Prezident topshirig‘i bilan Dubay, Minsk, Seul va Dehliga charter reyslar tashkil etildi. 8−10 may kunlari O‘zbekistonga 800 nafardan ziyod fuqaro qaytarildi. Frankfurtdan reys amalga oshirilishi kutilmoqda.
Qirg‘iziston Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishidan jabrlangan sirdaryoliklarga insonparvarlik yordami yubordi.
Toshkentdagi Farhod avtomobil ehtiyot qismlar bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorda isitma aniqlangani sababli bozor faoliyati to‘xtatilib, sanitariya kuni e’lon qilindi.
Janubiy Koreya yuborgan insonparvarlik yordamining ikkinchi partiyasi Toshkentga yetib keldi. Yuk tarkibidan qariyb 192 ming dollarlik tibbiy vositalar o‘rin oldi.
13 maydan butun mamlakat bo‘ylab momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ib, shamol tezligi kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati +18…+23 darajagacha tushadi, bu — may oyi uchun o‘rtacha ko‘rsatkichlardan past.
Senat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tomorqadan oqilona foydalanish bo‘yicha tuzatishlar kiritishni ko‘zda tutgan qonunni rad etdi. Senatorlar fikricha, qonundagi noaniq tushunchalar korrupsiyaga olib kelishi mumkin.
Senatorlar “Salomatlik” ordeni (ikki darajadan iborat) va “Sog‘lom turmush” medalini ta’sis etishni ma’qulladi. Ular sog‘liqni saqlash va sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishda munosib hissa qo‘shganlarga taqdim etiladi.
2020−2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida Britaniya menejment universiteti faoliyat olib boradi. Ta’lim ingliz tilida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Universitetda loyihalarni boshqarish, tadbirkorlik va innovatsiyalar hamda raqamli iqtisodiyot kabi ta’lim yo‘nalishlari mavjud bo‘ladi.
“Qanotchi” restoranining faoliyati davom etayotganligi haqidagi ma’lumotlarga Toshkent shahar IIBB o‘z munosabatini bildirdi. Ma’lum qilinishicha, restoran umumiy ovqatlanish joylarining sanitariya-epidemiologiya me’yorlariga rioya qilgan holda ishlash imkoniyatini o‘rganish maqsadida sinov tariqasida ochilgan.
O‘zbekistonda koronavirus holatlari 2349 taga, sog‘aygan bemorlar 1804 nafarga yetdi.
Farg‘ona vodiysida qayd etilgan zilzilaning o‘chog‘i Xitoyda joylashgani xabar qilindi.
Tarmoqda Farg‘ona viloyatidagi qishloqda internet sifati pastligi sababli uy tomida o‘tirib onlayn dars berayotgan o‘qituvchi videosi tarqaldi. XTV o‘qituvchiga minnatdorchilik bildirdi, AKT vazirligi esa vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Sirdaryo viloyatida evakuatsiya ishlari vaqtida suv oqizib ketgan uch nafar Milliy gvardiya xodimidan biri sog‘ holda topildi, yana biri bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Dam olish kunlari O‘zbekiston bo‘ylab yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda. Shamol tezligi soniyasiga 28 metrgacha kuchayishi mumkin.
Sardoba suv ombori to‘g‘oni buzilishi oqibatida sodir bo‘lgan toshqin suvlari 10 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari (23 ta aholi punktlari) hududlaridagi 4 711ta turar va 277 ta noturar joy ob’ektlariga hamda 30 718 ga ekin maydonlariga zarar yetkazgan. Toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun 2500 dan ortiq texnika jalb etilgan.
Bir guruh o‘zbekistonlik shifokorlar koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishga ko‘maklashish maqsadida Tojikistonga jo‘nab ketdi.
Prezident qaroriga ko‘ra, Matematika fanini bilish darajasi bo‘yicha imtiyoz beriladigan darajadagi Milliy sertifikatga ega abituriyent davlat OTMga kirishda matematika fani bo‘yicha testdan ozod qilinadi. 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab Ixtisoslashtirilgan maktablarning matematika fani bo‘yicha o‘qituvchilari tegishli darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lishlari majburiy hisoblanadi.
Toshkent shahrida G‘alaba bog‘ining qurilishi nihoyasiga yetdi. Oldinroq prezident Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan ushbu bog‘ni barpo etish bo‘yicha tashabbus bilan chiqqan edi.
Prezident qaroriga binoan, O‘zbekistonda matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish maqsadida har bir tumanda matematikaga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi. Matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi. Shuningdek, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilib, uning sovrindorlariga 50 ming dollar beriladi.
“Hozircha niqobni yechish mumkin emas. Biz ushbu sharoitlarda ishlash va yashashni o‘rganishimiz kerak”. Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyodagi pandemiya rivojini hisobga olgan holda karantin qoidalariga to‘liq rioya etilishi zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, karantin choralari sharoitida yashash va ishlashni o‘rganish zarur.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting