O‘zXDP hukumatga homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha davlat tomonidan kafolatlangan nafaqa to‘lashni joriy etish taklifini kiritdi. Partiya nodavlat sektordagi ish beruvchilar har doim ham bunday majburiyatni bajarmasligini, ishsiz ayollar esa umuman olmasligini ta’kidladi. Buni xalqaro tashkilotlar ham qayd etgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi Yuqori Chirchiq tumani 23-maktabda o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlarida majburiy mehnatga jalb etilganini ma’lum qildi. Shuningdek, bu kabi holat haftasiga ko‘p marotaba takrorlanib kelayotganligi aytildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi yosh (45 yoshgacha) shifokorlarning takliflari uchun g‘oyalarni to‘plash maqsadida “Yangi O‘zbekiston shifokorlari” platformasini yaratdi. Yangi platforma dunyoning istalgan hududida yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik shifokorlar uchun mo‘ljallangan.
Sello`ning boshqaruvchi hamkori Iskandar Yusupov o‘z logistika tizimini tashkil qilish va O‘zbekistonda marketpleysni rivojlantirish istiqbollari haqida so‘zlab berdi.
Prezident “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturi"ni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berishi, “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasi e’lon qilinishi, prezident poytaxt mahallalarini aylanishi — “Gazeta.uz"ning 23 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumani Sarhumdon va Gulobod mahallalarini aylandi. Bunda davlat rahbari ko‘p qavatli uyda yashaydigan fuqarolar bilan suhbatda bo‘ldi, maktabga tashrif buyurib o‘quvchi va maktab xodimlari bilan gaplashdi, keksalar bilan birga ko‘chat o‘tqazdi, aylanishga chiqqan bolakay bilan tanishdi (video).
Hukumat qarori bilan odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasi yuritiladi. Unga odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, jabrlanganlar, jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar kiritiladi. Ayollar va bolalar haqidagi axborot alohida ajratilgan holda, ularga ko‘rsatilgan yordam natijalari bilan ko‘rsatiladi.
Chirchiqdagi SHIRINA PETROL va Toshkent tumanidagi CLEAN GAS SERVICE MCHJlariga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari 1,635 mln kub metr gazdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlandi. Ushbu miqdordagi gaz 100 mingta xonadonning bir kunlik iste’moliga teng ekani aytildi.
Uzbekistan Airports kompaniyasi Yangixayot tumanida «Aviatsiya sohilbo‘yi» deb nomlangan yashil hudud yaratishni boshladi. Kompaniya rahbariyati ko‘chat ekish haqidagi topshirig‘ini hisobot berish uchun emas, odamlarga sayilgoh qilish uchun bajarishga qaror qilganini ma’lum qildi.
Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov mamlakatda 2021 yil oxiriga qadar 560 ming gektar maydonda «yashil qoplamalar» tashkil etilishini ma’lum qildi. Shundan 375 ming gektarida o‘rmonzor barpo etiladi.
Angliyaning Qirollik qishloq xo‘jaligi universitetida (Royal Agricultural University) O‘zbekistonda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Andijonlik bloger Fatima Jo‘rayeva Ulug‘nor tumani elektr tarmoqlari buxgalteri tomonidan kaltaklanganini ta’kidlamoqda. Bunga fermerlarga sun’iy ravishda qarzdorlik yozilgani bo‘yicha izoh so‘ragani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Mazkur holat bo‘yicha tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlandi. Tekshiruv harakatlari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi. Andijon tuman elektr tarmoqlari korxonasi esa ayolning kaltaklanganini rad etib, voqea joyidan olingan yozuvni taqdim etdi.
25 noyabrdan O‘zbekistonda «Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar» kampaniyasi boshlanadi. Kampaniya boshlanishini e’lon qilgan Senat raisi Tanzila Narbayeva zo‘ravonlikka qarshi kurashda «uzoq va mashaqqatli ishlar» turganini va unda «har birimizning ishtirokimiz muhim» ekanligini ta’kidladi.
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek va Bektemir tumanlaridagi dorixonalarda tegishli hujjatlari bo‘lmagan kuchli ta’sir qiluvchi “Regapen” va “Zardeks” dorilarining noqonuniy savdosi to‘xtatildi.
Toshkent metropolitenining “Buyuk Ipak yo‘li” bekatida FacePay tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda. Uning yordamida yo‘lovchi shunchaki validatorga qarab yo‘l haqi uchun to‘lov qilishi mumkin.
Poytaxtning Adiblar xiyoboni yonida Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi quriladi. Muzey bilan birga ilmiy tadqiqot markazi, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, maktab va yotoqxona ham tashkil etiladi. Milliy bog‘ yaqinida Prezident kutubxonasi qurilishi ham rejalashtirilmoqda. U 4 qavatli bo‘lishi, bir vaqtda 1 ming 400 dan ziyod o‘quvchiga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda har yili tabiiy ofatlar o‘rtacha 1,4 million kishilar hayotiga ta’sir o‘tkazadi. Natijada yetkazilgan zarar yiliga qariyb 3 mlrd dollarni tashkil etadi. Prognozlarga ko‘ra, yirik suv toshqini mamlakat YAIMning taxminan 5 foiziga zarar yetkazishi mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligining «O‘ztibloyiha» loyiha tashkilotiga turkiyalik mutaxassis Guray Kaymak rahbarlik qiladi. U poytaxtdagi sobiq Intercontinental mehmonxonasi binosi va O‘zbekistondagi boshqa obyektlarni loyihalashtirishda ishtirok etgan.
Hukumat Toshkent hokimligiga 2022 yil oxirigacha shahar bosh rejasini ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi. Poytaxt bosh rejasini ishlab chiqishni yakunlash muddati bugungi kungacha bir necha bor ortga surilgan.
Iqtisodchi Botir Qobilov yiliga 200 mln tup daraxt ekilishi tashabbusi haqida fikr bildirib, mazkur vazifaning ijrosiga ozgina shubhasi borligini ta’kidladi. «Eng muhimi, ekilgan daraxtning „mevasi“ 15−20 yil ichida kelmaydi. Balki 200 mln tup emas, 10 mln tupning o‘zi yetarlidir», — dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting