gazeta.uz» ning 10 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Namangan viloyati IIB yo‘l bo‘ylab o‘nlab odamlarning yugurib ketayotgani aks etgan video Yangi yil oqshomida tasvirga olingani, yo‘lni hech kim to‘sib qo‘ymagani, namoyishlar bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Qashqadaryoda YPX inspektorlari ko‘proq «protokol» tuzishga majburlanmoqda, deya xabar qildi Nasafnews sayti. Nashr viloyat YHXB rahbari o‘rinbosari ekani taxmin qilinayotgan shaxsning xodimlarga 20 tadan «protokol» rasmiylashtirishni topshirgani aks etgan audioyozuvni taqdim etdi. IIV YHXBB xizmat tekshiruvi boshlangani haqida ma’lum qildi.
Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Habibulla Oqilov bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida o‘tgan Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida niqob taqmaganlar jarimaga tortilmasligi, aksincha ogohlantirilishi ta’kidlanganini ma’lum qildi. «Yo‘lda to‘xtatgan militsiya, Milliy gvardiya xodimi o‘zi niqobni „iltimos shuni taqib oling“ deb beradi. Hech qanday jarima to‘g‘risida gap yo‘q», — dedi u.
O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish darajasi oshgani tufayli qat’iy karantin joriy etish rejalashtirilgani yo‘q. Ommaviy tadbirlar bekor qilinmagan, ammo epidemiologik vaziyatga qarab choralar keskinlashishi mumkin, deya ta’kidlandi poytaxtda o‘tgan SSV va SEO matbuot anjumanida.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev ilk «omikron» aniqlangan bemor bilan birga samolyotda 130 nafar o‘zbekistonlik, 70 nafar chet el fuqarosi bo‘lganini va ularning barchasi karantinga olinganini ma’lum qildi. U shuningdek, O‘zbekistonda omikron 7 yanvar kuni aniqlansa-da, 8 yanvar kungi xabarda omikron aniqlanmagani aytilganiga izoh berdi.
Haftaning asosiy qismida O‘zbekistonda quruq va iliq ob-havo hukm suradi, kunduzi havo harorati +12 darajagacha ko‘tariladi. Juma kuni esa yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko KXSHT sammitida so‘zlagan nutqida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealardan birinchi navbatda O‘zbekiston saboq olishi kerakligini, chunki tartibsizliklar tashkilotchilari unga ko‘z tikib turganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Qozog‘istondagi vaziyat nafaqat tashqi, balki ichki omillarga ham bog‘liq ekanligini aytdi.
Xalq ta’limi vazirligi maktablarda qishki ta’til uzaytirilgan muddatda o‘qituvchilar va xodimlarning oylik maoshi to‘liq to‘lab berilishini ma’lum qildi. Qolaversa, yozgi ta’tilga chiqish vaqti o‘zgarmaydi, uchinchi chorak o‘quv kunlari 1−4-sinflarda 9 kun, 5−11-sinflarda 11 kunga qisqaradi, darslar esa tig‘izlashtirib o‘tiladi. Ta’til kunlari o‘quvchilarni maktablardagi to‘garaklarga jalb etish taqiqlanadi.
To‘dako‘l suv havzasida qora niqobdagi nazoratchi inspektorlar va baliqchilar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Viloyat IIB formadagi shaxslar «Ichki ishlar xodimi emasligi va egnidagi libosi, vazirlik shevroni hamda rezina tayoqlarni qayerdan olgani» o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Holat yuzasidan JKning bezorilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonga COVAX global dasturi doirasida beg‘araz yordam sifatida 500 ming dozadan ortiq Moderna vaksinasi olib kelindi.
Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi nodavlat ta’lim muassasalariga qishki ta’tilni 24 yanvarga qadar uzaytirishni, ushbu muddat ichida esa o‘quvchilarning onlayn fan olimpiadalar, intellektual o‘yinlar va turli tanlovlarda ishtirokini ta’minlashni tavsiya qildi. Qolaversa, ushbu davr uchun ota-onalardan to‘lov undirilmaslik so‘raldi.
Surxondaryoning Boysun tumanida kechasi kuchsiz zilzila sodir bo‘ldi. Bu va boshqa hududlarda yer osti silkinishlari kuchi 2 dan 3 ballgachani tashkil etdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting