Yarim yil ichida O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 301,3 ming kishiga yoki 0,9 foizga oshib, 34,86 mln nafarga yetdi. Tug‘ilish va o‘lim darajasi 2020 yilning birinchi yarmiga nisbatan qariyb 7 foizga o‘sgan.
OTMlarga kirish test sinovlari 5-avgustdan boshlanadi. Test sinovlari qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Shuningdek, test savollari qisqartirilib, majburiy fanlardan ular 10 tadan bo‘ladi.
Saudiya Arabistoni 10 avgustdan boshlab xorijlik ziyoratchilar uchun Umra mavsumi tiklanishini e’lon qildi. Ziyoratchilar koronavirusga qarshi Pfizer, Moderna, AstraZeneca yoki J&J vaksinalari bilan to‘liq emlangan bo‘lishi kerak.
Qonunchilik palatasi deputatlari ma’qullagan qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda aholining ayrim qatlamlarini koronavirusga qarshi majburiy emlash hamda vaksina olmagan xodimni ishdan chetlatish mumkin bo‘ladi. Quyi palata vakillari ommaviy emlash koronavirusning yangi to‘lqinlarining oldini olishga yordam berishiga ishonmoqda. Qonun loyihasi Senat tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida Captiva rusumli avtomashina ag‘darilib ketdi. Natijada besh kishi jarohat oldi.
Adliya vazirligi «Gazeta.uz» va boshqa to‘rtta onlayn OAVlar bilan memorandum imzoladi. Hamkorlik huquqiy ma’lumotlarning tarqalishini kengaytirishga qaratilgan.
Gumbaz qurilish bozori Chevrolet Cobalt avtomashinasini yutuq sifatida o‘ynadi. Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi Baxtiyor Toshmuhamedov bosh sovrin egasiga aylandi.
Hokimliklarning yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, zaxiraga olish, olib qo‘yish vakolatining bekor qilinishi, to‘y va marosimlardagi cheklovlar, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi, xorijdan mahsulot sotib olib, uchinchi davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishi, turizm sohasida ayrim litsenziya talablarining joriy etilishi — 1 avgustdan O‘zbekiston qonunchiligida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
Ayrim hududlarda prezident maktablariga kirish imtihonlari boshlandi. 5 va 6-sinflarga qabul sinovlari ochiq osmon ostida bo‘lib o‘tdi. FVV ushbu kunlarda anomal jazirama haqida ogohlantirgan edi. Vaziyatga bolalar ombudsmani izoh berib, nima uchun imtihonlarni boshqa kunlarga ko‘chirish imkoni bo‘lmagani ma’lum qildi.
Prezident qarori bilan 35 ta Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Ularda o‘tkir qon-tomir kasalliklari bo‘yicha shoshilinch yordam hamda buyrak yetishmovchiligi mavjud bemorlarga gemodializ xizmati ko‘rsatiladi.
AQShdan O‘zbekistonga 29 iyul kuni koronavirusga qarshi 3 mln doza Moderna vaksinasi olib kelinadi. Preparat AQSh tomonidan COVAX dasturi doirasida ajratilmoqda.
Behzod Hoshimov O‘zbekistonda zavodlar, mehmonxonalar va turli tijoriy binolar qurilishini “kargo-kult” g‘oyasi bilan tushuntirdi. “Chet elda shunaqa binolar borligini bilamiz. Biz ham shunday qilsak boyib ketamiz, deb o‘ylaymiz. Pul — pulchalik turishi kerak”, — deya ta’kidladi u.
Poytaxtda sinov tariqasida har bir mahalladan bir kishiga «Jamoatchi ekologiya noziri» guvohnomasi beriladi. Ular Davlat ekologiya qo‘mitasida o‘qitiladi va avgust oyi o‘rtasidan hududlarda daraxtlarni noqonuniy kesilishini oldini olish, atrof-muhitga zarar yetmazmaslik bo‘yicha ish olib boradi.
Shavkat Mirziyoyevning haftalik ish grafiki, Olimpiada rekordini o‘rnatgan o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi, Moliya vazirining fuqarolarni “Tashabbusli byudjet"dan faol foydalanishga chaqirishi — “Gazeta.uz"ning 26 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Respublika oliy ta’lim kengashi raisi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor O‘ktam Umurzakov 69 yoshida vafot etdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahriga eltuvchi yo‘l trassasida yalpi hashar o‘tkazilayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, tasvirlardagi fuqarolarning aksariyati obodonlashtirish xodimlari hamda jamoat ishchilari hisoblanadi. Ularning ish haqlari belgilangan tartibda to‘lab berilishi aytilmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada va’da qilingan maoshini ololmayotgan migrantlar murojaati yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi. Natijada, fuqarolarning yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini o‘z vaqtida berish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv dalolatnomasi rasmiylashtirildi. Shuningdek, videomurojaatda aytilgan bir kunlik maosh, aslida, bir soatlik ekani ma’lum bo‘ldi.
Prezident farmoni bilan 1 yanvardan fuqarolarga ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini berish DXM orqali ham amalga oshiriladi, qolaversa, pasport uchun to‘lov narxi BHMning 1,2 baravaridan 1 baravarigacha arzonlashtiriladi. Bundan tashqari, bosqichma-bosqich 87 turdagi yangi davlat xizmatlari joriy etiladi, 59 ta xizmatning ko‘rsatish muddati esa qisqartiriladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini litsenziya bilan amalga oshirishga ruxsat berilgan. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ma’lum qilishicha, bugunga qadar mamlakat hududida bukmekerlik va totalizator faoliyatini amalga oshirish uchun hech kimga litsenziya berilmagan. Agentlik ushbu faoliyatlar hali ham qonuniy emasligini eslatdi.
Toshkent shahrining Olmazor tumanida dvigatel qismida qisqa tutashuv yuzaga kelganligi sabab “Gazel” avtomobili yonib ketdi. Yo‘lovchilar avtomobildan tushirilgan. Yong‘in natijasida tan jarohati olganlar yo‘q.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting